Milliyligimizni keskin tanqid ruhida emas, namuna koʻrsatgan holda yetkazishimiz lozim — Madaniyat vazirligi poytaxt markazida hilpiragan SSSR bayrogʻi haqida

22:48 03 May 2021 Madaniyat
1287 0

1-may kuni “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyining old tomonida “Xor tureskogo i soprano” jamoasi tomonidan “Gʻalaba qoʻshiqlari” kuylanib, konsert dasturi namoyish etilgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu konsert davomida tomoshabinlar orasida kimlarningdir qizil bayroq koʻtargani holati aks etgan suratlar keng tarqalib, keskin muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Mazkur vaziyatga Madaniyat vazirligi quyidagicha munosabat bildirdi.

«Mixail Tureskiy musiqa xoldingi tomonidan 2018-2019-yillar davomida 14ta davlatda konsert dasturlari namoyishi oʻtkazilgan. 2020-yilda ham pandemiyaga qaramay Yevropaning 13ta davlatida konsert dasturlari tashkil etilgan.

Shuningdek, joriy yilning 30-aprel kuni Dushanbe hamda 2-may kuni Bishkek shaharlarida ham xalqlar va millatlar oʻrtasidagi hamdoʻstlik, madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadiga yoʻnaltirilgan musiqiy dasturlarni taqdim etgan.

Madaniyat vazirligi ushbu konsert dasturining Oʻzbekistonda oʻtkazilishida hamkor hisoblanib, faqat sahnadagi jarayonlarga javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan. Yaʼni ishtirokchilarning sahnada oʻzini tutishi, milliy urf-odat va anʼanalarga zid boʻlmagan musiqiy dasturlar taqdim etilishini nazorat qilib, namoyishning badiiy saviyasi, yetukligiga javobgar hisoblanadi.

Lekin bugun har birimiz milliyligimiz, tilimiz, madaniyatimiz, urf-odat va anʼanalarimiz targʻiboti yoʻlida xizmat qilar ekanmiz, buni keng ommaga majburlab yoki keskin tanqid ruhida emas, balki oʻzimiz namuna koʻrsatgan holda yetkazishimiz lozim deb bilamiz. Bunga shu yurtning har bir farzandini masʼul deb hisoblaymiz», deyiladi munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?