Muhim masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi

16:55 26 May 2022 Jamiyat
428 0

Oliy Majlis Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisi oldidan Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda senatorlar, ekspertlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashi kotibiyatlari mudirlari, yoshlar masalalariga masʼul doimiy komissiya aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab majlis qatnashchilari yigirma oltinchi yalpi majlis muhokamasiga kiritilgan masalalar bilan tanishtirildi. Shundan soʻng bir qator muhim masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, muhokama etildi.

Jumladan, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni tahlil etildi. Qonun tashabbuskorlari tomonidan mazkur qonunning maqsadi, mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida atroflicha maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan davlat boshqaruvi funksiyalarini bajarish amaliyotidan voz kechish, davlat idoralari xodimlari faoliyatining ochiqligi hamda ularni ijtimoiy taʼminlashning zamonaviy tizimini yaratish boʻyicha sezilarli choralar koʻrilmoqda.

Ushbu Qonun davlat fuqarolik xizmatchilarining ish samaradorligi va kompetensiyasini baholovchi mezonlarni, ularning malakasini oshirishga boʻlgan talablarni belgilab, toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir etish kuchiga ega.

Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati faqat davlat reyestriga kiritiladigan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilariga nisbatan tatbiq etilishi belgilab qoʻyilmoqda.

Qonunda davlat fuqarolik xizmatini tartibga solishda davlat organlarining asosiy vakolatlari belgilanib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va boshqa vakolatli davlat organlarining vakolatlari aniq koʻrsatib oʻtilmoqda.

Taʼkidlanishicha, mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida davlat xizmati sohasini tartibga solishning huquqiy asoslari yaratiladi. Davlat xizmatchilarining toifasi, maqomi, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bilan bir qatorda ularning masʼuliyatini oshirish bilan bogʻliq masalalar qonunda mustahkamalab qoʻyilishiga erishiladi.

Majlis doirasida yana bir qonun – “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonuni muhokama etildi.

Mutaxassislar taʼkidlaganidek, ushbu qonun bugungi kunda yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishda jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlarini kuchaytirish borasida qonun darajasida hal etilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar saqlanib qolgan.

Qonunda jismoniy va yuridik shaxslarga egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli boʻlgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi hamda ushbu yer uchastkasi va unda joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillarini belgilash nazarda tutilmoqda.

Qonunda yer uchastkalarining kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishiga asos boʻladigan holatlarning roʻyxati aniq qilib koʻrsatilib, yer uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qoʻyilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish sifatida talqin etish taqiqlanmoqda.

Shuningdek, buzilishga tushgan hududda joylashgan yerga boʻlgan huquq mavjud boʻlmay turib 15 yil davomida koʻchmas mulkka vijdonan egalik qilib kelayotgan shaxslarga ham ushbu koʻchmas mulk obyektlari uchun soliqlar toʻlab kelinganligi tasdiqlangan taqdirda, mazkur koʻchmas mulk obyektlari qiymatining oʻrni qoplanishi koʻzda tutilmoqda.

Qoʻmita majlisi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va Davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2021-yil va 2022-yil 1-chorak yakunlari ijrosi toʻgʻrisidagi masala ham muhokama etildi. Davlat byudjetining ijrosi yuzasidan Moliya vazirligi mutasaddilari tomonidan toʻliq axborot berildi.

Taʼkidlangandek, 2021-yilda dunyo boʻyicha koʻpchilik mamlakatlarning iqtisodiyotlarida tiklanish jarayoni kuzatilgan, jumladan 2021-yil yakuni bilan oʻz vaqtida oqilona olib borilgan fiskal va monetar siyosat natijasida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 7,4 foizga oʻsib, YAIM hajmi 734 trln 600 mlrd soʻmni yoki 69,2 mlrd. dollarni tashkil etgan, shuningdek, 2022-yilning I choragida YAIM 5,8 foizga oʻsgan. Bundan tashqari, yalpi qoʻshilgan qiymat 2021-yilda 7,5 foizga koʻpayib, 681 trln. 400 mlrd. soʻmni tashkil etgan. Shuningdek, 2021-yilda Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi 2020-yilga nisbatan 16,0 foizga oʻsib, 42,1 mlrd. dollarni tashkil etgan.

Davlat byudjeti daromadlari 2021-yilda 164 trln. 800 mlrd. soʻmni tashkil etib, belgilangan 147 trln. 700 mlrd. soʻm prognoz 111,6 foizga yoki 17 trln. 100 mlrd soʻmga oshirib bajarilgan yoki 2020-yilga nisbatan esa 31 trln. 900 mlrd soʻmga oʻsgan.

2022-yilning I choragida Davlat byudjeti daromadlari belgilangan 39,1 trln. soʻm prognozi amalda davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz 41,9 trln. soʻmga yoki 2,8 trln soʻmga (107,2 foiz) oshirib bajarilgan. Daromadlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 8 trln. soʻmga koʻpaygan.

Majlis soʻngida kun tartibidagi masalalarga doir Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

“Xalq soʻzi”, Sirojiddin Vohidov olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?