Moʻjiza yaratayotgan mohir qoʻllar

11:59 18 Iyul 2024 Jamiyat
106 0

Oʻzim uyda oʻtirib, kashta tikish orqali mablagʻ topishga kirishdim. Yonimga mahalladoshlar qoʻshildi. Ularning aksariyati hunarmandchilik, xususan, chopon, nimcha, kostyum tikish, gilam toʻqish singari qoʻl mehnati turlarini yaxshigina egalladi. Barini birlashtirib kasanachilik korporatsiyasini tashkil qildik. Qisqa muddatda 73 kishi unga aʼzo boʻldi.

Kasanachilikning afzal tomoni, ishlash uchun uydan chiqish shart emas. Buyurtmachi xom ashyo bilan kafolatli taʼminlaydi. Tayyorlab berilgan mahsulot savdosini ham amalga oshiradi. Biz bilan hamkorlik qilgan tadbirkorlarning uyda tikib berayotgan soʻzana va boshqa kashtachilik buyumlari Qozogʻiston, Turkiya, AQSH, Xitoy davlatlarigacha yetib bormoqda. Oʻtgan yili 200 ming dollardan koʻproq qiymatdagi mahsulotimiz eksportga chiqdi.

Kashtachilik, gilam toʻqish ham bir sanʼat. Masalan, bir dona murakkab turdagi kashtachilik buyumini qoʻldan chiqarish uchun 20-25 kunlab ter toʻkishga toʻgʻri keladi. Ularni asl ipakdan tikamiz. Mehnatiga toʻlanadigan haq ham shunga yarasha. Masalan, Robiya Maʼrupova, Lobar Tojiboyeva, Gulbahor Joʻraboyeva singari opa-singillarimiz uydan chiqmagan holda har oyda 3,5 – 4 million soʻm ishlab topmoqda.

Xullas, kasanachilar korporatsiyasini yoʻlga qoʻyganimiz shahardan chetdagi ayollar bandligi masalasini yechishdagi ishtiroki bilan koʻpchilikka maʼqul tushdi. Hozir bizdan oʻrnak olib mehnatni tashkil etishning ushbu shakli bilan shugʻullanayotganlar soni tumanimiz boʻyicha 300 kishidan ortadi. Bularni koʻrib oʻzbek ayolining qoʻli gul, mehnati barakali, degingiz keladi.

Odina MADAMINOVA,

Yangi Namangan tumani.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер