Muqobil energetikani rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash choralari belgilandi

Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 17-iyun kuni Andijon tumanidagi adirlikda Yangi Andijon shaharchasi qurilishiga poydevor qoʻygan edi. Bugungi kunda koʻp qavatli uylar, maktab va bogʻchalar qad koʻtarmoqda.
1-fevral kuni bu yerda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish va aholi bandligini taʼminlash choralari boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi.
Mamlakat iqtisodiyoti va aholi oʻsishi bilan elektr isteʼmoli ham kundan-kunga oshmoqda. Soʻnggi besh yilda yurtmizda xonadonlar 1 million 200 mingtaga koʻpaydi, korxonalar soni esa 260 mingtaga yetgan. Bular elektr energiyasiga boʻlgan talabni 35 foizga oshirdi. Xususan, Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida elektrga talab 40 foizga koʻpaygan.
— Bunday sharoitida eng toʻgʻri yechim qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois yigʻilishda quyosh va shamol stansiyalari loyihalariga eʼtibor qaratildi.
Bu yil Pop va Fargʻona tumanlarida 600 Megavattli 2 ta quyosh stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Fargʻonada 27 ta mikro gidroelektr stansiya qurish imkoniyati bor.
Davlatimiz rahbari yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, umuman, ularni elektr bilan oʻzini oʻzi taʼminlashga oʻtkazish kerakligini taʼkidladi.
Ijtimoiy obyektlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi. Unga 200 million dollar mablagʻ beriladi. Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini oʻzi oʻrnatadi hamda byudjet korxonasiga “yashil energiya” sotadi. Shuningdek, ijtimoiy obyektlardagi 3 mingta eskirgan qozonlarni zamonaviy uskunaga almashtirish zarurligi qayd etildi.
Energiya resurslarini iqtisod qilish choralari koʻrsatib oʻtildi. Aholining quyosh energiyasidan foydalanishi uchun jozibador tizim yaratish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilish kun tartibidagi ikkinchi masala kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash haqida boʻldi.
Maʼlumki, bu borada viloyatlarga zarur sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, 31-yanvar kuni imzolangan Prezident qaroriga koʻra, oilaviy tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlarga Andijon viloyatiga 1,1 trillion soʻm ajratiladi.
Soʻnggi ikki yilda aholiga dehqonchilik uchun 8 ming gektar hosildor ekin yerlari berilgan, 2023-yilda yana 10 ming gektar yer tarqatiladi. Mahallalarda sanoatni rivojlantirish uchun 36 ta mikromarkaz tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari ishbilarmon va mehnatsevar odamlar yurti boʻlgan Andijonni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish mumkinligini taʼkidladi.
Darhaqiqat, bu yil viloyatda 800 million dollarlik 235 ta investitsiya loyihasi yakunlanib, 40 ming kishi ish bilan taʼminlanadi. Aholiga ajratiladigan 10 ming gektarda 75 mingta doimiy va 200 mingta mavsumiy ish joyi ochiladi.
Ishsiz odamlarni kasb-hunarga oʻqitish, mahallalarda ijtimoiy va tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ham vazifalar belgilandi.
Tuman va shahar hokimlari aholi bandligini oshirish rejalari yuzasidan axborot berdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Kasbida bir yoʻla 5 ta yirik sanoat korxonasi barpo etilmoqda
- Ekologlar xulosasi: Yer maydonining 99 foizi xavfli zarralar bilan ifloslangan
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring