Namangan maftunkor bayramga tayyorlanmoqda

14:53 09 May 2022 Jamiyat
1833 0

Foto: Халқ сўзи

Tabiatning moʻjizasi boʻlgan gulu chechaklar hech bir kishini beeʼtibor qoldirmaydi. Ayol latofati, obod goʻshalar, xullas, goʻzallikning neki nafis manzarasi bor, barini beixtiyor gullarga mengzaymiz. Hatto gul bayramlari oʻtkazilishi ham bejiz emas.

Oʻtgan asrning 61 yilida Namangan shahrida ilk bor nishonlangan va anʼana tusini olgan maftunkor bayram sharofati bilan bu goʻsha bora-bora “Gullar shahri” deya eʼtirof etila boshlandi.

Toʻgʻri, bayramlarimiz serob. Biroq gul saylining tarovati boshqacha. Bunday anjuman yurtimizning ayrim viloyatlarda ham tashkil qilindi. Lekin, gul ishqibozlari haqli ravishda taʼkidlaganidek, ularning hech biri Namangandagiga oʻxshamaydi.

Namangan shahri markazidagi madaniyat va istirohat bogʻi, mana oltmish bir yildirki, gul sayliga munosib maskan boʻlib kelmoqda. Koʻpchilik orziqib kutadigan bayram nafaqat gullar koʻrgazmasi, balki bogʻning chor tarafida namoyish etiladigan kuy-qoʻshiq va raqslar, dor oʻyinlari, askiya payrovi, sportchilarning chiqishlari va boshqa milliy tomoshalar bilan chinakam xalqchil tus oladi. Odamlar oilalari bilan choyxonalardagi soʻrilarni egallab, xushtaʼm palovni tanovul qilishgani, koʻngilochar tadbirlardan huzur topgani, bayram shukuhidan zavq olgani oshiqadilar.

Nafosatga yoʻgʻrilgan betakror sayl bundan uch yil muqaddam xalqaro festival maqomini olgani Namangan gulchilarini yangidan-yangi izlanishlarga chorladi. Avvaliga qoʻshni respublikalarga mezbon boʻlgan shahardagi gul bayramiga endilikda uzoq xorij davlatlari sayyohlari ham katta qiziqish bildirayotgani diqqatga molik.

Namangan gullar festivalining joriy yilgi tadbirlariga ham astoydil tayyorlanmoqda. Anjuman 22-maydan 5-iyunga qadar davom etadi. Taraddud, ayniqsa, asosiy tadbirlarga mezbonlik qiladigan Z. M. Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida avj olgan. Bu yerda bayram kunlari yuzga yaqin tashkilot, muassasa va korxona, 150 dan ziyod florist tadbirkorlar hamda 300 dan ortiq havaskor gulchilar oʻz koʻrgazmalarini namoyish etadilar. Polsha, Janubiy Koreya va Hindistondan ham gulchilar taklif qilingan.

— Bultur oʻn kun davom etgan festivalda bir millionga yaqin kishi bayram shukuhidan bahramand boʻlgan edi, — deydi Namangan viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Nuriddinov. — Mehmonlar oqimini hisobga olib, bu yil anjuman tadbirlarini ikki haftaga moʻljalladik. Dastlabki hisob-kitobga koʻra, ular soni ikki millionga yetishi kutilmoqda. Albatta, tadorik ham shunga yarasha. Viloyat markazining oʻzida 25 ta mehmonxona xizmatga shay. Bundan tashqari shaharga yondosh tumanlarda ham oilaviy mehmon uylari tayyorlab qoʻyildi.

Odatdagiday anjuman ochilishida tashkil etiladigan gullar avtoparadi “Namangan Flowers – 2022» festivalining eng yorqin qismi boʻlishi shubhasiz. Unda rang-barang gullar hamda Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻi bilan bezatilgan transport vositalari karvoni shaharning markaziy koʻchalari boʻylab yoʻlga chiqadi. Bayram dasturidan shahardagi Adiblar xiyobonida gul savdolarini uyushtirish, «Uch favvora» xiyobonida yoshlar uchun madaniy tadbirlar, istirohat bogʻida milliy oʻyinlardan iborat tomoshalar va sportchilarning chiqishlari oʻrin olgan. “Afsonalar vodiysi” tematik istirohat parkida yoshlar uchun konsert dasturlari namoyish etiladi. Namangan davlat universitetida gulchilik rivojiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilinadi. Viloyat madaniy meros va turizm boshqarmasi festival mehmonlariga tanishtirish uchun Axsikent ochiq osmon ostidagi muzeyi, Mavlono Lutfulloh bogʻi, Sulton Uvays Qaroniy majmuasi singari oʻndan ortiq tarixiy madaniy yodgorliklarni oʻz ichiga olgan sayyohlik marshrutlarini belgilab qoʻydi.

Aytish mumkinki, gullar shahri hozirdanoq bayramona qiyofa kasb etgan. Koʻngillarga oʻzgacha tuygʻu olib kiradigan manzaralar koʻlamini Bobur bogʻiga oʻtqazilayotgan 10 million, shaharning koʻcha va xiyobonlarini bezaydigan yana 10 million tup gulu chechaklar salmogʻidan ham bilib olsa boʻladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?