Murojaatnoma: sud-huquq islohotlarining yangi bosqichi

20:15 11 Yanvar 2021 Siyosat
357 0

Shu mavzuda joriy yilning 11-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan davra suhbati videokonferensaloqa shaklida oʻtkazildi.

Tadbirda deputatlar, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Advokatlar palatasi, Yoshlar parlamenti, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdilar.

Davlatimiz rahbari 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashda sud hokimiyati hal qiluvchi oʻrinni egallashi, bu borada hali qiladigan ishlarimiz juda koʻpligi, yangi yildan boshlab joriy etiladigan “Bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini taʼminlashda bosh mezon boʻlishi lozimligini taʼkidlagan edilar.

Qayd etilganidek, parlament tomonidan qabul qilingan qonunlarga koʻra, joriy yildan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarini tashkil etish belgilangan.

Shuningdek, jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida dastlabki eshituv institutini kiritish, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarini isloh qilish, nazorat tartibida ish yuritish institutini bekor qilish, prokurorning ayblovdan voz kechishining protsessual tartibini belgilash nazarda tutilgan.

Qonun talablariga mos ravishda rasmiylashtirilgan shikoyatni Oliy sud sudyasi tomonidan sudlov hayʼatiga kiritishni rad etish vakolati bekor qilinmoqda. Bundan maqsad, shikoyatni yakka tartibda mazmunan hal etishning oldini olish boʻlib, endilikda protsessual kodekslarda belgilangan talablarga rioya qilingan holda berilgan barcha shikoyatlar Oliy sudda kassatsiya instansiyasi ish yurituviga qabul qilinadi va koʻrib chiqiladi.

Investitsiyaviy nizolar boʻyicha yirik investorlarning, raqobatga oid ishlar boʻyicha taraflarning xohishiga koʻra, ushbu toifadagi ishlar bevosita Oliy sud tomonidan koʻrilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Jinoyat-protsessual kodeksiga yangi ochilgan holatlar tufayli jinoyat ishi boʻyicha ish yuritishni qaytadan boshlashning aniq qoidalarini belgilovchi qoʻshimchalar kiritilmoqda. Ularga koʻra, ushbu huquqni ilgari nazarda tutilganidek nafaqat prokuror, balki jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilari ham amalga oshirishi mumkin.

Muhokamalar davomida mazkur qonunlarning qabul qilinishi jamoatchilikda qiziqish uygʻotayotgani, biroq ayrim masalalar tushunmovchiliklar keltirib chiqarayotganligiga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, qonun kuchga kirgandan soʻng apellyatsiya shikoyati berishga ulgurmagan shaxslarning huquqlarni tiklash, xususan ular tomonidan muddatni oʻtkazib yuborish holatlarini uzurli deb topish lozimligi haqidagi jamoatchilik fikriga munosabat bildirildi.

Oliy sud vakillari qonun oʻzgarishi munosabati bilan shikoyat berishga ulgurmagan protsess ishtirokchilariga, ularning shikoyatini sudlar tomonidan qabul qilish imkoniyati yaratilishini taʼkidlashdi.

Xuddi shunday, qabul qilinayotgan qonunlarning amaliyotga joriy etilishi bilan bogʻliq muammolar, shu jumladan sudyalar va sud xodimlarining tayyorgarligi, bu borada koʻrilayotgan tashkiliy chora-tadbirlar ham tanqidiy muhokama qilindi.

Qizgʻin savol-javob ruhida oʻtgan davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan Murojaatnomada nazarda tutilgan sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amaliyotga joriy etishga qaratilgan qonunlarning mazmun-mohiyati, ularni qoʻllash mexanizmlari sudyalar, advokatlar, prokurorlar va tergov organi xodimlariga tushuntirib borilishi, shuningdek aholi oʻrtasida targʻibot ishlari olib borilishi lozimligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?