Mudofaa vazirining axboroti eshitildi

11:01 04 Dekabr 2020 Siyosat
814 0

2020-yil 3-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Senat aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining mamlakatimiz Qurolli Kuchlari va harbiy qurilishini rivojlantirish hamda harbiy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha 2020-yilning 10 oyi davomida bajarilgan vazifalar holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda qoʻshinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligini sifatli tashkil etish hamda yuqori darajaga koʻtarish maqsadida “Chirchiq” poligoni hududida Mudofaa vazirligining modellashtirish va simulyatsiya dala-oʻquv markazi yangidan barpo etilgan.

Mazkur markazda ayni kungacha 160 nafar taktik boʻgʻindagi komandir hamda 23 nafar kuch tuzilmalar ofitseri ilk bor maxsus oʻquv kursda tahsil olgan. Natijada komandirlar oʻz boʻysunuvchilarini jangovar va maxsus vazifalarni bajarish vaqtida bevosita samarali boshqarish malakasi oshirishga erishilgan.

Togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markazi, “Kattaqoʻrgʻon”, “Termiz”, “Angren” va «Sazagan» poligonlari xalqaro talablarga mos ravishda yangi koʻrinishda taʼmirlandi. Ularning oʻquv-moddiy bazalari zamonaviy vositalar bilan jihozlangan.

Ahamiyatlisi, har yili takrorlanib oʻtkaziladigan mashgʻulotlarga chek qoʻyilgan. Haftaning ketma-ket 4 kuni faqat jangovar tayyorgarlikka ajratilib, mashgʻulotlar sifati va soni oshirilgan.

Yana bir jihat. Harbiy kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-oktyabrdagi PQ-4870 qarori orqali vazirlik tarkibida yangi oliy harbiy taʼlim muassasasi – Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil qilingan. Unda harbiy internatura, klinik ordinatura, magistratura va doktorantura darajasidagi mutaxassislarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, Qurolli Kuchlar Akademiyasida Ichki ishlar vazirligining ikkita – “Ichki ishlar vazirligi qoʻshinlarining taktik qoʻmondonligi” va “Aniqlovchi va qoʻriqlovchi elektron tizimlarni tashkil etish va foydalanish boʻyicha muhandislik qoʻmondonligi” bakalavriat yoʻnalishlarida ofitserlarni tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi avtomatlashtirilgan axborot tizimi va maʼlumotlar bazasi asosi hisoblangan “Safarbarlik” elektron maʼlumotlar bazasi barpo etilgan.

Mazkur tizimni samarali faoliyat yuritishi uchun Respublikamizning 14 ta Mudofaa ishlari boshqarmasi va 201 ta Mudofaa ishlari boʻlimiga 228 km optik tolali aloqa kabellar yotqizilib, zamonaviy axborot-kommunikatsiya qurilmalari hamda texnologiyalari bilan jihozlanishiga erishilgan.

Natijada “Safarbarlik” elektron maʼlumotlar bazasi Ichki ishlar vazirligining “Manzil” va “Xorijga chiqish pasporti” axborot tizimlari hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan integratsiya qilingan.

Soʻnggi yillarda qoʻshinlarni yangi qurol-aslaha va texnikalar bilan taʼminlash ishlari jadal surʼatlarda olib borilishi natijasida shtatda mavjud boʻlgan qurol-yarogʻ va texnikalarning 27 % yangilangan.

Majlisda 2020-yilning oʻtgan davri mobaynida bajarilishi lozim boʻlgan ayrim topshiriqlarning ijrosi toʻlaqonli bajarilmaganligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, yurtimizda soʻngi oylarda epidemiologik vaziyat kuzatilgani sababli mamlakatimizda mavjud ayrim harbiy shaharcha va poligonlardagi obyektlarda qurilish va taʼmirlash ishlari toʻliq yakuniga yetkazilmagan.

Bundan tashqari, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash sohasida viloyat, tuman va shaharlar kesimida hududiy xususiyatlarni inobatga olgan holda yoshlarning toifalaridan kelib chiqib, maqsadli va manzilli tadbirlarni amalga oshirish ishlari sust olib borilgan.

Shuningdek, bugungi kunda oliy harbiy taʼlim muassasalariga qabul qilish jarayonlari bir nechta bosqichda olib borilib, hamon murakkabligicha qolmoqda.

Majlisda Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining Mudofaa vazirligi faoliyati samaradorligini yana-da oshirish maqsadida tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?