Milliy teleradiokompaniya faoliyati yoritilgan kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi

Foto: Jurnalistlar ijodiy uyushmasi
Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarixi, rivojlanish bosqichlari va bugungi kundagi faoliyatiga oid uchta kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, faxriy jurnalistlar, shuningdek, mazkur sohada tadqiqot olib borayotgan professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
“Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi: zamon bilan hamqadam” kitob-albomi OʻzMTRKning tarixi va bugungi kundagi faoliyatiga bagʻishlangan boʻlib, asosan, tarixiy fotosuratlar, aniq fakt va raqamlar yordamida tizimdagi teleradiokanallar hamda korxonalarning rivojlanish bosqichlari, mustaqillik yillarida qoʻlga kiritilgan yutuqlari, foydalanayotgan zamonaviy texnologiyalari haqida soʻzlaydi.
“Televideniye mening taqdirimda” nomli ilmiy-ommabop toʻplamda oʻzbek teleradio jurnalistikasi tarixi va buguniga oid turkum maqolalar, shuningdek, esse, ocherk va badialar jamlangan. OʻzMTRK tizimida faoliyat olib borgan ustoz jurnalist va rejissyorlar, tasvirchi va prodyusserlar, shuningdek, texnik xodimlarning goʻzal xotiralari oʻrin olgan. Xususan, televideniyeda oʻziga xos rejissyorlik maktabini yarata olgan Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Mahkam Mahammedov, Oʻzbekiston televideniyesining afsonasi, Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Galena Melnikova, oʻziga xos diktorlik maktabini yaratgan oliy toifali suxandon Nasiba Ibragimova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, ilk siyosiy sharhlovchilardan biri Tursun Qoratoyev, “Bir oʻlkaki...”, “Oʻzanini topar daryolar”, “Mening oʻlkam” kabi koʻrsatuvlar muallifi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Farhod Bobojonov kabi oʻnlab ustoz ijodkorlarning teleradiokompaniya bilan bogʻliq xotiralari bugungi avlod uchun ibrat maktabi vazifasini oʻtaydi. Shuningdek, jurnalistika yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan talabalar va keng kitobxonlar uchun moʻljallangan mazkur toʻplamdan yosh ijodkorlar – jurnalist va rejissyorlarning ham fikr-mulohazalari, esse va badialari oʻrin olgan.
“Radio va televideniye” nomli kitobda teleradio jurnalistikasining tadrijiy taraqqiyot bosqichlari, janr xususiyatlari hamda oʻz davrida mazkur sohaga ulkan hissa qoʻshgan va qoʻshayotgan jurnalist, rejissyor, diktor-boshlovchilar hayoti va ijodi, shuningdek, bugungi kunda yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan davlat va nodavlat teleradiokanallar haqida soʻz boradi.
Soʻz olganlar mazkur kitoblarning ahamiyati juda yuqori ekanini eʼtirof etishdi. Taqdimotda bugungi kunda koʻpgina oliy oʻquv yurtlari, ilmiy tadqiqot markazlari, nodavlat tele va radiokanallar xodimlari, ilmiy muassasalarining koʻplab mustaqil izlanuvchilari OʻzMTRK bilan doimiy ilmiy hamkorlik qilish istagini bildirayotgani, keyingi yillarda nafaqat kompaniya xodimlari, balki turli ilmiy muassasa tadqiqotchi-olimlari tomonidan koʻplab ilmiy-monografik asarlar nashr etilayotganligi alohida qayd etildi. Kelgusida OʻzMTRK faoliyatini ilmiy tadqiq etishga yoʻnaltirilgan bunday ishlar koʻlamini yanada kengaytirish, sohaga doir fundamental tadqiqotlar hajmini oshirish, ragʻbatlantirish, ilmiy tadqiqot natijalaridan olingan xulosalarni amaliyotga keng joriy etish mexanizmini yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniya huzurida “Radio va televideniye” ilmiy-tadqiqot Kengashi faoliyati tashkil etilayotgani toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtildi. Qayd etilishicha, mazkur Kengash radio va televideniye faoliyatini ilmiy tadqiq etishga yoʻnaltirilgan tadqiqotlarini yangi bosqichga olib chiqishga koʻmak berish, olimlarning ushbu sohaga oid ilmiy faoliyat olib borishlari uchun keng shart-sharoitlar yaratish kabi maqsadlarini qamrab oladi.
Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
- Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi
- O‘zbekistonga Erondan issiq havo massalari kirib kelmoqda
- Kitoblar — tafakkur chashmasi
- Qatar Davlati Amiri davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring