Mindonning sopaki oshi haqida eshitganmisiz?

14:00 15 Avgust 2022 Jamiyat
223 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻonadagi Shohimardon, Chimyon, Vodil, Avval, Yettibuloq, Mindon kabi asrlarni qaritgan koʻhna qishloqlar vodiyning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ga aylangan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Tabiati bir-biridan goʻzal bu qishloqlar aholisining betakror qadriyat va anʼanalari, ota-bobolardan meros hunarlari bor.

Aytaylik, tarixiy Mindon qishlogʻida tayyorlanadigan sopaki osh Fargʻona vodiysida juda mashhur. Azaldan qishloq toʻylarida katta doshqozonlarda sopaki osh tayyorlanib kelinadi. Bugungi kunda ham Mindonda bu anʼana davom etmoqda.

— Bolaligimizda ota-bobolarimizdan eshitganimiz boʻyicha aytadigan boʻlsak, sopaki oshning tarixi juda uzun, — deydi 84 yoshli Turdimat ota Aliboboyev.  — Chunki ular ham bolaligidan shunday osh tanovul qilib ulgʻayganlarini oʻzgacha maroq bilan eslashardi.

Qishloq nuroniylarining taʼkidlashicha, yogʻda qovurilmay asosan dimlab, bugʻda pishiriladigan sopaki osh parhezbop, tez hazm boʻlgani bois qon bosimi yuqori, harakati cheklangan bemorlarga ham tavsiya etiladi.

Mindon oqsoqollaridan biri Topvoldi Ismatovning maʼlum qilishicha, bunday oshni tayyorlash uchun paxta yogʻi alohida qozonda dogʻ qilib olinadi. Sabzi katta-katta toʻgʻraladi, guruch asosan bugʻda pishadi. Shyndan soʻng guruch ustidan dogʻlangan yogʻ quyiladi. Shu tariqa yogʻ guruchga obdon singdiriladi. Lahm goʻsht, mayiz, noʻxat unga oʻzgacha taʼm baxsh etadi. Shuning uchun ham sopaki osh issigʻida ham, sovuq holida ham juda mazali.

Qishloq toʻylaridagi yaxshi udum bugungacha saqlanib qolgan. Sopaki osh tayyor boʻlgach, avvalo, ikkita issiq non bilan bemorlar va toʻyga kela olmagan keksalar xonadoniga tarqatiladi. Mindonga boshqa hududdan kelgan mehmonlarga ham ketish chogʻida bir sopol tovoqda sopaki osh, tandirdan yangi uzilgan ikkita issiq non tugun qilib beriladi.

Hozirda Fargʻona viloyati, vodiyning turli hududlarida sopaki osh tayyorlanadi, ammo bu taomni tayyorlovchi eng mohir oshpazlar va uning asl shinavandalari Mindonda...

Dilbar Fargʻonaga yoʻlingiz tushsa, albatta, Mindonda mehmon boʻling. Mindon patiri, Shohimardonsoy suvidan tayyorlanadigan koʻk choyi, mazasi ogʻzingizda qoladigan sopaki oshi yoqimli xotiralarga aylanashi shubhasiz.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?