Muruvvat uyi buzilmasligi uchun loyihaga oʻzgartirish kiritildi

16:25 06 Dekabr 2020 Jamiyat
970 0

Sariosiyo tumanidagi qurilayotgan Zarchob-1 GES haqida avval xabar bergan edik.

Maʼlum qilinishicha, aslida GESning loyihasi hozirgi variantdan biroz boshqacha boʻlgan.

Yaqin masofada joylashgan ayollar muruvvat uyi buzilmasligi uchun tashkilotchilar loyihani biroz oʻzgartirishgan va hozirda suv oʻtishi uchun maxsus tunnel qurilmoqda.

“Tunnel qurilishi bir yarim yildan beri davom etmoqda, deydi “Toʻpalang” gidromaxsusqurilish unitar korxonasi texnik nazorat boʻlimi muhandisi Fayzulla Boymirzayev. Uning umumiy uzunligi 1700 metr, eni 8 metr 10 sm. Mazkur tunnelning asosiy vazifasi Zarchob-2 GESdan chiqqan suvni Zarchob-1 GESga tashlab beradi. Togʻni portlatib, maxsus texnikalarda qurilayotgan tunnelning ishga tushishi uchun 36 mlrd soʻm sarflandi. Texnika xavfsizligi choralari koʻrilgan”.

Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi natijasida Surxondaryo viloyatining elektr energiyaga boʻlgan talabining muayyan qismini, sanoat va iqtisodiyot korxonalarini gidroenergiya hisobidan taʼminlash imkoni vujudga keladi.

Bundan tashqari, hududda Zarchob podstansiyasi ham qurilmoqda.

Mazkur Zarchob 220/110/10 kV podstansiyasi orqali Zarchob GESlar kaskadi, yaʼni GES-1, GES-2 hamda Toʻpalang GES tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiya milliy energetika tizimiga uzatiladi.

Inobat AHATOVA, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?