Nagoya shahrida birinchi “Oʻzbekiston—Yaponiya savdo uyi” ochildi

13:08 22 Aprel 2024 Jamiyat
283 0

Yaponiyaning Nagoya shahrida “Oʻzbekiston—Yaponiya savdo uyi”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tantanali ochilish marosimida Nagoya shahri meriyasi rahbariyati, Aichi prefekturasi kengashi deputatlari, yetakchi ishbilarmon doira vakillari va ushbu prefekturada istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Nagoya shahri meriyasining Iqtisodiyot, sanoat va transport boshqarmasi boshligʻi Masatoshi Xiguchi soʻzga chiqib, “Oʻzbekiston—Yaponiya savdo uyi”ning tashkil etilishi soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi keng qamrovli hamkorlik aloqalari jadal surʼatlarda rivojlanib borayotganidan dalolat ekanligini maʼlum qildi. U, shuningdek, mazkur savdo uyi orqali Yaponiyada oʻzbek milliy mahsulotlariga boʻlgan qiziqish yanada ortishi, mamlakatimizdan turli xil mahsulotlar eksporti koʻpayishiga umid bildirdi.

Elchi Muhsinxoʻja Abdurahmonov oʻz nutqida, soʻnggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan ikki davlat oʻrtasidagi savdo aloqalari haqida maʼlumot berdi.

Ishtirokchilar yurtboshimiz boshchiligida mahalliy eksportchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, eksportni ragʻbatlantirish, eksport bozorini diversifikatsiya qilish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar bilan tanishdilar.

Oʻzbekistonning Nagoyadagi faxriy konsuli Xiroyuki Ito oʻz maʼruzasida, soʻnggi yillarda yapon kompaniyalari orasida mamlakatimizdan oziq-ovqat, toʻqimachilik, hunarmandchilik va kulolchilik mahsulotlarini import qilishga qiziqish tobora ortib borayotganini taʼkidladi. Nagoya shahrida tashkil etilgan “Oʻzbekiston—Yaponiya savdo uyi” Yaponiyada oʻzbek mahalliy mahsulotlarini keng targʻib qilish, yangi eksport shartnomalarini imzolashda koʻmaklashish, yangi logistika yoʻnalishlarini ishlab chiqishda muhim oʻrin tutishi maʼlum qilindi.

Hozirgi kunda ushbu savdo uyida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat, hunarmandchilik, kulolchilik, kasanachilik, toʻqimachilik mahsulotlarining ulgurji va chakana savdolari amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, mamlakatimiz elchixonasining bevosita koʻmagida ushbu savdo uyida sotiladigan mahsulotlar turlarini koʻpaytirish, shuningdek, qovun va uzum eksportini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston—Yaponiya savdo uyi”da tashkil qilingan shou-rumda mahalliy mahsulotlar taqdimotini amalga oshirish masalalari ishlab chiqilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер