Muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik modeli — rivojlanishning muhim kafolati

19:42 23 Sentyabr 2022 Jamiyat
397 0

Taraqqiyotning bugungi bosqichi murakkab ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy jarayonlarga boyligi bilan xarakterlanadi. Bunday sharoitda davlatlarning yagona maqsad va manfaatlar yoʻlida birlashuvi, birdamlikda harakat qilishi nihoyatda dolzarb.

Shu bois ham soʻnggi yillarda Oʻzbekiston dunyo miqyosida keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻlidan dadil odimlamoqda. Bu borada Prezidentimizning vatanimiz va xalqimiz manfaatlarini koʻzlagan holda yuritayotgan oqilona tashqi siyosati muhim ahamiyat kasb etayotir.

Yangi Oʻzbekistonning boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar singari Shanxay hamkorlik tashkilotidagi oʻrni va nufuzi tobora ortib borayotgani ham barchaga ayon. Buni soʻnggi olti yilda SHHT nufuzli sammitlariga mamlakatimizning uch marta muvaffaqiyatli mezbonlik qilgani misolida koʻrish mumkin.

Samarqand sammiti arafasida davlatimiz rahbarining bu anjumanni oʻtkazishning ahamiyati, Oʻzbekiston tashkilotga raislik davrida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlar, SHHTni istiqbolda keng miqyosda rivojlantirish uchun eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan jihatlar, bugungi xavf-xatarlarga qarshi birgalikda harakat qilish zarur ekanligini oʻzida ifoda etuvchi “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli tarixiy maqolasi dunyo davlatlarining koʻplab nufuzli nashrlarda eʼlon qilindi.

Shu oʻrinda, tabiiy savol tugʻilishi, shubhasiz. Xoʻsh, mazkur maqolani eʼlon qilishdan koʻzlangan maqsad nima edi?!

Ushbu savolga javob berganda, avvalo, maqolaning tarixiy va siyosiy ahamiyatiga eʼtibor qaratish oʻrinlidir. Maqolaning tarixiy ahamiyati haqida soʻz borganda, u pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanish davrining nozik vaqtida, yaʼni xalqaro iqtisodiy hamkorlik zamonning yangi talablari asosida qaytadan shakllantirilayotgan pallada eʼlon qilinganligini aytish zarur.

Siyosiy ahamiyati shundaki, maqolada sammitning oldingilaridan farqli jihatlariga urgʻu berilgani holda, SHHT dunyoning siyosiy jihatdan birlashgan, yakdil maqsadlar sari birgalikda odimlaydigan tashkilot ekani, istiqbolda uning kelajagi porloq boʻlishi barcha aʼzo davlatlarning birgalikdagi saʼy-harakatlariga bogʻliqligi va bu jarayon muqaddas zamin — afsonaviy Samarqandda yana bir bor eʼtirof etilishiga eʼtibor qaratilganligi bilan xarakterlanadi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari oʻz maqolasida ushbu sammit nega aynan Samarqand shahrida oʻtkazilayotganligiga ham eʼtibor qaratgan holda quyidagi tarixiy faktlarni keltirib oʻtganligini aytish joiz.

Avvalo, Samarqand shahri Buyuk Ipak yoʻli markazida joylashgan boʻlib, u bejiz “sivilizatsiyalar beshigi” deb atalmaydi. Shu maʼnoda, mintaqa va dunyoda savdo-sotiq, madaniy va maʼrifiy hamkorlik hamda diplomatik muloqotlar rivojida bu shahar haqiqatdan ham “beshik” boʻlishi, shubhasiz.

Qolaversa, Yer shari toʻrt qutbini bir yerda tutashtirgan Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit, boʻlinmas boʻlib koʻrinadi.

Shuningdek, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval yangi tashkilotni yaratishga turtki bergan “Shanxay ruhi”ga uygʻunligi bilan diqqatga sazovor.

Tarixiy voqealarga boy anjuman

Samarqand sammiti globallashuv davrida nafaqat aʼzo mamlakatlar, balki dunyo miqyosida xalqaro hamkorlikning yangi konsolidatsiyasi boʻldi, desak, mubolagʻa emas.

Ushbu sammit oldingilaridan quyidagi jihatlari bilan farq qildi:

— oldingilaridan farqli ravishda 14 ta davlat rahbari ishtirok etdi;

— BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish boʻyicha oʻrinbosari Rozmari DiKarloni qatnashdi;

— sammit doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin hamda Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy yurtimizga davlat va rasmiy tashrif bilan keldi.

— SHHT taraqqiyotiga xizmat qiluvchi aniq maqsad va manfaatlarni oʻzida mujassam etgan 44 ta tarixiy hujjat imzolandi;

— Prezidentimizning sammitda ishtirok etgan barcha davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari va muzokaralari tashkil etildi. Ularda yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi, koʻplab hujjatlar imzolandi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida oliy darajadagi tashrif doirasida 15 ta hujjat, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiya imzolandi;

— uchrashuvlar unutilmas lahzalarga boy boʻldi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun Rossiyaning Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlandi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Oʻzbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti — “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni tantanali ravishda topshirildi;

— sammitda Eron Islom Respublikasining tashkilotga toʻlaqonli aʼzo sifatidagi majburiyatlari toʻgʻrisidagi hamda Misr Arab Respublikasi va Qatar davlatiga muloqot boʻyicha sheriklar maqomini berish toʻgʻrisidagi memorandumlar imzolandi;

— Belarus Respublikasiga SHHTning toʻlaqonli aʼzosi, Bahrayn Podshohligi, Kuvayt davlati, Maldiv Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanma Ittifoqi Respublikasiga — muloqot boʻyicha sheriklar maqomini berish boʻyicha protseduralarni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi;

— “SHHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi.

Yangi Oʻzbekistonning yangi tashabbuslari

Davlatimiz rahbari tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining majlisidagi nutqida 20 dan ortiq muhim tashabbusni ilgari surdi.

Ular quyidagilardan iborat:

— SHHTning bloklarga qoʻshilmaslik maqomini va uning ochiqligini saqlab qolish;

“Shanxay ruhi” tamoyillari asosida birdamlik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash;

— tashkilotni 2040-yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlash ishlarini boshlash;

Oʻzbekistonda SHHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini oʻtkazish;

— aʼzo mamlakatlar maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish;

— har yili tuzilma yirik savdo yarmarkasini oʻtkazishni, uning asosida yagona elektron platformani yaratish;

— oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish;

Toshkent shahrida Mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlik markazini ochish;

Iqlim kengashini tuzish;

yoshlar ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yoʻl qoʻymaslik, turli nosogʻlom mafkuralarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlar qabul qilish;

— kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga oid qoʻshma platforma yaratish;

— 2023-yilni “SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilish.

Shuningdek, yana qator tashabbuslar ilgari surildiki, ularning barchasi nafaqat Shanxay hamkorlik tashkiloti yoki uning makonidagi davlatlar, balki butun dunyo rivojiga yoʻnaltirilganligi bilan muhim ahamiyatga ega.

Samarqand deklaratsiyasi va milliy parlamentimiz

Sir emas, Samarqand sammitida qabul qilingan hujjatlar ijrosini taʼminlash parlament, deputatlar va senatorlardan katta masʼuliyat talab etadi.

Birinchi oʻrinda SHHT aʼzo davlatlari parlamentlararo aloqalarini yoʻlga qoʻyish mexanizmini ishlab chiqish lozim. Oliy Majlis palatalari va SHHTga aʼzo davlatlar parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini yanada faollashtirish ham maqsadga muvofiqdir.

Shu bilan birga, Samarqand deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarning, shu jumladan, SHHTga aʼzo davlatlarning oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish va samarali transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha konsepsiyasi, oʻzaro hisob-kitoblarida milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”, iqlim oʻzgarishiga nisbatan javob harakatlari, ishonchli, barqaror va diversifikatsiyalashgan yetkazib berish zanjirlarini, global oziq-ovqat xavfsizligini, energetik xavfsizlikni taʼminlash toʻgʻrisidagi bayonotlar asosida amaldagi qonunlarga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlash zarur.

SHHT mamlakatlarining vakolatli organlari oʻrtasida oʻsimliklar karantini, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, sunʼiy intellektni rivojlantirish yoʻnalishlaridagi hamkorlik dasturlari hamda telemeditsina sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asosini takomillashtirish ham kun tartibida turibdi.

Oʻz navbatida, SHHTga aʼzo davlatlar parlamentlari oʻrtasida norma ijodkorligi, huquqiy yordam, aholining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik normalarini hisobga olgan holda huquqiy axborot almashish uchun onlayn-platforma yaratish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirish ayni zaruratdir.

“Aqliy markaz”lar faol boʻlishi lozim

Sammitda qabul qilingan 44 ta hujjat hamda davlat rahbarlarining oʻzaro uchrashuvlari va muzokaralarida kelishilgan ishlar va vazifalarni roʻyobga chiqarishda “aqliy markazlar”ning oʻrni qanday boʻlishi kerak?

Maʼlumki, bugun Oʻzbekistonda 20 ga yaqin turli soha va yoʻnalishlarda “aqliy markaz”lar faoliyat olib bormoqda. Ular orasida Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining alohida oʻrni bor, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Ushbu institut tomonidan SHHTning Samarqand sammiti natijalariga erishish maqsadida quyidagi ishlarni amalga oshirish talab etiladi:

Oliy Majlis palatalariga ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan eng yaqin koʻmakchi boʻlish;

— SHHTga aʼzo davlatlar parlamentlari haqida maʼlumotlarni qamrab olgan ilmiy-amaliy toʻplamni tayyorlash va parlamentariylarga yetkazish;

sammitda muhokama qilingan muhim sohalarga taalluqli qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshirish;

Prezidentimizning SHHT Davlat rahbarlari kengashining majlisidagi nutqida ilgari surilgan muhim masalalardan kelib chiqqan holda, tegishli tadqiqotlar oʻtkazish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha SHHT doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ilmiy takliflarni ishlab chiqish, turizmga doir milliy qonunchilikni xalqaro talablar asosida inventarizatsiyadan oʻtkazish, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlash boʻyicha oʻrta muddatga moʻljallangan qoʻshma fundamental ilmiy-amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish hamda sammit natijalarining yurtimiz va xalqimiz taqdiri uchun ahamiyatga ega boʻlgan muhim jihatlari, unda ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning mazmun-mohiyati haqida keng jamoatchilik ishtirokida targʻibot tadbirlarini tashkil etish singari vazifalar reja qilib olinmoqda.

Umuman, Samarqand sammiti tarixiy hujjatlar va kelishuvlarga boy boʻldi. Endigi vazifa ularda koʻzda tutilgan tadbirlarni izchillik bilan roʻyobga chiqarishdan iboratdir. Bu esa parlament vakillari, ilmiy markazlar xodimlari, umuman, butun jamoatchilikdan katta masʼuliyat talab etadi.

Malika QODIRXONOVA,

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi,

Foziljon OTAXONOV,

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori,

yuridik fanlar doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?