Mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan imtiyoz berilishi belgilanmoqda

20:02 22 Dekabr 2023 Jamiyat
598 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan Soliq kodeksiga qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi bilan Soliq kodeksining 482 va 483-moddalariga qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xoʻsh ular qanday qoʻshimchalar?

Qonun loyihasi bilan, “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga barcha soliqlar (qoʻshilgan qiymat soligʻi va soliq agentlari sifatida toʻlanadigan soliqlar bundan mustasno) va bojxona toʻlovlarini taʼminotsiz va foizsiz bir yilgacha muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda, 2025-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlari ushbu fuqarolarga kamida bir yil davomida har oy mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining bir baravari miqdoridan kam boʻlmagan ish haqini toʻlab, bandligini taʼminlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan imtiyoz berilishi ham belgilanmoqda.

Imtiyoz berish shartlari qanday? Imtiyozlar qachon bekor qilinishi mumkin?

Mazkur imtiyozlar “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga (Toshkent shahrida roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari bundan mustasno) bir vaqtning oʻzida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilganda va kamida bir yil davomida har oy mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining bir baravari miqdoridan kam boʻlmagan ish haqi toʻlab, bandligini taʼminlaganda, ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda berilishi koʻzda tutilgan.

Agar tadbirkorlik subyektlari tomonidan “hamkorlik shartnomalari”da nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, qoʻllanilgan soliq imtiyozlari butun soliq davri uchun ushbu soliqlarni toʻlash boʻyicha majburiyatlarning tiklanishi bilan bekor qilinadi.

Qonun loyihasi ayni vaqtda Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida birinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun kiritishga tayyorlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?