“Moʻynoqqa madad” velomarafon ishtirokchilari Samarqandda

14:05 28 May 2021 Sport
708 0

Bugun “Moʻynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni Samarqand viloyatida oʻtkazildi.

Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamiz, balki global darajadagi ekologik ofat markaziga aylangani, shu sababdan keyingi yillarda Orolboʻyi hududida keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilayotganligini taʼkidlashdi.

Mazkur ekologik xayriya velomarafoni ham ushbu ezgu ishlarning uzviy davomi. Velomarafonni oʻtkazishdan asosiy maqsad Orolboʻyi hududida yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish maqsadida korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar va faol fuqarolarning ixtiyoriylik asosida xayriya va homiylik mablagʻlarini jalb etishdan iborat.

Velomarafon ishtirokchilari 55 kilometr masofani bosib oʻtdi. Tajribali velomarafonchilar qatorida samarqandlik velopoygachilar hamda havaskorlar ishtirok etdi. Koʻtarinki ruhda oʻtkazilgan tadbirda ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.

— Bu sport turi bilan toʻrt yildan buyon shugʻullanganim bugungi musobaqada asqatdi,  — deydi urgutlik velosportchi Orzumurod Ernazarov. — Nasib qilsa, Moʻynoqqacha bormoqchiman.

Samarqandda velomarafon ertaga ham davom etadi. Ishtirokchilar 50 kilometr masofani bosib oʻtadi. Shundan soʻng “Moʻynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni ishtirokchilari Navoiy viloyati tomon yoʻl oladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?