Modulli bogʻcha: qulay, xavfsiz, zamonaviy

12:46 02 Dekabr 2022 Jamiyat
334 0

Foto: Xalq so‘zi

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida maktabgacha taʼlimning muqobil shakli hisoblangan modulli bogʻcha bor.

U bir-biriga ulangan oltita dengiz konteyneridan iborat boʻlib, kichkintoylar uchun qulay mebel, bolalar aqliy salohiyatini rivojlantiruvchi oʻyinchoqlar, oʻquv vositalari bilan jihozlangan va keng oʻyin maydonchasiga ega. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, modulli maktabgacha taʼlim tashkilotlari loyihasini ishlab chiqish davomida Rossiya, Shvetsiya va Janubiy Koreyaning ilgʻor tajribalari oʻrganilgan. Modulli binolar ekologik toza, sogʻlik uchun xavfsiz materiallardan tayyorlangan. Unda har qanday iqlim sharoitida moʻtadil haroratni saqlashga imkon beruvchi qoʻshimcha issiqlik izolyatsiyasi mavjud. Shuningdek, elektr energiyasi, suv taʼminoti, konditsioner, isitish va yongʻindan himoya qilish tizimlari bilan toʻliq taʼminlangan.

Maʼlumki, yangi maktabgacha taʼlim tashkilotini barpo qilish uchun koʻp vaqt va xarajat talab etiladi. Modulli bogʻcha inshootlari esa ikki oy ichida tayyor boʻladi va ishga tushiriladi. Natijada 70 foiz xarajat tejaladi.

Hozirda Sardobadagi modulli bogʻchada 90 nafar bolajonga 19 nafar pedagog-tarbiyachi saboq bermoqda. .

Eʼtiborli tomoni, qoʻshimcha konteynerlarni biriktirish evaziga bogʻchani yanada kengaytirish imkoniyati bor. Qolaversa, ixchamligi sababli har qanday infratuzilma bilan moslashadi. Zarur hollarda boshqa joyga koʻchirish ham mumkin.

Sardoba tumanida bugungi kunda davlat va nodavlat MTT soni 164 taga yetgan. Ularga 12 mingdan ziyod 3-7 yoshdagi bolalar qamrab olingan. Bu haqida Sirdaryo viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan media-turda aytib oʻtildi.

Ahmadali SHERNAZAROV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер