“Moʻynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafonining Toshkent shahar bosqichi oʻtkazildi
Shu kunlarda mamlakatimiz boʻylab Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab “Moʻynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni oʻtkazilmoqda.
Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu ekologik xayriya velomarafoni ishtirokchilari bugun Toshkent shahar bosqichida oʻz omadlarini sinab koʻrishdi.
Poytaxtimizdagi “Humo Arena” koʻp tarmoqli muz saroyi oldidan start berilgan, umumiy masofasi 30 kilometrni tashkil etgan velomarafonda 300 nafardan ortiq professional, boshlangʻich hamda faxriy sportchilar ishtirok etishdi. Velomarafonning Toshkent shahar bosqichi poytaxtimizning chiroyli va aholi gavjum koʻchalari boʻylab tashkil etildi. Bu esa Toshkent shahri aholisi va mehmonlari orasida sogʻlom turmush tarzini yana-da keng targʻib qilishga xizmat qildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Ekologik xayriya marafonining ochilish marosimida Turizm va sport vazirining oʻrinbosari Avazjon Karimov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi Narzullo Oblomurodov, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi. Unda soʻzga chiqqanlar ushbu ekologik xayriya velomarafonining ahamiyati, mazkur tadbirning yurtimiz aholisi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etishdagi roli, velomarafon orqali Orolboʻyi hududida ekologik muvozanatni tiklash kabi yoʻnalishlarda olib borilayotgan islohotlarga eʼtibor qaratishdi.
30 km masofaga oʻtkazilgan poygada havaskorlar oʻrtasida marraga birinchi boʻlib Temur Abduxakimov kesib oʻtgan boʻlsa, Humoyun Mirzo Abduxalilov va Yevgeniy Dmitriyenkolar mos ravishda 2-3-oʻrinlarni egalladi. Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan estalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.
Shuningdek, velomarafonda oʻz omadini sinab koʻrgan para sportchilarimiz Azim Abdullayev hamda Mirjalol Qurbonovlar ham mukofotlanishdi.
Ekologik xayriya velomarafonida qatnashgan faxriylarimizdan Svetlana Isayeva, Viktor Klimenkov, Valeriy Ayloyan, Nikolay Kovalenko hamda eng yosh ishtirokchi Bilol Xegaylar ham tashkilotchilar va homiylar tomonidan ragʻbatlantirildi.
Maʼlumot uchun: “Moʻynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafonining Toshkent shahar bosqichi yakuni munosabati bilan bugun soat 18:00da poytaxtimizdagi «Eko-bogʻ»da konsert dasturi tashkil etiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring