Moʻynoqda “Orol baliqlaridan 99 taom” festivali oʻtkaziladi

09:47 25 Sentyabr 2022 Jamiyat
1373 0

Foto: Xalq so‘zi

Joriy yilning 29-sentyabr kuni Moʻynoq tumanida “Orol baliqlaridan 99 turli taomlar” gastronomik festivali oʻtkaziladi.

Tadbir Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Moʻynoq tumani hokimligi, Qoraqalpoq umumiy ovqatlanish korxonalari uyushmasi, Madaniyat vazirligi va boshqa bir qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorligida tashkil etilmoqda.

Festival davomida hunarmandlar va yosh rassomlar koʻrgazmalarini tashkil etish ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, “Orol baliqlaridan 99 turli taomlar” festivali doirasida hududlardan tashrif buyurgan oshpazlarning baliqdan taom tayyorlash boʻyicha mahoratlari baholanib, gʻoliblarni taqdirlash marosimi hamda gala konsert oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun, “Orol baliqlaridan 99 taom” gastronomik festivali dastlab, 2017-yilda “Orol va Moʻynoqning qayta tiklanishi” xalqaro ekofestivali doirasida oʻtkazilgan edi. Shundan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan festivalda nafaqat qoraqalpogʻistonlik balki, boshqa viloyatlardagi umumiy ovqatlanish korxonalarining oshpazlari, pazandalik sohasi boʻyicha taʼlim olayotgan oʻquvchi yoshlar, uy bekalari oʻzlarining baliqdan tayyorlangan taomlari bilan ishtirok qilib kelmoqda.

Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?