Namangan viloyati hokimining Mingbuloqdagi sayyor qabulida yuzga yaqin muammoli masalalar koʻrib chiqildi
Viloyat rahbari navbatdagi sayyor qabulini Mingbuloq tumanidagi Dovduq sanoat va transport kasb-hunar kolleji binosida oʻtkazdi. Unda 70 dan ziyod murojaatchining yuzga yaqin masalalari koʻrib chiqildi. Bandlik, tadbirkorlik, uy-joy, moddiy yordam, kommunal xizmat, tibbiy xizmatlar masalalaridagi murojaatlarning asosiy qismi joyida hal etildi. Qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻrganilishi lozim boʻlganlari tegishli tashkilot va idoralarga yuborilib, nazoratga olindi.
Qabul jarayonida odamlar endilikda shaxsiy manfaatlarni koʻzda tutgan muammolardan koʻra koʻproq koʻpchilik manfaatiga xizmat qiladigan ijtimoiy ruhdagi masalalarga eʼtibor qaratayotgani kuzatildi. Masalan, viloyat rahbariga sport va taʼlim sohasida yoshlarga imkoniyat yaratish boʻyicha qator murojaatlar boʻlganligi, uni nuroniy otaxonlarimiz oʻrtaga tashlashgani buning dalilidir. Xususan, dovduqlik 70 yoshli Nurmamat ota Shermatov mahalladagi futbol maydonini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish boʻyicha yordam soʻradi.
- Ushbu oʻyingoh bir paytlar juda koʻrkam holatda edi. Lekin oxirgi paytlarda unga yondosh aholi tomonidan maydonning kirish darvozasi toʻsib qoʻyilganidan soʻng undan foydalanish deyarli toʻxtab qoldi. Qishloqda, mahallamizda yoshlar koʻp. Ular uchun oʻyingohni taʼmirlab berilmasa boʻlmaydi. Bu yerga darvoza oʻrnatib, yordamchi bino qurilsa hammasi joyiga tushadi, - dedi otaxon oʻz murojaatida.
Xayrullo Bozorovning tegishli tashkilotlarga topshiriq berishi natijasida masala ijobiy hal boʻldi. Moliya hamda jismoniy tarbiya va sport boshqarmalarining tezkor guruhi Nurmamat ota bilan joyning oʻziga borib, vaziyatni oʻrgandilar. Oʻyingohni taʼmirlash, darvoza va yordamchi bino qurishga qaror qilindi. Shuningdek, oʻyingoh yaqinidagi yoʻl yoniga piyodalar yoʻlakchasini barpo etish kelishildi..
Chust tumanidagi kichik sanoat zonasida faoliyat boshlagan “Musaffo qurilish sanoat” MCHJ bu hududda zamonaviy tikuv sexi va paypoq ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirishni maqsad qilgan. Uning rahbari Sherzod Karimov 1 milliard soʻm miqdorida kredit mablagʻi ajratilishida amaliy yordam soʻradi. Tadbirkor kredit olish uchun garovga yetarli inshooti borligini maʼlum qildi. Unga kredit ajratilishida Infinbank viloyat filiali tomonidan tezkor yordam koʻrsatiladigan boʻldi.
Yangiqoʻrgʻon tumani Qandiyon qishlogʻi hududida 37 gektar maydonda yongʻoqzor barpo etishni boshlagan fermer Xasanboy Gʻapporovning xoʻjaligi hujjatlarini rasmiylashtirish borasidagi murojaati ham viloyat yer resurslari tashkiloti tomonidan oʻrganib chiqilib, hal etiladigan boʻldi.
Pop tumani Chodak qishlogʻidan kelgan va Ibn Sino davlat oʻrmon xoʻjaligida ijaraga yer olib, ziravorlar yetishtirayotgan dehqon xoʻjaligi rahbari Asila Ergasheva foydalanayotgan yeri tadbirkorga berib yuborilganidan arz qildi. Hokim topshirigʻi bilan ayni masala boʻyicha ham tezkor chora koʻriladi.
Namangan shahri Boburshoh koʻchasida istiqomat qiluvchi Jamila Moʻminova ijtimoiy yordamga muhtojligi bois, kommunal toʻlovlardan vujudga kelgan 5,5 mln. soʻmlik qarzlari homiylik asosida toʻlab beriladigan boʻldi. Xuddi shunday koʻmakka muhtoj Aqida Oxunovaga ham homiylik vositasida kerakli jihozlar va moddiy yordam koʻrsatiladi.
Gurtepa qishlogʻidan kelgan Oʻrolvoy hoji ota Joʻrayev qabuldan boshi osmonga yetgan holda qaytdi.
- Uchta mahalla uchun bir emas, uch masalada yordam oldik,-deydi otaxon. - Bundan besh-olti oy Oʻrtaqishloq va Qumqishloq oʻrtasidagi zakanga koʻprik qurilgandi. Bugun ana shu koʻprik va ungacha boʻlgan yoʻldagi 3 kilometrlik masofa shagʻallanadigan boʻldi. Shuningdek Oʻrtaqishloqda oqava suv muammosi 3 kilometrlik ariq qazish yoʻli bartaraf etilishi aytildi. Kamar qishlogʻining ichimlik suvi muammosi ham yechim topdi.
Mingbuloq tumanida mavjud muammolarni tezkor hal etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni ham alohida aytib oʻtish lozim. Qisqa davr ichida tuman hududidagi mahallalarda 9 kilometrdan ortiq yoʻllar shagʻallandi. Qolgandaryo hududidagi aholiga koʻmir va suyultirilgan gaz kerakli miqdorda yetkazib berildi. Hayitobod mahallasida 148 ta elektr simyogʻoch oʻrnatildi. 3,2 kilometr masofaga sim tortilib, ikkita transformator oʻrnatildi.
Shu kuni kechga tomon viloyat hokimi Bozorov Jomashoʻy shaharchasidagi Oybek mahallasida joylashgan ikki qavatli uylardagi sharoitlar bilan tanishdi va muammolarni oʻrgandi.
Mazkur binolarda yashovchilar bilan muloqot chogʻida gaz, suv, elektr taʼminoti va kanalizatsiya bilan bogʻliq muammolar, shuningdek uylarning tashqi fasadi hamda tomlarining nochor holatga kelib qolgani, obodonlashtirish holati tanqidiy muhokama qilindi.
Koʻplab xonadonlarning egalari viloyat hokimining kutilmagan tashrifidan avval biroz oʻzlarini yoʻqotganday boʻlishdi, keyin esa birma bir mavjud muammolar boʻyicha samimiy suhbat davom etdi.
Viloyatda bugungi kunda kapital taʼmirlanmagan atigi 31 ta koʻp qavatli uy qolganini, shundan katta qismi – 16 tasi Mingbuloq tumanida ekanini qayd etgan Xayrullo Bozorov, oʻrganish jarayonida ishtirok etgan viloyat va tuman mutasaddilariga barcha uylarda mavjud muammolarni hamda qilinishi lozim boʻlgan ishlarni birma-bir aniqlash yuzasidan koʻrsatma berdi.
-Avval qiladigan ishlarni tezkorlik bilan belgilab olishimiz kerak. Birinchi navbatda kommunal taʼminotni toʻla yoʻlga qoʻyishimiz lozim boʻladi. Binolarni taʼmirlash ishlari uy-joy mulkdorlarining shirkati hamda xonadon egalari bilan birgalikda hal etiladi,- dedi viloyat hokimi.
Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Poykentdan Oʻrta Osiyoda eng qadimiy sanalgan metall qurollar topildi
- Tilim “Man Siti” deb chiqqan yoxud bitta oʻzbek yigiti qanday qilib Yevropaning eng kuchli jamoalari orasida talash boʻldi (tahliliy maqola)
- 2024-yilda davlat byudjetiga qancha soliq tushumlari tushgan?
- Oʻzbekistonda nechta OTM bor va ularda oʻqiyotgan talabalarning soni qancha?
- Shaxmat oʻynab qancha topish mumkin? Nodirbek Abdusattorov 2024-yilda qancha pul ishlab olgani maʼlum boʻldi
- Davlat dasturi loyihasi muhokamasi: konseptual taklif va tavsiyalar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring