Namangan Davlat universitetida tibbiyot fakulteti ochildi

20:28 06 Sentyabr 2021 Jamiyat
500 0

Namanganlik yoshlar endilikda tibbiy soha boʻyicha oliy maʼlumotni oʻz viloyatlarida oladigan boʻldilar. Bu imkoniyat Namangan Davlat universitetida tibbiyot fakulteti ochilishi bilan yuzaga keldi. Maʼlumki, Davlatimiz rahbarining joriy yil 18-19-fevral kunlari Namanganga tashrifi chogʻida bu yerda Tibbiyot fakultetini tashkil etish topshirigʻi berilgandi. NamDUda ayni topshiriq ijrosi yuzasidan katta ishlar amalga oshirilib, fakultet uchun alohida bino, maʼruza, amaliy va laboratoriya mashgʻulotlari uchun zamonaviy jihozlangan xonalar, adabiyotlar tayyorlanib, oʻquv meʼyoriy hujjatlar, yangi oʻquv yili yuklamalari shakllantirildi. Oʻquv jarayonini sifatli tashkil etish maqsadida oliygoh Axborot resurs markazi 3000 ta oʻzbek, rus va ingliz tillaridagi tibbiyotga oid elektron adabiyotlar bilan toʻldirildi. Elektron adabiyotlar asosida maxsus telegram kanal tashkil etilib, barcha oʻquv dasturlari joylandi. Professor-oʻqituvchilar tarkibini shakllantirish maqsadida Andijon davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Bugun yangi tashkil etilgan fakultetda ham oʻquv yili tantanali ravishda boshlandi. Bu yerda 2021-2022 oʻquv yili uchun bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha davolash ishi va pediatriya ishi yoʻnalishlariga 25 tadan jami 50 ta oʻrin ajratilgan boʻlib, imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan yoshlar talabalikka qabul qilindi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?