Mingdan ziyod koʻpriklar avariya holatida ekanligi aniqlandi

16:03 25 Noyabr 2021 Jamiyat
486 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Jamshid Tursunovning “Taʼmirtalab koʻpriklarni taʼmirlash ishlarining amalga oshirilgan holati toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, yurtimizda yoʻl-transport sohasini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar natijasida soʻnggi besh yil davomida 653 ta yirik koʻprik hamda yoʻl oʻtkazgichlarning qurilishi, 907 ta koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlarning rekonstruksiya qilinishi hamda taʼmirlanishi transport infratuzilmasi rivojiga ijobiy taʼsirini koʻrsatdi. 

Yirik shaharlarimizda xorijiy mutaxassislar bilan birga zamonaviy loyihalar asosida yangi koʻpriklarni qurish orqali transport oqimini boshqarishda ijobiy natijalarga erishilyapti.

Shu bilan birga, avtomobil yoʻllaridagi mavjud koʻpriklar, yoʻl oʻtkazgichlar, tonnellar, transport yechimlari va boshqa sunʼiy inshootlar soz holatda saqlanishi, taʼmirtalab koʻprik inshootlarning tiklanishi boʻyicha kechiktirib boʻlmas aniq choralarni koʻrish maqsadida respublikadagi mavjud koʻprik inshootlari xatlovdan oʻtkazildi. 

Natijada 2021-yil 1-mart holatiga koʻra, respublikada 14 755 ta koʻprik inshooti mavjudligi, shundan 3 324 tasi idoraviy mansub tashkilotlarga biriktirilmagani, 1 009 tasi avariyaoldi hamda avariya holatida ekanligi, 5 930 ta koʻprik inshootlari taʼmirtalab ahvoldaligi aniqlandi.

Inventarizatsiya natijalaridan kelib chiqib, idoraviy mansub tashkilotlarga biriktirilmagan koʻprik inshootlarini tegishli vazirlik va idoralarga hamda mahalliy hokimliklarga biriktirish boʻyicha amaliy choralar belgilangan. 

Shuningdek, avariyaoldi hamda avariya holatida boʻlgan koʻpriklarni tiklash ishlarini amalga oshirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasi Rayosatining tegishli qarorlariga muvofiq manzilli roʻyxatlar shakllantirilib, tasdiqlandi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?