Miroboddagi 9 ta koʻp qavatli uydagi muammolar va nosozliklar oʻrganildi. Natija qanday?

23:14 22 Fevral 2021 Iqtisodiyot
375 0

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosari Nazirjon Nazirov boshchiligidagi vazirlik masʼul xodimlari poytaxtimizning Mirobod tumani Bayot mahallasida mavjud 9 ta koʻp kvartirali uy-joylardagi muammolar hamda hududdagi kommunal tarmoqdagi mavjud nosozliklarni oʻrgandi. Vazirlik mutasaddilari tomonidan hududiy hokimiyat vakillari, boshqaruv kompaniyalari, mahalla faollaridan iborat Ishchi guruhi bilan birgalikda joyida vaziyatni oʻrgangan holda zaruriy chora-tadbirlar belgilash boʻyicha koʻrsatmalar berildi va muammolar oʻzaro muhokama qilindi.

Bayot mahallasidagi 9 ta koʻp qavatli uyning barchasi muammoli uylar hisoblanadi. Uylarning 7305 kv.m qismini toʻliq taʼmirlash boʻyicha ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi. Bunda, asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj koʻzi ojiz aholi qatlami yashaydigan hududning 400 metrlik yoʻnaltiruvchi ushlagichlarini (orentirovochnaya truba) yangisiga almashtirish va mahalladagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish yoʻnalishidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi.

Vazir oʻrinbosari tomonidan koʻp kvartirali uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislariga ushbu hududdagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish, koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash, shuningdek, ularning tashqi fasadi, tomi, yertoʻlasi, yoʻlaklarini yangilash hamda unga tutash hududlarni obodonlashtirish, bolalar maydonchalarini taʼmirlash-tiklash yoʻnalishlarida amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar aniq belgilab berildi. Shuningdek, hududdagi ijtimoiy soha obyektlari hamda issiqlik va ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash ishlariga ham alohida eʼtibor qaratish zarurligiga toʻxtab oʻtildi.

Xuddi shu yoʻnalishdagi ishlar tumanning Yangi Qoʻyliq mahallasida ham davom ettirilib, u yerdagi 7 ta koʻp qavatli jami 11 400 kv.m uylarning tashqi fasadini taʼmirlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Maʼlumot oʻrnida: Shu kabi obodonlashtirish va taʼmirlash ishlari Mirobod tumanining Tolariq, Bilimdon, Baratxoʻja, Qoʻyliq Ota, Ziyonur, Yuksalish va Parvona mahallalarida ham amalga oshirilishi koʻzda tutilgan boʻlib, mazkur hududda 2834 ta yakka tartibdagi xonadonlar, 167 ta koʻp kvartirali uylar mavjud boʻlib, jami 8486 ta xonadonlarda 31849 nafar aholi istiqomat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?