Mini-futbol boʻyicha DXX Raisi kubogi oʻtkazilmoqda

17:17 11 Iyun 2021 Sport
377 0

Yoshlar qudratli davlatimizning ertangi kuni, yangi Oʻzbekistonimizning poydevori sanaladi.

Zero, ularning sogʻlom va komil inson boʻlib voyaga yetishlari mamlakat istiqbolini belgilab beradi.

Shu maʼnoda, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatini hayotga joriy etishda Davlat xavfsizlik xizmati ham oʻzining sezilarli hissasini qoʻshib kelmoqda.

Xususan, joriy yilning aprel oyidan boshlab, yurtimizning har bir goʻshasida mini-futbol boʻyicha DXXning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari kubogi oʻtkazildi.

Unda 18-30 yosh oraligʻidagi yoshlardan iborat 7779 ta jamoa munosib ishtirok etdi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tuman, shahar hamda viloyat bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan eng kuchli 14 ta jamoa 12-15-iyun kunlari poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida DXX Raisi kubogi uchun oʻzaro kuch sinashadi.

Birinchi oʻrinni egallagan jamoaga ular istiqomat qiladigan tumanda mini-futbol maydoni, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritgan jamoalarga esa ular yashaydigan tumanlarda “Workout” maydonchalari qurib beriladi.

Shuningdek, “Eng yaxshi oʻyinchi”, “Eng yaxshi toʻp urar”, “Eng yaxshi darvozabon” va “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar ham aniqlanadi.

“Sogʻlom yoshlar - yangi Oʻzbekiston kelajagi” shiori ostida oʻtkazilayotgan ushbu musobaqalar yoshlarimizning oʻz iqtidorlarini namoyish etishlari uchun yana bir imkoniyat sanaladi.

Taʼkidlash lozimki, DXX Raisi kubogini oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad yoshlar orasida sportni ommalashtirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, shuningdek, ularni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iboratdir.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?