Murojaatlar oʻz vaqtida koʻrib chiqilyaptimi?

12:26 15 Yanvar 2022 Jamiyat
205 0

2022-yil 14-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qoʻmita tomonidan koʻrib chiqishda amalga oshirilgan ishlar holati muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari X.Gʻafforov ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda deputatlar faoliyatida aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish, murojaatlar bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini yoʻlga qoʻyish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, oʻtgan davr mobaynida har chorakda murojaatlardan kelib chiqqan holda aholi muammolarini aniqlash va hal etish boʻyicha vazirliklarning hisobotini eshitib borish, fuqarolarning dolzarb muammo va kamchiliklar hamda ularning yechimi boʻyicha axborot kiritib borish, har hafta yakunida murojaatlar bilan ishlash, ijro intizomi holatini tanqidiy muhokama qilish va kelgusi haftada bajarilishi lozim boʻlgan vazifalarni belgilab olish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Bu kabi oʻzgarishlar oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.

Taʼkidlanganidek, hisobot davrda yuridik va jismoniy shaxslarning qoʻmita aʼzolariga kelib tushgan 514 ta murojaati belgilangan muddatlarda qonun doirasida koʻrib chiqildi. Ularning 439 tasi jismoniy shaxslardan, 30 tasi yuridik shaxslardan, 43 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, 2 tasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan.

Tadbirda Qonunchilik palatasiga murojaat qilib kelgan jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini masʼul deputatlar shaxsan qabul qilishi, ularning murojaatlarini oʻz vaqtida qonun talablariga muvofiq koʻrib chiqilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish kerakligi taʼkidlanib, bu boʻyicha bir nechta takliflar ilgari surildi.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalar qay darajada hal etilayotganligi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatish belgilab olindi.

Tadbirda deputatlarga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini belgilangan muddatlarda sifatli ijrosini taʼminlash yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?