Mutaxassislar xulosasi: «Kentavr» koronavirusning avvalgi mutatsiyalariga nisbatan kamida 16 foiz yuqumliroq

12:32 29 Iyul 2022 Dunyo
810 0

Foto: Illustrativ foto

Shu kunlarda dunyoda pandemiyaning navbatdagi toʻlqini avj olgan. Bunga koronavirusning yangi mutatsiyalari keng tarqalishi sabab qilib koʻrsatilmoqda.

Ammo kasallanish koʻrsatkichlari hademay yanada oshishi mumkin. Chunki «omikron» shtammining BA.2.75 subvarianti kelgusida dominant pozitsiyani egallashi kutilyapti.

Mutaxassislar COVID-19ning bu versiyasiga «kentavr» ham deb nom bergan. U ilk bor Hindistonda aniqlanganidan buyon qariyb ikki oy vaqt oʻtdi. Shu qisqa davrda virus AQSH, Germaniya, Kanada, Avstraliya, Niderlandiya, Daniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya kabi oʻnlab mamlakatlarga yoyilib ulgurdi.

Yaqinda esa ular safiga Rossiya ham qoʻshildi. Jami yetti nafar bemor «kentavr»ni yuqtirgani tasdiqlandi.

Olimlarning qayd etishicha, mazkur mutatsiya turi «omikron»ning avvalgi versiyalariga nisbatan kamida 16 foiz yuqumliroq. Qolaversa, koronavirusdan tuzalgan insonlarda hosil boʻladigan immunitetga ham “chap berib” oʻtishga qodir.

Biroz taskin beradigan jihati esa «kentavr»ni yuqtirgan bemorlarda xastalik nisbatan yengil kechmoqda. Shifoxonaga yotqizish holatlari juda kam.

BA.2.75 subvariantining belgilari «omikron»ning boshqa shtammlari alomatlaridan deyarli farq qilmaydi. Isitma, yoʻtal, burun bitishi, bosh va mushaklar ogʻrigʻi, holsizlik, kuchli terlash hamda limfa tugunlari yalligʻlanishi shular jumlasidan.

Bundan tashqari, bemorlarda diareya, koʻngil aynishi va qayt qilish kabi simptomlar ham kuzatilmoqda.

«Kentavr», avvalo, yuqori nafas yoʻllariga taʼsir qiladi. Shu sababli bu subvariantni yuqtirganlar orasida pnevmoniya, yaʼni oʻpka yalligʻlanishidan aziyat chekayotgan soni ancha kam. Qolaversa, infeksiyaga chalinganlarda avvalgidek hid bilish qobiliyati yoʻqolishi kuzatilgani yoʻq.

Shunga qaramay, mutaxassislar xavf guruhiga mansub aholi qatlami, xususan, yoshi katta insonlar, surunkali kasalliklarga chalinganlar jamoat joylarida ehtiyotkorlikni kuchaytirib, karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilishlari zarur, degan fikrda.

Eng asosiysi, koronavirusga qarshi vaksinalar bilan toʻliq va buster dozalarda emlanish muhim!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?