Moliya vazirligi hamda DSQga kitob ishlab chiqarish sohasini manzilli qoʻllab-quvvatlash yuzasidan soʻrov yuborildi

23:24 28 Aprel 2021 Iqtisodiyot
1091 0

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning toʻrtinchisi – kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishga qaratilgan boʻlib, bu orqali keng jamoatchilik oʻrtasida maʼnaviyatni yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Biroq kitob ishlab chiqarish sohasining, yaʼni noshirlar va bosmaxonalar uchun soliq imtiyozlarining bekor qilinishi, ularga nisbatan qoʻshilgan qiymat soligʻining qoʻllanishi aksariyat ishlab chiqaruvchilarni rasmiy faoliyat yuritishdan chetlashib, oʻgʻrincha (kontrafakt) mahsulotlar ishlab chiqarishga “undamoqda”. Natijada “yashirin iqtisodiyot” rivojlanib, qonuniy faoliyat yuritayotganlarning salmogʻi kamayib bormoqda, yaʼni sohada iqtisodiy nosogʻlom muhit tarkib topmoqda.

Shu oʻrinda soha vakillaridan kelgan murojaatlarda kitob ishlab chiqarishga nisbatan tabaqalashtirilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasini qoʻllash taklif etilmoqda. Jumladan, kitob ishlab chiqarish sanoatiga umumiyga nisbatan Rossiya Federatsiyasida 50 foiz, Germaniyada 36 foiz, Fransiyada 28 foiz, Buyuk Britaniyada esa “nol” foiz qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi qoʻllanilishi taʼkidlangan. Yaʼni, mazkur davlatlarda kitob ishlab chiqarish sohasi uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi kamida ikki barobarga pasaytirilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasiga kitob savdosi korxonalariga qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha tabaqalashtirilgan stavkalarni qoʻllash, shuningdek, sohani manzilli subsidiyalar orqali qoʻllab-quvvatlash yuzasidan soʻrov yuborildi.

Odiljon IMINOV,
Oliy Majlis Senati
Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash
masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?