Muammolar o‘zaro hamjihatlikda bartaraf etiladi

11:47 28 Sentyabr 2021 Jamiyat
571 0

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholi turmush farovonligi va yashash sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali muqim ish o‘rinlari yaratishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti.

Аyni jarayonda mavjud muammolarni hamjihatlikda bartaraf etish, ezgu tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga sektorlar faoliyati muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Yangi tizim har bir hududga xos bo‘lgan muammolarni aniqlash, shu asosda “yo‘l xarita”lari ishlab chiqish, “o‘sish nuqta”larini topish va jadal rivojlantirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Qo‘shtepa tumani ikkinchi sektoriga biriktirilgan hududda ham bu borada quvonarli yutuqlarga erishilyapti. Tegishli mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ish tashkil etilib, har bir masala va muammoning ildiziga yetib borish, murojaatlarni o‘z vaqtida ijobiy hal etish bo‘yicha ijobiy natijalar qo‘lga kiritilyapti.

Ikkinchi sektorga biriktirilgan hududda olib borilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan muammolar, aholi murojaatlarini ko‘rib chiqishda adolat va shaffoflik taʼminlanishi ustuvor vazifa hisoblanadi.

Hamkorlikdagi saʼy-harakatlar tufayli O‘qchi mahalla fuqarolar yig‘ini binosining ichki va tashqi fasadlari homiylik mablag‘lari hisobidan to‘liq taʼmirlandi. O‘qchi MFYning bo‘sh turgan yer maydonida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 13 nafar ishsiz yoshlarga 0,1 sotixdan subsidiya mablag‘lari hisobidan issiqxonalar qurib berildi.

Sektor hududidagi Sarmazor MFYda tikuvchilik bilan shug‘ullanuvchi “Аl-Saf-Muso” MChJ faoliyatini yo‘lga qo‘yish va yangidan tiklash maqsadida tadbirkorlik subʼektiga 100 mln. so‘m imtiyozli kredit, 0,20 sotix yer maydoni ajratib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan. Natijada 60 ziyod fuqarolarning bandligi taʼminlanishiga erishildi.

 

Sarmazor MFYda “Аyollar daftari”ga kiritilgan boquvchisini yo‘qotgan Sanobar Tojiboeva yashash xonadonining tashqi fasadi to‘liq taʼmirlandi va xonadonga yangi ayvon, hojatxona qurib berildi. Shu bilan birga, xonadonga toza ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, ushbu oila toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.

Аholi murojaat asosida Qoraqushchi MFY, Hamkor ko‘chasining 1 km.dan ortiq qismiga suv quvurlari yotqizildi. Buning samarasi sifatida mazkur ko‘chada yashovchi 600 nafardan ortiq fuqarolar toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lishi uchun sharoit yaratildi.

Sektor hududida tashkil etilgan sayyor qabullarda bildirilgan murojaatlar ijrosini taʼminlash maqsadida Kichik Beshkapa MFY, Nurafshon ko‘chasining 1 km. dan ko‘proq qismi maxsus texnikalar bilan tekizlanib, shag‘al yotqizildi. Katta Beshkapa MFYdagi “Beshkapa” qabristoniga tuman obodonlashtirish xodimlarini jalb etgan holda tozalash ishlari tashkil etildi. Hashar yordamida qabristondagi daraxt ko‘chatlari to‘liq oqlanib, begona o‘tlardan tozalandi.

Qoraqushchi, Bo‘ston va Quvurboshi MFYlarida istqomat qiluvchi, “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan 3 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari olib berildi. Katta Beshkapa MFYning Zakovat ko‘chasi elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 10 dan ortiq beton tayanch ustunlar o‘rnatildi. Shuningdek, 1 km. elektr tarmog‘i tortilib, 450 dan ortiq xonadonlarning elektr taʼminoti yaxshilandi.

 

Ikkinchi sektorni osoyishta hududga aylantirish – bosh maqsadimiz. Mushtarak maqsad yo‘lidagi samimiy hamkorlik muammolarni o‘zaro hamjihatlikda bartaraf etish imkonini bermoqda.

 

M. SHOMURODOV,

Qo‘shtepa tumani prokurori, adliya maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?