“Nafosat” festivali davom ettiriladi

16:53 12 Yanvar 2021 Madaniyat
307 0

Bugun, 12-yanvar kuni “Nafosat” festivali doirasida yosh dizaynerlar va soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.

Aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kiyinish madaniyati targʻibotini tashkil etishga qaratilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-oʻqituvchilari, soha mutaxassislari va yosh dizaynerlar soʻzga chiqdi.

Tadbirda yetakchi oʻzbek brendlari, kiyinish madaniyatini milliy qadriyatlarimiz asosida targʻib etish, zamonaviy diplomat ayol boʻlishda intellektual salohiyat va yuksak maʼnaviy qiyofaning muhimligi borasida maʼruzalar qilinib, zamonaviy modaning mentalitetimizga mos yangiliklaridan foydalanish, ularni milliy uslubimizga moslashtirish, ishbilarmon ayol imiji boʻyicha fikrlar bildirildi.

Taʼkidlanganidek, kiyinish madaniyati inson maʼnaviyatining oʻziga xos koʻzgusi boʻlib, koʻp jihatdan shaxsning feʼl atvori, dunyoqarashi va qadriyatlaridan dalolat beradi. Shu jihatdan xalqimizga mos uslub barcha zamonlarda ham millatimizga xos orastalik, kamtarlik va goʻzallikka intilish kabi fazilatlarni namoyon etib kelgan.Ushbu xususiyatlar, ayniqsa, katta dolzarblik kasb etayotir.

2020-yil 20-noyabridan 20-dekabrigacha bir oy davomida Buxoro, Fargʻona, Namangan viloyatlarida “Nafosat” festivali oʻtkazildi. Unda Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlaridan soha mutaxassislari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi va davra suhbatlari, koʻrik-tanlovlar va boshqa ommaviy tadbirlar tashkil etildi.

Qayd etish joizki, Festival doirasidagi tadbirlar Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida davom ettiriladi.

Mazkur tadbirlarda soha mutaxassislari tomonidan tayyorlangan liboslar koʻrgazmasi, turli tanlovlar oʻtkazish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?