Million gʻoʻza ichra bir Lola

11:06 12 Aprel 2020 Jamiyat
2420 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon “Xalq soʻzi” — “Narodnoye slovo” gazetalari tahrir hayʼati aʼzosi, doimiy mualliflarimizdan biri edi. Quyida taniqli ijodkorning gazetamizda chop etilgan maqolalaridan birini eʼtiboringizga havola etmoqdamiz. Sevimli adibimizning oxirati obod boʻlsin.

Prezident daʼvatidan ruhlanib

Million gʻoʻza ichra bir Lola

Bundan bir necha oy oldin muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ijodkor ziyolilar bilan anjuman oʻtkazganida mamlakatimizdagi, joylardagi ulkan yuksalishlar, zamonamiz qahramonlari toʻgʻrisida asarlar yaratishga adiblarimizni daʼvat etgan edi. Bundan oʻzgacha bir masʼuliyat his etdik. Koʻp ustozlar hikoya, ocherk, hatto oddiy maqola asosida keyinchalik salmoqli asarlar yaratgani singari bu yozilma ham Fargʻona va fargʻonalik azamat bunyodkorlar haqida bitilajak kitob uchun bir debocha boʻlsa, ajabmas.

 

Alpqadam respublikamizga monand tarzda shiddat bilan rivojlanib, kun sayin koʻrkamlashib borayotgan Fargʻona viloyatida Oltiariqning oʻziga xos oʻrni bor. Ayniqsa, yiliga uch martalab hosil olib ham tuproqni “ozitmaslik” sirlarini mukammal oʻzlashtirib olgan, qaysi meva, qaysi sabzavot uchun tumandagi qay bir hudud yerlari mos ekanligini olimlardan yaxshiroq biluvchi mirishkor tomorqachilarining dovrugʻi juda baland. Bu omil yil sayin qad rostlab borayotgan fermerchilik uchun koʻhna dorilfunun vazifasini oʻtab kelayotgani shubhasizdir.

Birgina paxta bilan gʻallaning puliga koʻz tikib oʻtirmay, xoʻjaligini koʻp tarmoqli qilib borayotgan fermerlar soni tobora oshayotgani qisqa muddatdayoq oʻz samarasini koʻz-koʻz qilayotir. Tashabbuschi fermerlardan hisoblanmish Isoqjon Boymatov va Ikromali Xolmurodov bu jabhada koʻp kasbdoshlariga oʻrnak boʻlmoqda. Ushbu xoʻjaliklarda har qachongidan moʻlroq paxta hosili yetishtirildi. Shartnoma rejalari oshirib bajarilayotgani uchun xirmonlar toshib, ishchilarga biri 62 tonna bugʻdoy, 40 tonna kartoshkani, ikkinchisi 65 tonna bugʻdoy, 20 tonna kartoshkani qoʻshimcha ragʻbat sifatida taqsimlab berdi. Har birida 120 nafar atrofida ishchi bor, ularning oʻrtacha oylik maoshi 650-700 ming soʻmdanni tashkil etyapti.

Isoqjonning xoʻjaligida bu yil 150 tonna uzum, 450 tonna sabzavot yetishtirilgan, bir qismi chetga eksport qilingan, naslli qoramollardan kuniga 650 litrdan ziyod sut sogʻib olinayotgan, meva-sabzavot saqlash uchun 300 tonnalik sovutqich ombor qurilgan boʻlsa, Ikromalining xoʻjaligida 175 tonna uzum, 325 tonna sabzavot yetishtirildi, ularning bir qismi oʻzi qurgan 400 tonna sigʻimli sovutqichlarga bosib qoʻyildi, qoʻylar soni yuztaga, xorijdan keltirilgan sogʻin qoramollar soni 120 boshga yetdi, kuniga 700 litrgacha sut sotilmoqda, oʻrdak-tovuqlarni koʻpaytirishga kirishildi. Daromad ortgani sayin ishchilarning issiq-sovuq maʼrakalariga koʻmak mablagʻi ajratish, xayriyalar qilish uchun keng imkon tugʻilmoqda. Isoqjon mahallani obodonlashtirishga koʻproq eʼtibor qaratayotgan boʻlsa, Ikromali kam taʼminlangan ikkita oilaga namunali uylardan olib berdi.

Yutuqqa erishmoqning ikkitagina asosiy sinoati bor, biri — ishning koʻzini bilish, ikkinchisi — gʻayrat. Oʻn toʻrt yoshdan miroblik qilishni boshlab, pensiyaga chiqqunga qadar Katta Fargʻona kanali tarmogʻida xizmat qilib kelgan, hozir shu kanal yoqasida katta bogʻ yaratib,85 yoshida ham gʻayratda ayrim yoshlarga oʻrnak boʻlayotgan Tojali ota Tojidavlatov shu yangligʻ uddaburon, tinib-tinchimas kishilardan bittasi. U birgina bogʻbonlik bilan cheklanib qolmay, bu yerda kanal tarixi muzeyini yaratishga-da vaqt topa olgani kishini hayratga soladi.

Ha, bu maskanda zamon ilgʻorliklariga ergashuvchan, shijoatli, topqir, ishbilarmon insonlar sanoqsiz. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik xodimi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, ayol boshi bilan necha yillardan buyon Markaziy Fargʻonaning qumloq yerlarida dehqonchilik qilib, xoʻjalikni respublikada tilga tushgan jamoaga aylantira olgan mashhur fermer Lolaxon Murodova ana shunday omilkorlar sirasiga kiradi.

* * *

Dadasiga oʻxshab qoramagʻizroq boʻlib tugʻilgan Lolaxon bolalikdayoq boʻliqqina, kamgap, qoʻl-oyogʻi chaqqon qiz edi. Bosiqdek koʻrinsa-da, oʻta birkesar boʻlib ulgʻaya bordi. Poloson qishlogʻidagi dastlabki traktorchilardan sanalmish Neʼmat aka uni birinchi sinfga traktorida olib borganida quvonchi ichiga sigʻmay ketganini Lolaxon hanuz hayajonlanib eslaydi. Oʻshandan keyin dadasi uyga minib kelgan traktorga chiqvolib, ogʻzida “dr-r, dr-d” deya rulni aylantirib oʻynash eng sevimli mashgʻuloti boʻlib qoldi. Shu yoniq ishtiyoq keyinchalik uning taqdirini belgiladi. Maktabni bitirib, ota-onasining yoʻrigʻi bilan Politexnika institutiga kirishga hujjat tayyorlab yurarkan, yashash joyidan maʼlumotnoma olish uchun qishloq ijroqoʻmiga kelganida Katput hunar-texnika bilim yurtida traktorchilik boʻlimi ham ochilgani haqidagi eʼlonga koʻzi tushdi-yu, birdan fikri oʻzgardi. Hujjatlarni ertasigayoq oʻsha yerga eltib topshirdi. Buni eshitgan ota qiziga tanbeh bera boshlaganida, onasi eski bir voqeani eslab, beixtiyor kulib yubordi.

Oʻshanda Lolaxon boshlangʻich sinfda oʻqirdi. Bir kuni maktabga birga ketish uchun ularnikiga kirgan dugonasini onasi gapga tutib, sinfingdagi birorta bolaniyoqtirasanmi, desa, ha, falonchi zoʻr bola, deb iljaydi qoqvosh qiz. Soʻng ona Lolaxonga yuzlanib, sen-chi, deb soʻraganida, u chimrilib turib, men traktorni yaxshi koʻraman, degandi. Onadan bu gapni eshitib, Neʼmat aka ham kulishga tushdi, shu bilan vaziyat yumshadi-qoldi.

Bilim yurtini tugatgach, oʻzi oʻqigan 31-maktabda yuqori sinflarga boshlangʻich traktorchilikdan dars bera boshladi. Bir kuni oʻquvchilar gʻoʻzani yaganalash uchun kolxozdagi brigadalardan biriga safarbar etildi. Brigadaning traktorchisi armiyaga olinib, traktor egasiz qolgan ekan, brigadir: “Traktorchi topilguncha shuni minib tursang-chi”, deb qoldi Lolaxonga. Qizning yuragi potranib ketdi, dadasiga maslahat soldi. Yalina-yalina roziligini olgach, nahot endi oʻz-oʻzimning traktorim boʻlsa, deb suyunganidan tun boʻyi uxlolmay chiqdi. Qator oralariga gʻoʻzalarni shikastlantirmayishlov berish uchun traktorchidan tuzukkina tajriba talab etiladi. Lolaxon esa, dadasining bir-ikki kungina oʻrgatishidan keyinoq ishni bemalol eplab ketdi.

— Har bir ishning tugʻma ustasi boʻladi, — deb quvondi brigadir. — Bu qiz tugʻma traktorchi! Tugʻma dalachi!

Kuz keldi. Endi menga terim mashinasi beringlar, paxta teraman, degan istakni bildirdi Lolaxon. Traktor parki boshligʻi: “Bu juda ogʻir yumush, mavsum qiziganida kechqurunlariyam terishga toʻgʻri keladi”, deya avvaliga tixirlik qilsa-da, shu yerda mexanik boʻlib ishlovchi Neʼmat akaning hurmati tosh bosib, mayli, bir urinib koʻr, chidolmasdan ishni tashlab qochmasang bas, deb oxiri unga agregat berdi.

Tashlab qochish nimasi? Aksincha, baʼzi erkaklarni ham dogʻda qoʻyib, birichi yili 90 tonna paxta terdi. Keyingi yili esa, undan oʻtadigani boʻlmadi, 130 tonna terib barchani soyasida qoldirdi, qoʻsha-qoʻsha mukofotlar oldi, dongʻi yoyila bordi. Bu yutuqning sirini soʻrasangiz, Lolaxon soddagina javob qiladi:

— Qanaqa sir? Men uydan ovqat olib kelib, paxtazorning uvatida shosha-pisha yeb olardim-u, shpindellarni erinmasdan tozalab, yana ishga kirishardim. Erkak sheriklarim esa bir tushlikka chiqqanicha ikki soatlab yoʻq boʻpketardi. Vaqtni boy bermaslikka oʻrgangan odam boshqalarga qaraganda oʻz-oʻzidan sal oldinroqda yuraveradi. Fursatni qadrlash kerak, hozir qilish zarur boʻlgan ishni zarrachayam orqaga surmagan yaxshi.

Buni oʻziga nisbatan talabchanlik, oʻz shaxsini hurmatlash deydilar. Mana shunda gap koʻp.

* * *

Xoʻjaliklarda yoshlarning alohida brigadasini tuzish urfga kirgan davrlar edi, bu qiz paxta oʻstirishning hadisini yodlab boʻldi deb, 1984-yilda Lolaxonni ana shunday brigadaga boshliq qilishdi. Qatorasiga toʻrt yil rejalarni oshirib bajarib, yetakchilik mahoratini koʻrsatavergach, yerlarining talay qismi yangitdan oʻzlashtirib kelinayotgan choʻl zonasidagi boʻlimni boshqarishga yoʻllamoqchi boʻlishdi. Lolaxonning kapalagi uchib: “Bormayman! Nima, kelib-kelib qiz bolani sahroga surgun qilmoqchimisizlar?” deya oyoq tirab oldi. Bu ishga tuman rahbarlari ham aralashib, oʻzimiz yordamlashib turamiz, deb vaʼda berishgandan soʻng ularning raʼyini qaytara olmadi.

Dastlabki uch yil mashaqqatlidan mashaqqatli kechdi. Lolaxon ishni qumloq yerlarning yuzasini texnika koʻmagida qirdirib tashlab, tuproqni mahalliy ozuqalar bilan boyitishdan boshladi. Koʻpincha kechqurunlari ham hali u brigada, hali bu brigada yerlaridagi ishlarni nazorat qilib yurar, baʼzan uyga qaytishga holi yetmay, dala shiyponida tunab qolardi. Shu zayl yerlar epaqaga kela borib, toʻrtinchi yildan eʼtiboran rejalar oshirib bajarila boshlandi, olti yil oʻtib, xoʻjalikdagi peshqadam boʻlimga aylandi. Tuman rahbarlari bunga tan berib, ochigʻini aytsak, bunchalik oʻzgarishlar yasay olishingizga boshida oʻzimiz ham uncha ishonmagandik, deya uni astoydil olqishlashdi.

Qiyinchiliklardan qoʻrqmaslikka, har qanday gʻovni yengib oʻtish mumkinligiga oʻzini ishontira olmoqqa qodir insonning obroʻyi ham, martabisi ham oshib boraveradi. Ayniqsa, yurt mustaqillikka erishgach, tajribali kadrlar yana-da qadrlana boshlanib, Lolaxon shirkat xoʻjaligiga rais etib saylandi. Shu lavozimda yetti yil yeng shimarib ishladi.

Ammo eski tuzumdan qolgan ishlab chiqarish usullari oʻzini yaxshi oqlolmayotgani tobora ayonlashib borayotgandi. Shu bois shirkat xoʻjaliklari tugatila borib, jahon andozasiga monand boʻlgan fermerlikka keng yoʻl ochilaverdi.

* * *

Shirkat xoʻjaligining ekinzorlari 2007-yili fermerlarga taqsimlab berilayotganida, taqdirni qarangki, oʻzi bir paytlar boʻlim boshligʻi boʻlib ishlagan choʻl zonasidagi yerlar yana Lolaxonning chekiga tushdi. Mana, hozirga qadar shu oʻramda dehqonchilik qilib kelmoqda.

Boshqaruvning yangicha usuli! Bunda oʻzing agronom, oʻzing hisobchi, oʻzing iqtisodchi, oʻzing irrigator. Oʻzing yugurasan, oʻzing topasan, oʻzing taqsimlaysan. Shu sababdanmi, boshqaruvga koʻnikmasi yoʻqlar dastavval juda qiynalishdi, ayrimlar bunaqa boshogʻriqdan butunlay voz kechdi. Lolaxon yangicha tizimni ham tez oʻzlashtirdi, ishni 121 gektar yerga egalik qilishdan boshlagan boʻlsa, vazifasini uddalay olmagan qoʻshni fermermerlarning yerlarini-da birma-bir oʻzinikiga qoʻshib olaverib, umumiy ekinzori oxiri 473 gektarga borib yetdi. Shu asno, tashvish ustiga tashvishlar qoʻshilaverdi. Sillasi qurigan yerlarni yaxshilab toʻyintirish, texnika va uskunalar xarid qilish, ekin zararkunandalagiga qarshi kimyoviy ishlov berish, kerak boʻlsa, qoʻshimcha odam yollab, koʻsak qurtlarini qoʻlda terdirish singari yumushlarga presslangan somonlarni pullab ham mablagʻi yetavermagach, mukofotga olgan “Neksiya”sini sotib, ishni davom ettirdi.

Bu orada dalaga bosh vazir kelib qoldi, paxtazorni oralab, poyabzalidan tortib kiyimigacha changga belangan ahvolda qaytib chiqqach, muammolarni surishtirdi. Lolaxon asosiylarini sanashga tushdi. Bosh vazir bularning talay qismini shu joyning oʻzidayoq hal etib berdi, baʼzilarini yechish uchun yana ozgina fursat kerakligini aytdi.

— Shiyponga dasturxon tuzab qoʻygandik, — deb eslaydi Lolaxon. — Bosh vazirni taklif etsak, ataylab Oltiariqqa kelib mashhur neʼmatidan tatmay ketmayin, deya dasturxondan bodring oldi-yu, biz bilan quyuq xayrlashib, mashinasiga oʻtirdi. Oʻshanda, payti kelib, aynan shu odam xalqimizga yoʻlboshchi boʻlishini bilmagan edik.

Shavkat Miromonovich prezidentlikka saylanganidan soʻng, faoliyatining dastlabki davridanoq xalq xoʻjaligimizda, jumladan qishloq xoʻjaligida yechimini kutib turgan, oʻzi koʻpdan beri koʻrib-bilib yurgan muammolarni hal etishga qaratilgan qator qaror va farmonlarni eʼlon qila boshlagani ayni muddao boʻldi. Qishloq xoʻjaligidagi asosiy chigalliklar ham nihoyat oʻz yechimini topib boraverdi.

Demak, endi muammolar qolmabdi-da, degan savolimizga Lolaxon kulimsirab turib shunday javob qildi:

— Eng yiriklaridan qutuldik, lekin mayda-chuydalari baribir paydo boʻlaverarkan. Masalan, yaqinginadagi bir ishni aytsam, elektrdan qarzlarlaring koʻpayib ketibdi deb suv tortish nasosimizni plombalab ketishdi. Gʻoʻza esa qarz-parz degan narsani tushunmaydi, vaqtida suv berilmasa, hosilini toʻkadi-qoʻyadi. Viloyat hokimining koʻmagi bilan nasosni qayta ishlatib turgan kunlarimizda dalamizga qishloq xoʻjalik vaziri kelib qoldi. Yerlarimizning yarmidan koʻpi katta miqdorda elektr energiyasi sarflovchi nasos yordamida sugʻorilishi, buncha pulni toʻlashga xoʻjaligimizning yillik daromadi ham yetmasligini aytsam, u kishi prezidentimizga buni darhol maʼlum qildiyu,muammo ijobiy hal boʻldi-qoldi. Tashvishimiz tez ariganidan shundaqangi sevindikki!

Ha, shunaqa dunyo bu, ish bor joyda turli mammolar tugʻilaveradi. Muhimi – ulardan choʻchimaslik, koʻngilni choʻktirmaslik, yaxshi niyat bilan, sabr-toqat bilan ishning ketidan quvaverish. Mana shunday kayfiyat Lolaxonning kundalik turmush tarziga aylanib ketgan.

* * *

Eng zarur texnikalarga ega boʻlmagan fermer birovdan bigiz soʻrab ishlayotgan etikdoʻzning oʻzginasi. Lolaxon erishayotgan muvaffaqiyatlarda xoʻjaligini texnikalar bilan boyitib borayotganining ahamiyati beqiyos. Hozir uning ixtiyorida “Klass orion” haydov traktori, “Belarus” chopiq traktori, zararkunandalarga qarshi ishlov beruvchi OVX, ekinlarni biryoʻla oʻgʻitlab ketuvchi zamonaviy kultivatorlar bor. Bu yil qarzni yetti yilda uzish sharti bilan “Klass dominator” rusumli serunum kombaynni lizingga xarid qildi.

— Bugʻdoy oʻrimida chetdan kombayn yollab, har yili sakson million soʻmgacha haq toʻlardik, — deydi Lolaxon durustgina iqtisodchi ham boʻlib qolganini namoyishlab. — Endi yiliga oʻsha sakson millionni lizing idorasiga toʻlab borsak, yetti yilda keyin kombayn yonimizga qolarkan. Bu orada oʻrim mavsumida qoʻshnilarga koʻmaklashib, qoʻshimcha pul ham ishlab olamiz.

Mablagʻ qancha koʻpaymasin, Lolaxon oʻzi uchun dangʻillama uy qurish, koʻrimliroq yengil avtomashina sotib olish, hatto yaltir-yultir kiyinishni xayoligayam keltirmaydi. Qachon qaramang, biz dalaga borganimizda koʻrganimizdek, oyogʻida etik, beliga chit belbogʻ oʻralgan odmi kiyimda yuradi. Tufli kiysa, muvozanatini saqlolmay qolarmish. Topganini xoʻjalikni tiklashga, yangi texnikalar olishga, qurilishlar qilishga, 108 nafar ishchining moddiy ahvolini oʻnglab borishga, qoʻshimcha tarzda ragʻbatlantirib turishga, ehtiyojmandlarga koʻmaklashishga sarflaydi. Uning oʻz falsafasi bor – rahbar boʻldingmi, oldin boshqalarga ber, keyin oʻzing ol, shunda hammaga gaping oʻtadi.

Jazirama quyosh taʼsirida boshidagi roʻmolining gullari uniqib, qoʻllari tugul yonoqlari ham poʻrsilloqlana boshlagan bu ayolga zimdan tikilib turarkanman, miyamda oʻz-oʻzidan sheʼriy satrlar potrana boshlaydi:

Goho juda tanishga oʻxshar

Roʻmoliga chatish har tola.

Shu tolaga ishq qoʻyib yashar

Million Gʻoʻza ichra bir Lola...

“Zamonamiz qahramoni” degan nishon yoʻq, ammo Lolaxon timsolidagi bu nomga munosib insonlar nishonsiz ham yaqqol ajralib turaveradi.

* * *

Joriy yil jamoa uchun chakki boshlanmadi. Davlatga shartnomaviy rejadagi ming tonna oʻrniga bir yarim ming tonna bugʻdoy topshirildi, ortgan 250 tonnasi ishchilarga tarqatildi, 50 tonnasi urugʻlik uchun ajratilib, oʻta shinam shiypon ortiga qurilgan yangi omborga bosib qoʻyildi. Buning sababi bor — urugʻchilik idorasi har gektar yerga 250 kilogramm atrofida urugʻlik beradi. Lolaxonning xoʻjaligi choʻl joyda ekani tufayli, qattiqroq shamol tursa, ekilgan bugʻdoyning bir qismini uchirib ketadi. Shunaqada yana urugʻlik soʻrab idorama-idora yugurmasdan, oʻz zahirangni ishga solaverasan. Hammasini oldindan oʻylab qoʻygan maʼqul-da.

Bugʻdoydan boʻshagan maydonlarning 25 gektariga sabzi, 20 gektariga sholi, 10 gektariga kartoshka, 7 gektariga soyya ekildi. Xoʻjalikda boqilayotgan qoʻylar, ishchilarning chorvasi uchun ozuqabop ekinlarga ham yer ajratildi.

Yiliga olti marta nasl berib, ikki nasli boshqa ekinlarga, toʻrt nasli asosan gʻoʻzaga zarar yetkazuvchi koʻsak qurti bilan kunu tun olisha-olisha hosilning katta qismini saqlab qola olishgani sababli ishchilarning ruhi baland, boshi osmonda. Ular rejadagi 27 oʻrniga gektaridan 40 sentnerdan xirmon koʻtarishni dangaliga bashorat qilishyapti.

Iloyim, umidlari roʻyobga chiqaversin, roʻzgʻorlariga qut-baraka yogʻilaversin, zahmatkash ota-onalarining qoʻliga qarab turgan bolakaylar quvonchiga quvonch qoʻshilaversin.

* * *

Prezidentimiz shu yilning yozida Fargʻonaga tashrif buyurib, orada Bagʻdod tumanida fermerlar bilan suhbat oʻtkazganida, Lolaxon ham ishtirokchilar safida boʻldi. Yigʻilishga borayotgan chogʻida bir toʻp ayol uni yoʻlda toʻxtatib, bilamiz, yurtboshimiz bilan boʻladigan uchrashuvga ketyapsiz, agar gaplashib qolsangiz aytib qoʻying, bizga koʻp yengilliklar yaratib berayotgani uchun u kishidan ming-ming marta rozimiz, keksayu yosh tinmay duo qilib yuribmiz, deyishibdi.

– Birinchi prezidentimiz oʻz faoliyatini aholiga tomorqa tarqatishdan, ijtimoiy himoyalarni kuchaytirishdan boshlab koʻpchilikning duosini olgandi, — deya entikib soʻz qotdi Lolaxon. — Balki, yurtga chorak asrdan ziyod yetakchilik qilganiga, jahonda ulkan hurmat orttirganiga shu omil katta sababchi boʻlgandir. Qarangki, Shavkat Miromonovich ham prezidentlik faolayatining dastlabki kunlaridanoq nuqul elning duosini olib kelyapti. Qadoqqoʻl mehnatchilarning duosida xosiyat koʻp. Mana koʻrasiz, bu kishi bilan ham hali juda uzoq vaqt birga boʻlamiz.

Har bir gapga farishtalar “Omin!” deb turarkan...

Anvar OBIDJON,

Oʻzbekiston xalq shoiri.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?