Mingchinorliklar endi suv uchun navbat kutib turmaydi  

10:43 19 Oktyabr 2021 Jamiyat
134 0

Foto: Istam Ibrohimov / Xalq so‘zi

Buxoro viloyati Shofirkon tumanida, Jilvon cho‘li bag‘rida joylashgan “Mingchinor” mahalla fuqarolar yig‘ini Yangibog‘ qishlog‘i ahlining mushkuli oson bo‘ldi, go‘yoki yelkadan tog‘ ag‘darildi. Xonadonlarga qadar tortilgan vodoprovod jo‘mraklaridan oqayotgan zilol suv kabi ular qalbiga ham yorug‘lik indi.

 Aslida qishloqdagi suv inshooti bundan qirq yilcha muqaddam gidronasos ko‘rinishida barpo etilgan, keyinchalik u qarovsizlik ortidan yaroqsiz ahvolga tushgandi. Yangibog‘liklarning chetdan keltiriladigan suvga ipsiz bog‘lanib qolishganiga ham oz emas, ko‘p emas, 20 yil bo‘ldi.

Yaqinda “Mingchinor” gidroinshooti 2 milliard 75 million so‘m mablag‘ evaziga tubdan rekonstruksiya qilindi. Suvni xlorlash, shaffof holga keltirish uchun zarur barcha texnologik uskunalar o‘rnatildi. Endilikda esa qo‘shni  Gulbog‘ qishlog‘ida istiqomat qiluvchi yuzga yaqin xonadonga ham vodoprovod kiritish tadorigi ko‘rilmoqda. Bu loyiha uchun 2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanadi.

Umuman, “Obod qishloq” dasturi doirasida cho‘l sharoitida yashayotgan mingchinorliklarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida hozirga qadar 11,2 milliard so‘mlik qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari bajarildi.

 

Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?