Musulmonlari idorasi DSQ oʻtkazayotgan yutuqli chek oʻyinlari halol ekanligini tasdiqladi

11:32 12 May 2021 Iqtisodiyot
1078 0

Onlayn-NKM va virtual kassaning QR-kodli cheklari yoki fiskal belgilari asosida DSQ tomonidan 2020-yilning iyul oyidan boshlab yutuqli chek oʻyinlari oʻtkazilib kelinmoqda.

Qonunchilikda, xususan dinimizda ham qatnashish uchun hech qanday moddiy xarajat talab etilmaydigan oʻyinlar qimor yoki tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar sifatida baholanmaydi.

Oʻyinning halol ekanligini Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ham rasman tasdiqladi, deya maʼlum qilmoqda qoʻmita axborot xizmati.

«Dinimizda ikki yoki undan koʻp tomon pul tikib, oqibatda yutuq birining foydasiga boʻladigan har bir holat qimordir. Demak, yutuqli oʻyinda badal toʻlab, keyin oʻynash joiz emas. Agar yutuq ishtirokchilardan toʻlov olinmasdan, tashkilotchilar tomonidan qoʻyilsa, bu oʻyin qimor hisoblanmaydi. Balki, oʻyin ishtirokchilariga tashkilotchilar tomonidan sovgʻa boʻladi.

Demak, bu oʻyinda Siz aytib oʻtganingizdek, ishtirok etish uchun lotoreya chiptalari sotib olinmasdan, xarid qilingan yoki xizmat uchun onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassasining QR-kodli chekini Soliq, Payme yoki Click mobil ilova dasturlari orqali skaner qilib yoki chekning 12 ta raqamli fiskal belgisini 1077 raqami orqali SMS tarzida yuborilsa va bu SMS xizmati uchun olinadigan mablagʻ ham yutuq xarajatlari uchun yoʻnaltirilmay, balki Moliya vazirligi tomonidan byudjet mablagʻlari hisobidan yutuq jamgʻarmasi shakllantirilsa, bu shariatda man qilingan qimor hisoblanmaydi» – deyiladi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining xatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?