Ming yil avval aytilgan haqiqatlar

17:19 22 Sentyabr 2022 Jamiyat
368 0

Foto: Xalq so‘zi

Inson qadri ulugʻlanayotgan zamonamizda buyuk allomalarimizning ilmiy-maʼrifiy merosini oʻrganish, tadqiq qilish va undan bahramand boʻlish uchinchi Renessansni niyat tutgan Yangi Oʻzbekiston yoshlari uchun betakror manba hisoblanadi. 

Davlatimiz Rahbarining joriy yil 25-avgustda eʼlon qilingan “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash toʻgʻrisida” qarori bu boradagi muhim hujjat sanaladi. Qarorga koʻra, 2022-2023-yillarda Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligi YUNESKO shafeligida xalqaro miqyosda keng nishonlanishi koʻzda tutilgan.

 

 Ming yil avval aytilgan haqiqatlar

Taraqqiyotning barcha jabhalarida, hatto ibtidoiy jamiyatdan tortib, mayda zarra - atom gʻisht kabi terilayotgan bugungi kungacha metallarga boʻlgan qiziqish va ehtiyoj zarracha kamaygan emas.

Chunonchi, alloma ajdodlarimiz tibbiyotda metallar va mineral moddalar orqali inson aʼzolarini davolashga bagʻishlab, 100 ga yaqin mualliflar asarlar yozganligi ayrim manbalar orqali maʼlum. Arab tili va matnidagi mazkur asarlarning 30 ga yaqin nodir qoʻlyozmalari Sharq va Gʻarb kutubxonalarida saqlanmoqda. Ularning aksariyati oʻz tadqiqotchilarini hanuz kutmoqda. Ulugʻ bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniyning nodir qoʻlyozmalari ham yaqin-yaqinlargacha shular qatorida edi.

Beruniy oʻz asarlarida qimmatbaho tosh va maʼdanlarning solishtirma ogʻirligini hayron qolarli darajada bugungi zamonaviy texnologiyalar koʻrsatib bera oladigan aniqlikda oʻlchagan, gul barglarining soni 3, 4, 5, 6 va 18 ta boʻlib, hech qachon 7 ta va 9 ta boʻlmasligi haqida birinchilar qatorida oʻz mulohazalarini aytgan. Shuning uchun Beruniy oʻrta asr tilshunosi, astronomi, botanigi, geologi, tabibi va minerologi sifatida dunyoda tan olinadi.

“Alloh taolo, Unga hamd boʻlsin, mavjudotning ehtiyojlarini bilar edi. Shuning uchun unga lozim darajada, haddan tashqari ortiq ham, kam ham boʻlmagan miqdorda bu ehtiyojlarni qondirdi. U oʻsishni taʼminladi. Bu oʻsish bunga qobil vujudning har tomonga yiriklashuvida koʻrinadi. Shu (oʻsish) uning uchun zaruriydir va uning koʻrinishini oʻzgartiradi. Bunday koʻrinish maʼlum sabab tufayli yuz beradi”, deydi Beruniy oʻzining “Mineralogiya” nomi bilan mashhur boʻlgan «Kitob al-jamohir fi-maʼrifat al-javohir», yaʼni “Qimmatbaho javohirlar haqida bilimlar kitobi” (taxminan 1041-1048-yillarda yozilgan) asarida. 

 Dunyo hamon hayratda

Ulugʻ vatandoshimiz matematika, geometriya, astronomiya, geologiya, geodeziya, farmokologiya, kimyo, botanika sohalariga bagʻishlab 160 dan ortiq asar yaratib, nafaqat oʻzi yashab oʻtgan davr, balki bugungi yuksak texnologiyalar asri uchun ham gʻoyat qimmatli kashfiyotlarni meros qoldirgani bugun yetti iqlimga ayon. Chunonchi, “Mineralogiya”da qimmatbaho toshlar va minerallarning nomlari, rangi, yaltiroqligi, joylashgan makoni, qayerdan keltirilganligi, ularning kimyoviy va fizik xossalarini aniqlash, eritib sinash, savdo-sotiqdagi oʻrni haqida oʻzining keng tadqiqotlarini bayon etadi. Shuning barobarida ushbu risolada shifobaxsh toshlarning tibbiyotdagi ahamiyati xususida qiziqarli maʼlumot va tavsiyalarni beradi. Beruniyning mineralogiya sohasidagi eng yirik xizmatlaridan yana biri shuki, u mineral va metallarni tasniflashda zarur omil sifatida ularning solishtirma ogʻirligini fizika va minerologiya tarixida birinchi marta tartibli ravishda aniqlagan va metallshunoslik sohasining amaliy ishlariga joriy qilgan. Shuningdek, Beruniy ushbu asarda toshlarga mexanik ishlov berishning turli usullarini keltirib oʻtadi. Toshlarga mexanik ishlov berish haqidagi Beruniy keltirgan tushuncha va izohlar Oʻrta asrlarda konchilik ishlari rivoji oʻziga xos xususiyat kasb etgan va bu borada olimlarni oʻziga jalb qilgan. Bu borada Beruniy oʻzi yasagan maxsus asbob yordamida jami 50 ta moddaning, jumladan 9 ta metall, 18 ta suyuqlik, 3 ta madan va boshqa moddalarning solishtirma ogʻirligini juda aniq oʻlchaganligi fikrimizning yorqin dalilidir. Qimmatbaho metall va toshlarga boy konlarni topib, qazib olish boʻyicha Beruniy bayon etgan ilmiy fikrlar bugungi kunda ham geologiya sohasida dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Asarning qiziqarli jihatlaridan yana bir shundaki, Beruniy yoqut, olmos, zumrad kabi qimmatbaho toshlarning foydali sifatlarini bayon etish asnosida ularning zararli jihatlari haqida ham batafsil toʻxtaladi. Shuningdek, minerallarning solishtirma ogʻirligi boʻyicha Beruniy tomonidan amalga oshirilgan tajribalar mineralogiya ilmining keyingi rivojida ham muhim rol oʻynadi. Bu borada mineralshunos olimlar oʻz asarlarida qayd etib, toshlarga jilo berishda Beruniy tajribasidan hozirgi zamon zargarligi ham keng foydalanmoqda.

“Mineralogiya” asari konlarni, ayniqsa Oʻrta Osiyo yer osti boyliklarini oʻrganish uchun muhim manba sifatida ham oʻz qimmatini yoʻqotgan emas. Asar 1963-yilda sharqshunos olim A.Beliniskiy tomonidan arab tilidan rus tiliga tarjima qilinib, shu tarjima jarayonida bu asar taʼsirida olim turli minerallar tavsifiga bagʻishlab, 14 ta ilmiy maqola yozgan. Nemis sharqshunosi E.Zaxau Beruniyni insoniyat hech qachon zabt eta olmaydigan choʻqqi sifatida tan olgan boʻlsa, F.Starr esa “Bugungi tarix” maqolasida Beruniyning ish uslublari aynan bugungi kun uslublariga juda oʻxshashligi bilan kishini hayratga solishini taʼkidlaydi. Gʻarb tadqiqotchisi M.Meyerxoff qomusiy olimlar ichida eng mashhuri Beruniy ekanligini bildirgan.

“Mineralogiya” badiiy adabiyot, adabga oid xamda turli xalqlarning minerallar va metallar bilan bogʻlik urf-odatlariga oid materiallarga boyligi bilan ham ajralib turadi. Bu haqda akademik I.Krachkovskiy shunday deydi: “Beruniy koʻp yillik maxsus izlanishlarini faqat ilmiygina emas, balki badiiy adabiyot, faqat original arab adabiyotigina emas, boshqa tillardan ham adabiyot namunalari bilan boyitdi”.

“Ulugʻ hodisalar har vaqt ham yuz bermaydi”

Qayd etish lozim, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatining tashkil etilishi bizning zaminda tavallud topib, ilmiy faoliyat olib borgan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini ilmiy tadqiq etish jarayonini yangi bosqichga olib chiqdi. Oradan ming yoʻl oʻtib, bir guruh olimlar — A.Qayumov, Q.Sanaqulov, M.Isʼhoqov, O.Xaitova A.Hasanov, R.Urazovalar hamkorligida “Mineralogiya” asarining oʻzbek tiliga oʻgirilib, chop etilgani ham bobokalonimizning dahosi va ilmiy merosiga ehtirom timsolidir. Bugungi kunda mazkur olimlar guruhi yubiley sana munosabati bilan “Mineralogiya” asarini qaytadan toʻldirgan nashrini chop etishga tayyorgarlik koʻrmoqdalar.

“Ulugʻ hodisalar har vaqt yuz beravermaydi”, degan edi Abu Rayhon Beruniy oʻz hikmatlarida. Mamlakatimiz rahbarining joriy yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu yoʻnalishdagi izlanishlarni yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, ulugʻ yangilanishlar ostonasi hamdir. Zotan, yurtimizda Uchinchi Renessans poydevori ilm bilan — ajdodlarimizning bizga qoldirgan ulkan merosi va bugungi zamonaviy gʻoyalar mushtarakligida qoʻyilmoqdaki, bu mamlakatimiz taraqqiyoti puxta hamda uzoq oʻylangan izchil siyosat asosida yuksalayotganligidan dalolatdir.

Olmaxon XAITOVA,

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar

universiteti professori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?