MTRK tizimida “Hidoyat sari” ilmiy-maʼrifiy onlayn telekanali tashkil etildi

18:17 07 Iyul 2021 Jamiyat
481 0

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan tashkil etilgan OTT platformasi (Over the Top) bugungi kunda samarali faoliyat olib bormoqda.

MTRK arxiv fondida diniy ilmiy ekspertizadan oʻtgan, turli talqinga oʻrin bermaydigan darajada ishonchli maʼlumotlarga asoslangan diniy-tasavvufiy, ilmiy-maʼrifiy, islomshunoslik va tarix, ajdodlar merosi kabi turkum teledasturlar, allomalar haqida hujjatli filmlar, ulamo va imom-xatiblarimizning maʼrifiy suhbatlari, shuningdek, hadisu rivoyatlar asosida tayyorlangan maxsus filmlar, telenovella va ijtimoiy teleroliklarning son jihatdan salmoqli bazasi mavjud.

Shulardan kelib chiqqan holda, MTRK OTT platformasida yoshlarning madaniy-maʼrifiy, diniy bilimlarini oshirish maqsadida “Hidoyat sari” Ilmiy-maʼrifiy virtual (onlayn) telekanali tashkil etildi.

Tunu kun ishlaydigan “Hidoyat sari” ilmiy-maʼrifiy virtual (onlayn) telekanalida Oʻzbekiston MTRK tizimida ishlab chiqilgan va oʻrnatilgan tartibda tegishli ilmiy, diniy ekspertizalardan oʻtkazilgan, efirga uzatilgan va bugungi kunda MTRK Arxiv Fondida saqlanayotgan quyidagi telemahsulotlar oʻrin oladi:

— mamlakatimizda islom madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz merosini, muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarni obod etish, muqaddas dinimiz musaffoligini asrash, aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat hamda turli millat va eʼtiqod vakillariga nisbatan bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng targʻib etilgan teledasturlar;

— xalqimizning diniy savodxonligini oshirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar va bunyodkorlik ishlari bilan aholini yaqindan tanishtirib borish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan chuqur falsafiy va ibratga yoʻgʻrilgan ilmiy-ommabop va badiiy koʻrsatuvlar;

— bugungi globallashuv davrida insoniyat hayotiga xavf solayotgan muammolar hamda oilaviy, odob-axloq va yosh avlod tarbiyasining dolzarb masalalar yuzasidan din sohasi vakillari, mutaxassis va olimlari bilan bahs-munozara va muloqotlar, davra suhbatlari;

— aholi, xususan yoshlarni gʻarazli kuchlar va oqimlarning taʼsiridan asrash, terrorizm va ekstremizm gʻoyalarining asl maqsadlarini fosh etish, har xil oqimlardan, shu jumladan, “ommaviy madaniyat”ning zararli illatlaridan himoya etishga yoʻnaltirilgan maxsus koʻrsatuv va roliklar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?