Mushtarak qadriyatlar, doʻstona rishtalar

20:52 05 Oktyabr 2022 Siyosat
811 0

Shu yilning 3-4-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Vengriyada boʻldi.

Taʼkidlash joizki, oʻzbek va venger xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, yaqin hamkorlik rishtalari birlashtirib keladi. Bugungi kunda esa Vengriya Oʻzbekistonning Yevropadagi muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Birgalikdagi intilish va amaliy ishlar natijasi oʻlaroq bu sheriklik yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning 2019-yil 15-oktyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar sammiti doirasidagi samarali uchrashuvi ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarda yangi davrni -boshlab berdi. Oʻtgan yilning 29-30-mart kunlari Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning mamlakatimizga tashrifi ikki davlat oʻrtasida mavjud aloqalarni yanada rivojlantirish hamda avval erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun katta turtki berdi. Toshkentda ikki mamlakat rahbarlarining muzokaralari davlatlararo muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya imzolandi. Shu tariqa Vengriya Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston bilan hamkorlikni siyosiy jihatdan eng yuqori darajaga olib chiqqan birinchi mamlakati boʻldi.

Oʻzbekiston va Vengriya BMT, YEXHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Mamlakatlarimizning global kun tartibidagi dolzarb masalalar boʻyicha nuqtayi nazarlari yaqin yoki bir-biriga mos keladi, tomonlar xalqaro tashabbuslarni ilgari surishda bir-birlarini oʻzaro qoʻllab-quvvatlamoqda.

Ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarda savdo-iqtisodiy munosabatlar, sarmoyalar olib kirish ustunlik qilmoqda. Zamonaviy qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va turizm sohasidagi aloqalar kengayib bormoqda. Shuningdek, iqtisodiyotning boshqa sohalarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Vengriya yetakchi kompaniyalarining ilgʻor tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini joriy etgan holda qoʻshma investitsiya loyihalarini ilgari surish hamda ularni moliyalashtirishga alohida eʼtibor kuchayib bormoqda.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-sotiqda qulay savdo rejimi oʻrnatilgan. Soʻnggi toʻrt yil ichida Oʻzbekiston — Vengriya savdo aylanmasi hajmi qariyb 3 baravarga oshdi.

Taʼkidlash joizki, Vengriyaning farmatsevtika kompaniyalari orqali Oʻzbekistonga Yevropaning sifatli dori-darmon va tibbiyot jihozlarini ishlab chiqarish sanoati kirib keldi hamda jahon bozorida raqobatbardosh dori-darmon mahsulotlari ishlab chiqarish, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarni vujudga keltirmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizda bugungi kunda Vengriya sarmoyadorlari ishtirokida qishloq xoʻjaligi va chorvachilik sohasida, mehmonxona xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, ulgurji savdo yoʻnalishlarida 10 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Madaniy gumanitar sohadagi rishtalar ham izchil rivojlanib bormoqda. Binobarin, taʼlim, ilm-fan, madaniyat, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor oʻzbek va venger xalqlarining mushtarak qadriyatlaridir. Vengriyalik sanʼatkorlar va ilm-fan namoyandalari yurtimizda oʻtayotgan “Sharq taronalari”, Xalqaro baxshichilik sanʼati, Xalqaro hunarmandchilik festivallari hamda ular doirasida oʻtkazilayotgan ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Olimlarimiz esa ikki davlat tarixi hamda madaniyatini oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda yaqindan hamkorlik qilayotir.

Taʼlim sohasi Oʻzbekiston — Vengriya aloqalarining istiqbolli yoʻnalishi sifatida kengaymoqda. 2018-yildan beri Vengriya har yili Oʻzbekiston fuqarolariga ushbu mamlakatdagi universitetlarda oʻqish uchun stipendiyalar taqdim etmoqda. Universitetlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik “Erasmus” loyihalari doirasida amalga oshirilmoqda.

Albatta, ikki tomonlama aloqalarning rivojlanishida tarixiy madaniy omillar ham katta rol oʻynaydi. Jumladan, vengriyalik olim Vamberining Markaziy Osiyoga sayohati asosida yaratilgan “Buxoro tarixi yoki Transsoksaniya qadim zamonlardan to hozirgi kungacha” va “Oʻrta Osiyo boʻylab sayohat” asarlari bugungi kunda ham Yevropada, xususan, Vengriyada Markaziy Osiyo davlatlari tarixi, geosiyosiy ahamiyati, madaniy, tarixiy, iqtisodiy jarayonlarga taʼsir etgan omillarini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qilmoqda. Shuningdek, ushbu asarlarda Markaziy Osiyo xalqlarining yashash tarzi, davlatchiligining shakllanishi va rivojlanishi, dinning ijtimoiy hayotdagi oʻrni hamda iqtisodiy munosabatlarning oʻziga xosligi, odamlarning yuksak madaniyati, tarbiya va taʼlim tizimi bevosita kuzatuvlar hamda tahlil asosida ochib berilgani ularning ahamiyatini yanada oshiradi.

Buxorodagi viloyat oʻlkashunoslik muzeyida XIX asrning mashhur venger sharqshunos olimi va sayyohi Arminiy Vamberi sharafiga yodgorlik lavhasi oʻrnatilgan. Vamberi 1863-yilda Oʻrta Osiyoga safar qilib Xiva xonligi, Buxoro amirligida boʻlgan, Samarqandni ziyorat qilgan.

Yurtimiz shaharlari va qishloqlari, shuningdek, chet oʻlkalarga safarlarida Vamberiga hamrohlik qilgan, 1836-yilda Qoraqalpogʻistonda tugʻilgan Isʼhoq Ibrohim bir umr uning doʻsti hamda shogirdi boʻlib qoldi. U sharqshunos olim Vamberi bilan Xiva shahrida XIX asrning 60-yillarida tanishadi va Vengriyaga boradi. Salkam oʻttiz yil Budapeshtda yashab, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanadi. Vengriya Fanlar akademiyasining Sharq qoʻlyozmalari boʻlimida ishlaydi, vengriyaliklarga oʻzbek hamda boshqa turk tillarini oʻqitadi. Yevropaning ilmiy doiralarida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻladi.

Isʼhoq Ibrohim oʻzbek xalq maqollari, ertak va topishmoqlarini venger tiliga tarjima qilib, Vengriya Fanlar akademiyasining filologiya boʻlimi tomonidan nashr etiladigan “Tilshunoslik axboroti”da eʼlon qiladi. U mashhur venger yozuvchisi Yanosh Aronning “Ajoyib ohuning hikoyati” asarini oʻzbek tiliga oʻgiradi. Ushbu asar yaqinda davlatimiz rahbarining soʻzboshisi bilan Toshkentda nashr etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzbek va venger xalqlari oʻrtasidagi tarixiy doʻstlikning yorqin ifodasi boʻlgan ushbu kitobni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanga sovgʻa qildi.

Sharqshunos olim, yozuvchi hamda tarjimon Vamberi oʻz esdaliklarida Isʼhoq Ibrohim haqida fikr bildirar ekan, “U juda toʻgʻri va kamsuqum inson edi. Uning gʻarazsiz va sofdil munosabati menga xavfli va azobli safarimda kuch-quvvat bagʻishladi”, deb yozgan edi. Bu bilan u nafaqat xorazmlik doʻstiga, balki butun oʻzbek xalqiga hurmat-ehtiromi hamda mehr-muhabbatini ifodalaydi.

Shu yilning may oyida mamlakatimizning Avstriyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Vengriyada yashab ijod qilgan oʻzbek olimi Mulla Isʼhoq Ibrohim (1836 — 1892) tavalludining 186-yilligi munosabati bilan vatandoshimiz dafn etilgan Feyer viloyatining Velense shaharchasidagi qabristonda marosim oʻtkazilgani ham eʼtiborga molik voqelik boʻldi.

Bugungi kunda tomonlar qishloq xoʻjaligi, suvni tejaydigan texnologiyalar, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, elektronika, avtomobilsozlik, toʻqimachilik, kimyo va metallurgiya, ilm-fan, innovatsiya va taʼlim kabi sohalarda, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalarida oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish yoʻlidan bormoqda. Demak, ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi, ikki mamlakatning oʻziga xos oʻxshash jihatlari, Vengriyaning Markaziy Yevropada, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda joylashganligi, shuningdek, Vengriya Yevropa davlatlari uchun Oʻzbekistonga, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Vengriya uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari bozoriga koʻprik vazifasini bajarish istiqbollari hamkorlikni yangi yutuqlar bilan toʻldirishni kafolatlaydi.

Prezidentimizning Vengriyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama samarali muloqotlarga boy boʻldi. Budapesht shahridagi Shandor saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Prezidenti Katalin Novak bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Prezidentlar Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi koʻp qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Qayd etilganidek, ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda, siyosiy muloqot chuqurlashib, oʻzaro koʻmak davom ettirilmoqda, parlamentlararo va jamoatchilik aloqalari kengayib bormoqda. Shuningdek, Prezidentimiz Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Budapeshtda Oʻzbekiston — Vengriya biznes forumi uyushtirilib, uning doirasida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolandi. Ushbu tashrifning keng qamrovliligidan koʻrinib turibdiki, davlatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar mazmun jihatidan yangi bosqichga chiqadi.
Sobitxon TURGʻUNOV,
Namangan davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?