Namangan viloyati delegatsiyasi Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatiga tashrif buyurdi

15:36 18 Mart 2021 Siyosat
602 0

Har ikki viloyat oʻrtasidagi madaniy-iqtisodiy hamkorlik aloqalari doirasida qoʻshni respublikaga yoʻl olgan namanganliklar vakillari Jalolobod viloyatida boʻlib turibdi. Tashrif avvalida delegatsiya aʼzolarini viloyat gubernatori Absattar Sirgʻaboyev qabul qildi.Oʻzaro muloqot chogʻida hududlar oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha fikrlar almashildi. Mehmonlar gubernatorga Namangan viloyati hokimining esdalik sovgʻalarini topshirishdi.

Shundan soʻng qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun taklif etilayotgan korxona va tashkilotlar bilan tanishishga kirishgan hamyurtlarimiz dastlab «Kelechek» aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan qiziqdilar. Mazkur korxonada ishlab chiqarilayotgan mineral suvlar ayni kunda Xitoy, Rossiya va Qozogʻiston davlatlariga eksport qilinayotgani bilan eʼtiborga molik. Korxona rahbari «Kelechek»ning shifobaxshligi Namanganning “Chortoq” mineral suviga oʻxshashligini aytib oʻtdi.

Delegatsiya aʼzolari «Tash-Kurulush» MCHJ faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Korxona travertin ishlab chiqarishga moʻljallangan, mahsulotlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham eksport qilinadi.

Keyingi manzil — “Jalolobod” sihatgohi faoliyati mehmonlarga manzur boʻldi. Umumiy maydoni 39 gektarni tashkil etadigan mazkur salomatlik va hordiq maskani bir vaqtning oʻzida 308 kishini davolash quvvatiga ega boʻlib, mamlakatda yuqori nufuzga ega.

Namangan delegatsiyasining Jalolobodga safari davom etmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?