Mulk huquqi kafolatining mustahkam poydevori

14:49 11 Noyabr 2020 Siyosat
260 0

“Mulkdor mulkiga oʻz xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart”.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54 moddasidan.

Mamlakatimizda har qaysi xususiy mulkdorning qonuniy yoʻl bilan qoʻlga kiritgan mulkining daxlsizligiga aslo shubha qilmasligini taʼminlaydigan ishonchli huquqiy kafolatlar tizimi yaratilgan.

Binobarin, mulkning egasi boʻlsa, mehnat unumdorligi bir necha marotaba ortadi. Mulkdorning kayfiyati, intilishi, ish yuritishi, oʻz faoliyatiga, umuman, hayotga munosabati boshqacha boʻladi. Mulk egasi oʻz ishini yaxshilashga, mulkiga mulk qoʻshishga harakat qiladi. Chunki ular jamiyatdagi oʻzgarishlarga bevosita daxldor boʻlgan qatlamdir.

Mulk huquqi daxlsizligini taʼminlamasdan iqtisodiy rivojlanishga erishish qiyin. Bu Asosiy Qonunimizda ham alohida belgilangan boʻlib, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi koʻrsatib oʻtilgan. Ushbu meʼyor mamlakatimizning boshqa bir qator qonunlarida ham aks etgan. Xususan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunda olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlashga zararning oʻrni bozor qiymati boʻyicha oldindan va toʻla qoplanmagunga qadar yoʻl qoʻyilmasligi nazarda tutilgan. Shuningdek, mulkdor xususiy mulk huquqining bekor qilinishiga olib keladigan qarorga rozi boʻlmagan taqdirda, bu qaror sud tomonidan nizo hal etilguniga qadar amalga oshirilishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilgan.

Shak-shubhasiz, Oʻzbekiston aholisi qonunchilikda belgilangan meʼyorlarga amal qilishlari shart. Biroq baʼzi hududlarda qabul qilinayotgan qonunlarga rioya etmaslik holatlari, afsuski, uchrab turibdi. Shu sababli aholi va tadbirkorlarning xususiy mulk daxlsizligi huquqi bilan bogʻliq masalalarni oʻrganish maqsadida partiya faollari va deputatlardan iborat ishchi guruhi tuzilib, ular joylarda konstitutsiyaviy norma va amaldagi qonun talablari doirasida snos masalalarini atroflicha oʻrganmoqda. Mavjud masalalar xalq deputatlari viloyat Kengashlari bilan hamkorlikda tahlil etilayotgani joylarda noqonuniy buzilishlar va aholining bu boradagi mulkiy huquqlari poymol etilishining oldini olishga xizmat qilayotir.

Har bir tadbirkor, avvalo, shuni aniq-ravshan bilib olishi kerakki, davlat xususiy mulkdor huquqlarining himoyachisidir. Shuning uchun ham tadbirkorlar oʻz biznesiga bexavotir investitsiya kiritishi, ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirishi, mahsulot hajmi va olayotgan daromadini koʻpaytirishi, oʻz mulkiga oʻzi egalik qilishi, foydalanishi, tasarruf etishi lozim. Demak, tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, xususiy mulk daxlsizligini amalda taʼminlash har doim ham eng ustuvor vazifa boʻlib qolishi kerak.

Shu nuqtayi nazardan aytganda, mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulkning qonuniy hamda amaliy jihatdan ustuvor rolini taʼminlash, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada qabul qilingan qator qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralarining tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvini bartaraf etish yoʻlida qatʼiy tartib oʻrnatildi.

Ahamiyatlisi, davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari bilan oʻzaro munosabatlarda tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi tamoyili amal qilmoqda. Qonun hujjatlarida ushbu faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati subyektining foydasiga hal etilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilish davlat siyosatiga toʻsqinlik qilish sifatida qaralmoqda.

Oʻz navbatida, yana bir muhim hujjat — “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun xususiy mulk huquqiga gʻayriqonuniy tajovuzlarni, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashga qaratilgan huquqiy asos boʻldi. Shuningdek, boshqa qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga qaratilgan qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Albatta, bularning barchasi mulk huquqini himoya qilish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda muhim oʻrin tutadi. Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlarining mamlakatimiz iqtisodiyotidagi roli va ahamiyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Eʼtirof etish kerak, hozirgi vaqtda aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish xohish-istagi oshib, yildan-yilga tadbirkorlik subyektlarining soni koʻpaymoqda. Buning sababini ularga yaratib berilayotgan imkoniyat natijasi, desak yanglishmaymiz. Chunki hududlarda aholi bilan muloqotlarimiz davomida odamlarning hayot darajasi va sifatini oshirishda aynan tadbirkorlik subyektlari hal qiluvchi omillardan biriga aylanganini koʻp bor guvohi boʻlyapmiz, oʻryapmiz.

Taʼkidlash joizki, partiyamiz davlat iqtisodiy siyosati samaradorligining bosh mezoni — mamlakat raqobatbardoshligi, fuqarolar hayoti sifati, oilalar farovonligining izchil va jadal yuksalishi, deb biladi. Makroiqtisodiy barqarorlikni, davlat byudjeti mutanosibligini taʼminlash, mahalliy byudjetlarning daromadlar qismini mustahkamlash, butun soliq tizimini soddalashtirish, moliya bozori barqarorligini taʼminlashga qaratilgan qatʼiy pul-kredit siyosatini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan makroiqtisodiy siyosatni qoʻllab-quvvatlaydi. Buning birdan bir samarali yoʻli — bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirishdir.

Biz iqtisodiyotimizni yana-da erkinlashtirish, tadbirkorlarga keng yoʻl ochib berish siyosatini bundan keyin ham samarali davom ettiramiz. Ayniqsa, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida elektoratimiz boʻlgan tadbirkorlar takliflarini muntazam oʻrganish va tahlil qilishga katta eʼtibor qaratamiz. Zero, Konstitutsiya va qonunlar ustuvor boʻlgan yurtda adolat tamoyillari taʼminlanadi, iqtisodiy barqarorlik kafolatlanadi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?