Mirzo Ulugʻbekning munosib vorisi

16:09 20 Iyun 2022 Jamiyat
298 0

Foto: Xalq so‘zi

Qadim tarixga ega kulolchilik madaniyati bilan yetti iqlimda mashhur Rishton tumani koʻplab olimu fuzalolarga ham beshik boʻlgan goʻshadir. Bugungi kunda mamlakatimiz nomini dunyoga tanitayotgan rishtonlik Muhammadaziz Sodirov ajdodlarning munosib vorisi sifatida eʼtirofga loyiq.

Bu yil Rishton tumani xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 27-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabining 5-sinfini aʼlo baholarga tamomlagan Muhammadaziz mental arifmetikasi boʻyicha oʻtkazilgan bir qator musobaqalarda gʻolib boʻlishga ulgurdi. U 2017, 2019, 2021-yili Toshkent shahrida oʻtkazilgan musobaqalar chempioni, 2018-yili Rossiyaning Moskva shahrida oʻtgan xalqaro musobaqa gʻolibi boʻldi. 2019-yili Xitoyda dunyoning 50 ga yaqin davlatidan 650 nafar oʻquvchi ishtirok etgan Aloha mental arithmetic xalqaro musobaqasida faxrli uchinchi oʻrinni egalladi. Hozirda Ispaniyada boʻlib oʻtadigan nufuzli musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrmoqda.

Yaqinda innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida bir guruh olimlar, vazirlik mutasaddilari 27-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabiga tashrif buyurib, turli xalqaro tanlovlardagi yutuqlari, noyob qobiliyati uchun Muhammadazizga qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirishdi.

Maktab oʻquvchilari ishtirokidagi uchrashuvda isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi tomonidan oʻtkazilayotgan “Mirzo Ulugʻbek vorislari” Respublika tanlovi hayʼati aʼzolarining qaroriga muvofiq, Muhammadaziz Sodirov “Eng yosh Mirzo Ulugʻbek vorisi” nominatsiyasi gʻolibi boʻlgani tantanali ravishda eʼlon qilindi.

— Bilim maskanida taʼlim-tarbiya olayotgan 2165 nafar oʻquvchilarimizning aksariyati xuddi Muhammadaziz singari aniq fanlarni oʻzlashtirish, xorijiy tillarni oʻrganish va sport sohasida quvonarli yutuqlarga erishmoqda, — deydi maktab direktori Hakimaxon Madaliyeva. —  Maktabimizda tashkil etilgan bu yilgi soʻnggi qoʻngʻiroq tadbirida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining Rishton tumani bosqichi gʻolibi boʻlgan pedagogik jamoamizga Prezident sovrini — 100 million soʻm pul mukofotini taqdim etdi. Shuningdek, muddatidan oldin nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari talabasi boʻlgan besh nafar bitiruvchi oʻquvchilarimiz, maktabimiz faxri Muhammadaziz Sodirov, qoʻl jangi boʻyicha yoshlar va oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempionati sovrindori Abdulaziz Abduxalilov kabi bir guruh oʻquvchilar, ustozlar viloyat hokimligining qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Aytganday, Muhammadazizning buvisi Madina Zufarova uzoq yillar mazkur maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlagan. Oilada maʼrifatga, oʻqib-izlanishga ishtiyoq, ragʻbat va intilish kuchli ekani yosh Muhammadazizning ilm yoʻlida dadil va salmoqli yutuqlariga zamin yaratgan boʻlsa, ne ajab.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?