Muqobil energiyadan 25 foiz ehtiyojini qoplagan isteʼmolchilarga mol-mulk va yer soligʻidan imtiyoz berish koʻzda tutilmoqda

19:20 26 Sentyabr 2022 Siyosat
696 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida elektrotexnika sanoatidagi istiqbolli yoʻnalishlar hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.

Yigʻilishda sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari muhokama etilmoqda.

Muqobil energiya qurilmalari ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha Prezident tomonidan Toshkent shahrida yil yakuniga qadar Qashqadaryodagi klasterga qoʻshimcha yana 2 ta loyihani ishga tushirish topshirildi. 

Buning hisobiga respublika boʻyicha muqobil energiya qurilmalarini ishlab chiqarish yillik quvvati 50 ming donaga yetkazilishi taʼkidlandi.

Hozirda oʻz ehtiyojini 100 foiz muqobil energiyadan qoplagan va tarmoqdan toʻliq uzilgan isteʼmolchilarga soliq imtiyozlari qoʻllanadi.

Moliya va energetika vazirliklariga muqobil energiyadan 25 foiz ehtiyojini qoplagan isteʼmolchilarga mol-mulk va yer soligʻidan imtiyoz berish boʻyicha taklif kiritish topshirildi.

Misni chuqur qayta ishlash yoʻnalishida mutasaddilarga:

- yil yakuniga qadar har oyda qoʻshimcha 1 ming tonnadan misni birjaga chiqarish, 2023-yilda 90 ming tonnaga yetkazish;

- Ohangaron va Qarshida mis klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish;

- Qoraoʻzakdagi 140 million dollarlik mis ishlab chiqarish loyihasi boʻyicha geologiya-qidiruv ishlarini boshlash, yil yakuniga qadar loyihalashtirish ishlarini yakunlash;

- transport xarajatlari subsidiya qilinadigan roʻyxatga mis trubkasi va fitinglarini kiritish topshirildi.

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi oldiga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda yil yakuniga qadar maishiy texnika boʻyicha 1 ta, kelgusi yilda muqobil energetika, yuqori kuchlanish uskunalari va yangi avlod kabel mahsulotlari boʻyicha 1 tadan “Izlanish va rivojlanish” (RnD) markazlarini ochish vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?