Milliy va umuminsoniy qadriyatlar namoyishi

13:56 20 Mart 2023 Jamiyat
1179 0

Foto: Xalq so‘zi

Navroʻz bayramining xalqimiz hayoti, ayniqsa, yosh avlodni milliy anʼanalarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi oʻrni juda katta. Zero, uning zamirida xalqimizning ulkan tarixi, sof milliy qadriyatlari, urf-odatlari, marosimlari, udum va anʼanalari mujassam.

Bu Qarshi shahrida Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻida oʻtkazilgan viloyatning asosiy Navroʻz saylida yana bir bor namoyon boʻldi.

Qariyb 30 gektarlik bogʻda viloyatning barcha shahar va tumanlari, mahallalar, milliy madaniyat markazlari, folklor-etnografik dastalari, hunarmandlar, kasb-hunar, ijod maktablari, sport muassasalari jamoalari milliy anʼanalar, milliy liboslar va taomlar hamda yoshlarning ijod va sportda qoʻlga kiritayotgan yutuqlari koʻrgazmasini tashkil etishdi.

— Sayil taassurotlari katta, — deydi Qarshi shahridan Muhayyo Berdiyeva. — Ayniqsa, farzandlarim rosa yayrashdi. Kulollar, temirchilar, gilamdoʻzlarning ish jarayoni, momolarimizning qadimiy urchuqda ip yigirishini rosa qiziqib tomosha qilishdi. Viloyatimizdagi turli mahallalar, turli millat vakillari hozirlagan qadimiy dehqonchilik asbob-uskunalari, buyumlar, soʻzana va shu kabi milliy matolarimiz haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldik.

Shu bilan bir qatorda, sayilgohda tashkil etilgan milliy oʻyinlar, folklor sanʼatining noyob namunalari, keksayu yosh qalbidan chuqur joy olgan qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuygʻular tarannum etilgan kuy-qoʻshiqlar, oʻlan, lapar va dostonlar ijrosi barchaga yanada oʻzgacha xushnudlik bagʻishladi.

Bayramning rasmiy qismi istirohat bogʻi hududidagi amfiteatrda boʻlib oʻtdi. Uni Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov tabrik soʻzi bilan ochib berdi.

Sanʼatkorlar ijrosidagi dilbar navolar, jozibali raqslar, badiiy sahna chiqishlari barchaga xush kayfiyat, shodonlik ulashdi.

Jahongir BOYMURODOV,  «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?