Muammolar endi oʻtmishda qoladi

19:05 23 Yanvar 2022 Jamiyat
350 0

Davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda mutasaddilarga infratuzilmasi va ijtimoiy ahvoli ogʻir boʻlgan 1071 ta aholi punktini obodonlashtirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berilgan edi. Jumladan, 294 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 457 ta maktab, 325 ta tibbiyot muassasasi, 58 ta qishloq madaniyat uyini qurish va kapital taʼmirlash, 6,5 ming kilometrga asfalt yotqizish, 109 ming dona temir-beton elektr uzatish liniyalari tayanch ustunlarini oʻrnatish shular jumlasidan.

Yuqoridagi vazifalar ijrosini taʼminlash va muammolarni kompleks hal yetish maqsadida Prezident Xalq qabulxonalari, vazirlik hamda idoralar rahbarlaridan iborat respublika ishchi guruhi tuzildi.

Toshkent viloyatining eng chekka hududida joylashgan Boʻka tumanining Boʻka mahallasi ana shunday keng koʻlamli dasturni amalga oshirishning birinchi manzili boʻldi.

Ish yoʻllarni taʼmirlashdan boshlandi. Boʻka aholisining aytishicha, bu masala yillar davomida eʼtibordan chetda qolgan. Yozda chang, qishda loy koʻchalar koʻpchilikni qiynab kelgan. Qishloq joylarda yoʻllarni tekislash shunchaki shagʻal-qum toʻshash emas, balki bu yerda maxsus texnologik usullar tatbiq etildi.

Boʻka mahallasining obod etilishi natijasida nafaqat hudud qiyofasi, balki qishloq aholisining hayoti ham oʻzgarmoqda, bunga sabab qilib 12,5 kilometrlik taʼmirsiz yoʻllar taʼmirlanishini aytish mumkin. Endilikda maktab, bolalar bogʻchasi yoxud sayr qilish hamyurtlarimizga haqiqiy maʼnoda zavq bagʻishlaydi. Aholi ham bu ishlarga befarq emas.

Boʻka qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan hudud boʻlgani sababli bu yerda kollektorlar, umuman, sugʻorish va drenaj tizimining soz holatda ishlashi muhim ahamiyatga ega. Biroq 30 yil davomida eʼtiborsizlik tufayli ushbu infratuzilma yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Obodonlashtirish ishlari davomida kollektorlar toʻliq tartibga keltirildi. Fermerlarning fikriga koʻra, talab darajasidagi kollektorlar hosil xirmoniga ijobiy taʼsir qiladi.

Yaqin vaqtgacha mazkur qishloq aholisi ichimlik suvi tashib ichardi. Bu ogʻriqli masala ham tez orada hal boʻladi. Quvur yotqizish ishlari jadal surʼatlarda olib borilyapti. Obihayot har bir xonadonga kirib boradi.

Mahallada elektr tarmoqlari toʻliq almashtirildi. Yangi temir-beton ustunlari, zamonaviy transformatorlar oʻrnatilyapti. Demak, elektr taʼminotidagi uzilishlar muammosi endi oʻtmishda qoladi. Bu odamlarning turmush farovonligiga asos boʻladi.

Ayni paytda hududlarda boshlangan obodonlashtirish ishlari qizgʻin davom etmoqda.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер