Mustaqillik bayrami respublikamiz boʻylab onlayn nishonlanmoqda 

15:02 29 Avgust 2020 Jamiyat
395 0

Yurtimizda hukm surayotgan pandemiya bizni yangicha yashashga, ishlashga, sharoitga moslashib, maqsad sari harakat qilishga oʻrgatdi. Bu yil eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz nafaqat davlat tadbiri, balki oilaviy bayram sifatida har yilgidan boshqacha oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan «Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!» shiori ostida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida yangi onlayn targʻibot loyihasining navbatdagi taqdimoti poytaxtimiz Toshkent shahri, Sirdaryo hamda Jizzax viloyati aholisi vakillari, taniqli olimlar, yozuvchi-shoirlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari bilan oʻtkazildi. Unda yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar, istiqboldagi rejalar sarhisobi toʻgʻrisida tashkilot vakillari va ustoz ijodkorlar soʻz yuritdi.

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yana-da oshirish, sohani rivojlantirish va yuqori bosqichga koʻtarish borasida aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yana-da yuksaltirish, ularning dunyoqarashini boyitish maqsadida poytaxtimizda hamda Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida bir qator targʻibot ishlari amalga oshirildi. Xususan, aholi gavjum joylarda (temir yoʻl vokzallari, avtobekatlar, maktablar, akademik litsey va kollejlar, oliy taʼlim muassasalari) QR-kodlar yordamida “BOOKLAND” elektron kitoblar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks etgan maxsus tablolar joylashtirildi. Ularni mobil qurilmalarga yuklab olish va oʻqish imkoniyati yaratildi.

Jizzax viloyati hududlarida 55 ta kitob savdo doʻkoni hamda 1 21700 nomdagi 135 400 nusxa kitob fondiga ega 635 ta kutubxona faoliyati yoʻlga qoʻyilgani onlayn tadbirda alohida eʼtirof etildi. Yosh avlod qalbida vatanparvarlik hissini yuksaltirish, joylarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar taʼsirchanligini oshirishga qaratilgan “Bolalarga maʼrifat ulashamiz”, “Bolalarining asragin dunyo”, “Oilalarga maʼrifat ulashib”, “Qadrdon maktabimga kitob sovgʻa qilaman” kabi loyihalar doirasida viloyatdagi umumtaʼlim maktablariga va koʻp farzandli oilalarga 15 mingdan ortiq turli xil mavzudagi ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy kitoblar toʻplami beminnat tarqatildi.

Shuningdek, el suygan sanʼatkorlar va yosh ijodkorlarning kuy-qoʻshiqlari bilan tadbirning badiiy qismi davom ettirildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?