Mutaxassis: Ona suti bilan oziqlangan bolalarda raxit va kamqonlik deyarli kuzatilmaydi

23:04 21 Aprel 2023 Jamiyat
1265 0

Foto: Arxiv surat

Xabaringiz bor, shu kunlarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan yurtimiz boʻylab “Bolaning sogʻlom ovqatlanish haftaligi” oʻtkazilmoqda.

Fursatdan foydalanib, goʻdakning sogʻlom ulgʻayishida ona sutining ahamiyati, uning foydali jihatlari xususida mutaxassis tavsiyalarini keltirib oʻtamiz.

— Chaqaloqni koʻkrak suti bilan boqish erta yoshdagi bolalarda uchraydigan aksariyat kasalliklarning oldini olishda asosiy omillardan biri hisoblanadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim boshligʻi Dinara Doʻstmuhammedova.

— Emizikli goʻdaklar 6 oylik boʻlguncha ozuqaga boʻlgan ehtiyojni ona suti hisobiga qoplaydi. U bu yoshdagi bolalarning rivojlanishini taʼminlovchi eng yaxshi taom hisoblanadi.

Ona suti quyidagi xususiyatlarga ega:

— unga mikroblar tushish ehtimoli yoʻq;

— doimo yangi, harorati 36-37 darajada boʻlib, bola tanasi haroratiga yaqin;

— oshqozonga asta-sekin va oz-ozdan tushadi va kichkintoy tanasiga taomning tarkibiy qismi toʻla holda parchalanmay soʻriladi.

Bundan tashqari, ona sutida chaqaloqning dastlabki oylarida ayrim yuqumli kasalliklardan himoyalovchi, immun tanachalar hamda hazm jarayonini yaxshilovchi fermentlar mavjud.

Shu sababli bu bebaho neʼmat bilan ulgʻaygan bolalar har tomonlama yaxshi rivojlanadi. Raxit, kamqonlik kasalligi, oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi kabi xastaliklar deyarli kuzatilmaydi. Zotiljam bilan esa kamdan kam hollardagina ogʻriydilar.

Bola 6 oyga toʻlgach, oʻsayotgan tana ehtiyojlari ona suti tomonidan toʻlaqonli qoplanmaydi va belgilangan tartibda qoʻshimcha ovqatlantirishga toʻgʻri keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?