Misrlik xalqaro kuzatuvchilar “Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyatida

00:33 25 Oktyabr 2021 Jamiyat
765 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan Prezident saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga turli xalqaro tashkilotlar va mamlakatlardan vakillar tashrif buyurishdi. Misr delegatsiyasi safida yurtimizga kelgan senatorlar va jurnalistlar “Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyati mehmoni boʻlishdi.

Mehmonlarga soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohotlar, saylovoldi tashviqotiga tayyorgarlik qanday olib borilgani, unda ommaviy axborot vositalarining faol ishtiroki haqida soʻzlab berildi.

Taʼkidlanganidek, bugun Oʻzbekistonda 1900 ga yaqin ommaviy axborot vositalari faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzaro muloqotda  jurnalistlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, gazeta-jurnallar, televideniye va radio, internet-ommaviy axborot vositalarini oʻquvchilar talabidan kelib chiqib rivojlantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida maʼlumot berildi. Jumladan, mamlakatimizdagi eng yirik bosma ommaviy axborot vositalaridan biri — bu yil 30 yilligini nishonlagan “Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari tarixi, barcha saylovoldi tashviqotlarini mustaqil yoritgan nashrlar faoliyatidagi eng muhim bosqichlar haqida soʻz bordi.

Misrlik xalqaro kuzatuvchilar Oʻzbekistonda boʻlganliklari haqidagi ilk taassurotlari bilan oʻrtoqlashdilar, samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirishdi.

— Oʻzbekistondagi katta siyosiy jarayon — Prezident sayloviga kuzatuvchi sifatida keldik, — deydi Misr Senatining Madaniyat, turizm, antiqa buyumlar va ommaviy axborot vositalari qoʻmitasi raisi, “Al-Vatan” mustaqil gazetasi bosh muharriri Mahmud Muhammad Mahmud Musallam. — Oʻzbekistonga birinchi marta kelishimiz, shunga qaramasdan bu yurtda  oʻzimizni xuddi vatanimizda yurgandek, his qilyapmiz. Kuzatuvchi sifatida hech qanday muammolarga duch kelmadik. Bu siyosiy jarayon Oʻzbekistonning kelajagini belgilaydigan katta bir voqeadir. Misr va Oʻzbekiston xalqi oʻrtasida katta oʻxshashlik bor — odatlarimiz, urflarimiz, diniy eʼtiqodimiz va anʼanalarimizda mushtarak jihatlar koʻp. Oʻzbek xalqiga minnatdorchiligimni izhor qilgan holda, bu jarayondan muvaffaqiyatli oʻtib, kelajakda ham siyosiy-iqtisodiy, demokratik jabhalarda yuksak marralarni qoʻlga kiritishini tilab qolaman.

Shuningdek, delegatsiya vakillari Oʻzbekistonda Prezident sayloviga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrilganini, oʻzbekistonliklar bu jarayonda faollik koʻrsatganini hamda masʼuliyat bilan yondashganini qayd etdi. Oʻz navbatida, ommaviy axborot vositasi xodimi sifatida M. Musallam Oʻzbekistonning yetakchi gazetalari tajribasi bilan ham qiziqtirishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, hamkorlik va oʻzaro tajriba almashinuv, doʻstona aloqalarning yoʻlga qoʻyilishi auditoriyani yanada kengaytirish imkonini beradi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?