Mustaqillik buyuk neʼmat va erkinlikdir

16:39 31 Avgust 2022 Jamiyat
1005 0

Oʻzbekiston oʻzining davlat mustaqilligini qoʻlga kiritganiga va mustaqil taraqqiyot yoʻliga oʻtganiga 31 yil toʻldi.

Inson baxtli boʻlishi uchun erkin boʻlishi, erkin boʻlishi uchun esa mustaqil boʻlishi kerak. Demak biz, eng avvalo, mustaqillikning mazmun-mohiyatini anglab olishimiz va yosh avlodga uning ahamiyatini yetkazishimiz zarur boʻladi.

Inson “mustaqillik” deganda oʻz taqdiriga oʻzi egalik qilish huquqi ekanligini anglashi va uni yanada mustahkamlashga intilishi zarurligini tushunish lozim. Shuning uchun ham har bir inson “mustaqillik” degan soʻzning tub maʼnosini tushunib yetishi, bu soʻzning buyuk neʼmat ekanligini anglashi va unda naqadar ulugʻ maʼno yotganligini anglashi ahamiyatlidir.

Mustaqillik, eng avvalo, inson huquq va erkinliklarining roʻyobga chiqishidir. Bu huquq va erkinliklardan samarali foydalana olish esa har bir insonning dunyoqarashi, isteʼdodi va qobiliyati bilan oʻlchanadi.

Inson Vatan tuygʻusi bilan yashashi, oʻzi tugʻilib oʻsgan ona yurtini sevishi va ardoqlashi, vatan mustaqilligini mustahkamlashda oʻz hissasini qoʻsha olishi eng oliy tuygʻu hisoblanadi.

1991-yilda davlat mustaqilligining eʼlon qilinishi oʻzbek xalqining qaddini rostladi. Vatanga boʻlgan qadr-qimmat va mehr-muhabbat ortdi, milliy qadriyatlarimiz, dinimiz, urf-odatlarimiz va bayramlarimiz yana xalqqa qaytarildi.

Mustaqillik yillarida koʻhna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va anʼanalarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bagʻrikenglik, hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuygʻusi yuragimizning tub-tubidan oʻrin oldi.

Mustaqillik el-yurtimiz uchun oʻz taqdirining haqiqiy egasi boʻlishi, qadr-qimmatini anglashi, munosib hayot kechirishi, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishi kabi imkoniyatlarni yaratdi.

Mustaqillik har bir insonning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarda isteʼdod va qobiliyatini toʻla namoyon etishi, huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarishining mustahkam zamini boʻlib qoldi. Bunda inson mana shu oddiy haqiqatni toʻgʻri tushunib, oʻz qalbiga singdirgan taqdirdagina, oʻz millatiga, vataniga boʻlgan sadoqati oshib boraveradi. Buning natijasida odamlarni jipslashtiradigan va taraqqiyot sari yetaklaydigan milliy gʻoya paydo boʻladi. Demak, milliy gʻoya odamlarning mustaqillikni toʻgʻri anglashi, vaziyatni baholashi va uni mustahkamlashga undovchi qarashlarini anglatadi.

Mustaqillik sharofati bilan biz oʻz tariximizni qayta va obyektiv holda oʻrgandik. Biz oʻzimizning kim ekanligimizni, kimlarning davomchilari ekanligimizni anglab oldik. Oʻz tariximizni oʻrganish xalqimizning bilim va maʼnaviyati yuksalishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki bilim va maʼnaviyat faqat ijtimoiy va gumanitar fanlarni oʻrganish negizidagina shakllanadi. Biz bu fanlarni oʻzlashtirganimizdagina savodli va maʼlumotli boʻla olamiz.

Endilikda biz mustaqillik sharofati bilan Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi bobokalonlarimizning davomchilarini tarbiyalay boshladik.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida olib borilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, davlatimiz suvereniteti, chegaralarimiz daxlsizligi taʼminlandi, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda roʻyobga chiqarish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatimizning oʻttiz bir yillik tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, qisqa davr ichida, ayniqsa uning oxirgi olti yilligida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy hayotida tub islohotlar va burilishlar davri boʻlayotganligini sezmoqdamiz.

Biz shu kunlarda davlat mustaqilligining 31 yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Mana shu qisqa davr mobaynida mamlakatimizning bosib oʻtgan murakkab yoʻlini, uning erishgan muvaffaqiyatlariyu, rivojlanishning sekinlashish davrini eslashimiz va bunda taraqqiyotimiz davomida amalga oshirilgan ishlarga, erishilgan natijalarga xolisona baho berishimiz, ushbu natijalar mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishimiz maqsadga muvofiqdir.

Darhaqiqat, biz mustaqillik tufayli oʻzligimizni angladik, ozod xalq, mustaqil davlat sifatida Oʻzbekistonning bor boʻy-bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qildik. Istiqlol tufayli yurtimizni jahon hamjamiyati tanidi, xalqimizning fidokorona mehnatiyu, yoshlarimizning har sohadagi yutuqlari, gʻayrati va azmu shijoati tufayli vatanimizning shon-shuhrati olamga yoyildi.

Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan xalqchil, adolatli va keng qamrovli islohotlar butun xalqimiz hayotida oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda. Bunda xalq manfaati barcha narsadan ustun darajaga olib chiqildi, “xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil ostida barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari oʻz faoliyatlarini olib bormoqda.

Shu jihatdan ham olib qaralganda, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni Qonunda belgilangan tartibda va oʻz vakolatlari doirasida har tomonlama va sifatli koʻrib chiqib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashda oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Ayniqsa, oxirgi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlari Ombudsman institutining inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish sohasidagi rolini oshirishga xizmat qilib, Ombudsmanga bu yoʻnalishda bir qator yoʻnalish va vazifalarni belgilab berdi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6312-sonli Qarori bilan Ombudsmanga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishda ishtirok etish, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini, shu jumladan ularning buzilishi toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqish orqali taʼminlash kabi vazifalar yuklatildi.

Ombudsman yuqoridagi vazifalarni sifatli va toʻlaqonli bajarishni taʼminlashda bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Ombudsman nomiga fuqarolardan 2022-yilning birinchi yarim yilligida 7199 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlar tahlil qilinganda, ularning 13,6 foizi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 32,5 foizi ijtimoiy huquqlariga, 25,0 foizi iqtisodiy huquqlariga,
15,4 foizi siyosiy huquqlariga va 0,8 foizi ekologik huquqlariga oid boʻldi. Kelib tushgan murojaatlarning qariyb 30,0 foizi Ombudsman tomonidan nazoratga olindi.

Shu bilan birga, 2022-yilning birinchi yarim yilligida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga (gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasalariga) 156 marotaba (2021-yilning birinchi yarim yilligi davomida 71 marotaba, 2020-yilning birinchi yarim yilligida 41 marotaba) monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Ushbu tashriflarda Ombudsman, uning Kotibiyati masʼul xodimlari va mintaqaviy vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlarining va ommaviy axborot vositalari vakillari, jamoatchilik faollari, inson huquqlarini himoya qilishda va monitoring tashriflarini oʻtkazishda amaliy bilimlarga ega boʻlgan oliy taʼlim muassasalarining pedagoglari va tibbiyot xodimlari ishtirok etib, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi shaxslarni saqlash sharoitlari, yashash va ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam koʻrsatish holati, saqlanayotgan shaxslar uchun olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi va boshqalar oʻrganildi. Tashriflar yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, xulosalar va taqdimnomalar mutasaddi vazirlik hamda idoralarga koʻrib chiqish va choralar koʻrish uchun yuborildi.

Davlatimiz mustaqilligining 31 yilligini “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh gʻoya asosida keng nishonlash jonajon Vatanimizda inson qadr-qimmatining, shaʼni-gʻururining nechogʻlik ustun qoʻyilganligidan, yurtimiz tinchlik va barqarorlikka erishilganligidan, davlatimiz sarhadlarining daxlsizligi taʼminlanganligidan hamda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikning mustahkamlanganligidan darak berishini unutmasligimiz darkor.

Salohiddin HAMDAMOV,

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining Fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish va huquqiy targʻibot sektori mudiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?