Namangan 40 kunlik gul sayliga tayyorlanmoqda

11:40 14 May 2024 Jamiyat
349 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qudratilla NAJMIDDINOV/«Xalq soʻzi». Namangan viloyati ahli har yili bahorda takrorlanadigan goʻzallik va nafosat bayramini intiqlik bilan kutadi. Boisi, bundan oltmish uch yil avval Namangan shahrida oʻtkazilgan moʻjazgina koʻrgazmadan boshlangan gul sayli uning ishtirokchisi boʻlgan tabiatsevar insonlarning farzandlari gʻayrati bilan chuqur ildiz otdi va namanganliklarning chinakam qadriyatlaridan biriga aylandi.

Oradan oʻtgan vaqt ichida oddiy havaskorlikdan boshlangan ishtiyoq joylarda gulkorlik sanʼati darajasiga koʻtarildi. Viloyat markazida istiqomat qiluvchi Moʻminovlar sulolasi shugʻullanib kelgan kaktuschilik bunga misol. Ushbu oʻsimlikning 100 dan ortiq turi parvarishlanadigan xonadonda ilk bayramda koʻrgazmaga qoʻyilgan kaktus hamon yashnab turibdi. Uychi tumani Yorkatay qishlogʻida yashovchi Karimovlar avlodining gulchilikdagi tajribasi ham butun Oʻzbekistonga namuna. Umuman olganda, bugungi kunda nafaqat Namangan shahri, balki, tuman markazlari, qishloqlarda ham bu kasb ommalashib, u bilan professional shugʻullanayotgan xonadonlar soni mingdan ortib ketdi.

— Gulchilik bizga bobomiz Abdukarim Qosimovdan qolgan, — deydi oltmish uch yoshli Halima Karimova. — U kishining hunarini otamiz Abdurahim Karimov bizga ham oʻrgatdilar va bir gektarlik plantatsiyada toʻqqiz qiz uchun alohida gulzorlar yaratib berdilar. Ular opa-singillarning daromadli biznes manbaiga aylangan. Masalan, men oʻzim sakkiz sotixli issiqxona va ochiq maydonda yiliga ellik ming tupdan ziyod gul, manzarali buta va sitrus oʻsimliklarni parvarishlayman. Ular orasida har tupi toʻrt million soʻm atrofida sotiladigan palma koʻchatlarigacha bor. Eʼtiborli tomoni shundaki, hozirgacha nishonlangan gul bayramlarining birortasi sulolamiz vakillari ishtirokisiz oʻtmagan.

Фото: "Халқ сўзи"

Aytish kerakki, ham hunar, ham nafis sanʼat hisoblangan ushbu sohaning jadal rivoji keyingi yillarda uni sanoatlashtirish, biznesning daromadli tarmoqlaridan biriga aylantirish sari yoʻl ochdi. Xususan, Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan 2019-yilda Namangan shahrida gulchilar assotsiatsiyasi tashkil etilib, uning negizida ilmiy-amaliy markazning ishga tushirilishi, ushbu yoʻnalishdagi mohir hunarmandlarni birlashtirish va tajribasini ommalashtirishda oʻziga xos maktab vazifasini oʻtay boshladi. Davlatobod tumanida ajratilgan 16 gektarlik plantatsiyada 25 sotixdan oʻz maydoniga ega boʻlgan 52 nafar usta gulchi tomonidan noyob navlarni mahalliy iqlimga moslashtirish orqali koʻpaytirish ishlari jadal olib borilmoqda. Yaqin vaqtga qadar viloyatga gul urugʻlari asosan Gollandiya, Germaniya va boshqa davlatlardan keltirilib, koʻpaytirilgan boʻlsa izlanish va tadqiqotlar natijasida bugunga kelib 40 foizdan koʻprogʻini markaz plantatsiyalarida yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Bu oʻz navbatida sohada eksport amaliyotlari imkoniyatini ham yuzaga keltirdi. Chunonchi, har yili sotuvga chiqarilayotgan 360 milliard soʻmlikdan ziyod koʻchat va guldastalarning 30 foizga yaqini qoʻshni respublikalar va Rossiya davlatiga yetkazib berilmoqda.

— Joriy yilda oʻtkaziladigan oltmish uchinchi xalqaro festivalda anjuman maskanlari, shaharning koʻcha va xiyobonlari 65 turda 45 million tupdan koʻproq gul koʻchatlari bilan bezanadi, — deydi assotsiatsiya rahbari Obidxon Qodirov. — Ularning asosiy qismini Davlatobodagi plantatsiyamiz orqali yetkazib berilmoqda. Ayni paytda birgina Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻining oʻzida besh mingga yaqin kishi koʻchatlarni oʻtqazish va koʻrgazmalar yaratish bilan band. Umuman olganda, anjuman kunlari yaqinlashgani sari butun shahar rango-rang gul va chechaklardan tobora koʻproq orolanmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

Maʼlumotlarga qaraganda, oʻtgan yili bir oy davom etgan festival tadbirlarini tomosha qilish uchun 4 milliondan ziyod kishi tashrif buyurgan edi. Ularning 80 ming nafardan koʻprogʻini xorijiy sayyohlar tashkil etgan. Tashkilotchilar bu galgi anjumanni qirq kunga moʻljallagan boʻlib, mehmonlarga zavqli damlarni hadya etadigan dasturlar mazmuni ham shunga yarasha. Shakllangan anʼanadan kelib chiqib, anjumanga 19-may kuni 200 ta avtomobil, 200 ta velosiped, 20 ta motoralli va elektromobildan iborat avtoparad bilan start beriladi. Shundan soʻng Bobur bogʻi, «Afsonalar vodiysi» tematik parkida olti haftadan koʻproq davom etadigan turfa xil koʻrgazmalar, madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar tadbirlar, ilmiy konferensiyalarning har biri anjuman mehmonlariga olam-olam taassurotlarni taqdim etishi shubhasiz.

— Festivalning ochilish va yopilish tantanali marosimlari «Yangi Oʻzbekiston» bogʻida boʻlib oʻtadi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Botir Nuriddinov. — Shu bilan oʻz mavsumini boshlaydigan ushbu maskanda ham qurilish, yashil hududlar yaratish va manzarali daraxt hamda gul koʻchatlarini oʻtqazish ishlari poyoniga yetkazilmoqda.

Yurt obodligi, tinchlik, yaratuvchilik va goʻzallik ramzi boʻlgan gullar festivali dunyoga ovoza boʻlib, Namanganning chinakam tashrif qogʻoziga aylangani endilikda millionlar tomonidan eʼtirof qilinmoqda. Uning navbatdagi keng koʻlamli dasturi, betakror sayru tomoshalar ham anjuman mazmun mundarijasini yanada boyitadi, albatta.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер