«Murojaatdan — daromadga» loyihasi doirasida 115 nafar xotin-qiz ishli boʻldi

Prezident Xalq qabulxonasining «Murojaatdan — daromadga» loyihasi Buxoro viloyati Shofirkon tumanida katta festivalga aylandi. Erta tongdan tuman markazida oʻtkazilgan sogʻlom hayot uchun «5000 qadam» yurish marafoni Yoshlar bogʻidagi turli koʻrgazmalaru kitobxonlik anjumaniga, yosh rassomlar uchun mahorat darslariyu harbiy-vatanparvarlik dasturlariga, sport musobaqalariyu aholi daromadini oshirish yoʻlidagi ezgu amallarga ulanib ketdi.
Bularning barchasi oʻzaro uygʻunlikda viloyatni kambagʻallik, ishsizlik va jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasidagi «Buxoro tajribasi»ni yaratishga xizmat qiladi.
Bu jarayonda Prezident maslahatchisi oʻrinbosari — Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan moddiy yordam masalasida murojaat qilgan shofirkonlik 115 nafar xotin-qizga sektor rahbarlari bilan birga subsidiya hisobidan oʻn turga yaqin ish anjomlari topshirildi. Tikuv mashinalari, sut, goʻsht va sabzavotlarni qayta ishlash uskunalari olib berilgan har bir murojaatchi oʻz hududida shu yoʻnalishdagi lider tadbirkorlarga biriktirildi. Bu esa aholi daromadini oshirish, bu boradagi murojaatlarga samarali yechim topishning yana bir xalqchil mexanizmidir.
Masalan, Qalmaqon mahallasida yashovchi tadbirkor Oynisa Sharipova ham bugun Mohira Ikromova kabi subsidiyaga uskuna olib ish boshlagan toʻrt nafar mahalladoshi bilan kooperatsiya tashkil qildi. Toʻrt ayol oʻz uyida yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarsa, tadbirkor ularni sotib olib, isteʼmolchilarga yetkazib beradi. Bundan esa barcha birdek manfaatdor.
Yoki Denov mahallasida yashovchi Nodira Karimova ham bugun mahallasidagi tadbirkor bilan birikib, subsidiyaga olingan separatorda sutni qayta ishlab, qaymoq, sariyogʻ olishni boshladi. Bu bilan oila byudjeti uchun yana bir daromad manbai yaratildi.
Tuman markazidagi Yoshlar bogʻi anchagacha gavjum boʻldi. Mehnat yarmarkalari, kasb-hunar oʻrganish, oliy taʼlim, sogʻlom ovqatlanish kabi yoʻnalishlardagi koʻrgazmalarda aholining barcha qatlami, ayniqsa, ishsiz xotin-qizlar mehnat qilib, jamiyatning faol aʼzosiga aylanishi uchun keng miqyosda maʼlumotlar, maslahat va koʻmak olish imkoniga ega boʻldi. Buxoro shahridan kelgan tajribali shifokorlar 470 nafardan ziyod aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi.
«Buxoro tajribasi» — sadoqat namunasi» tamoyili asosidagi bunday tadbirlar viloyatning boshqa hududlarida ham tashkil etilyapti.
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring