Milliy taraqqiyotning oydin yoʻli

11:46 22 Aprel 2021 Jamiyat
346 0

Oʻzbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida yangi davr boshlandi. Biz milliy taraqqiyotning navbatdagi ikkinchi bosqichiga dadil qadam qoʻydik. Bu davrning strategik maqsadi, kutiladigan natijalar, jamiyat va odamlarni yangicha dunyoqarashda shakllantirish yoʻllari hamda usullari haqida nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham koʻplab ilmiy maqolalar, munosabatlar eʼlon qilinmoqda.

Bugungi taraqqiyot yoʻlimizning mazmun-mohiyati haqida falsafa fanlari doktori, professor Saʼdulla OTAMURATOV quyidagi fikrlarni bildirdi.

Jahon mamlakatlarining rivojlanish tajribasi

Bugungi kunda “oʻtish davri” tushunchasi, uning nimadan boshlanib, muhlat nuqtayi nazaridan poyoniga yetishi masalasi siyosat falsafasida oʻta dolzarb jihatlardan biridir.

Uning dolzarbligi shundaki, birinchidan, bu oʻta murakkab bosqich boʻlib, uni bosib oʻtmay turib bironta mamlakat taraqqiyotga erisha olmaydi.

Ikkinchidan, oʻtish davri boshlanganidan keyin, uni toʻxtatishning yoki orqaga qaytishning imkoni qolmaydi.

Uchinchidan, oʻtish davriga xos yana bir muammo borki, u ham boʻlsa, ishlab chiqilgan model real hayotni oʻzida ifoda ettiradimi yoki yoʻqmi, uning amaliyotga tatbiq qilinishi natija berish yoki bermasligining aniq boʻlmaganidir. Chunki ichki hayotda obyektiv hamda subyektiv omillar taʼsirida kutilmagan muammolar sodir boʻlmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shuning uchun modelni ishlab chiqishda real imkoniyatlar, vaziyat, shart-sharoitlarni hisobga olish va real hayotga tatbiq qilishda siyosiy, iqtisodiy hamda maʼnaviy-maʼrifiy omillarga nisbatan oʻta hushyorlik talab etiladi.

Toʻrtinchidan, oʻtish davrining barcha mamlakatlar uchun umumiy boʻlgan andozasi yoʻq, boʻlishi ham mumkin emas.

Oʻtish davrining muhlatlari ham koʻpchilikni birday qiziqtiradi. Bugun yuksak taraqqiyot darajasiga koʻtarilgan Yevropa davlatlarining barchasida taraqqiyotning klassik modeli shakllanib, u 200 — 250-yilni qamrab oldi. Ana shu davrda bu davlatlar turli ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, fuqarolar urushlari va inqirozlarni ham boshidan kechirdi. Bu jarayondagi eng muhim jihat shu boʻldiki, ana shu davrda yuz bergan barcha holatga hokimiyat hamda fuqarolar moslashib, “pishib” bordi.

Tarixiy va zamonaviy tendensiyalar

Mustaqillik yillarida milliy taraqqiyotimizni shartli ravishda ikki bosqichga: 1991 — 2016-yillar va 2016-yildan to bugungi kungacha davom etayotgan davrlarga ajratish mumkin. Taʼbir joiz boʻlsa, har ikkala davr ham oʻziga xos murakkabliklarga ega. Birinchi bosqichning murakkabligi milliy-maʼnaviy tiklanish mustaqillikni asrab qolish bilan bogʻliq kechdi. Ayni paytda milliy taraqqiyot uchun zarur boʻlgan nazariy asosni yaratishni ham taqozo etdi.

Oʻrni kelganda shuni taʼkidlash kerakki, baʼzi tahlillarda bosib oʻtilgan rivojlanishning birinchi bosqichiga qora chiziqlar tortib, jarayonga obyektiv baho bermaslik holatlari mavjud. Bu murakkab yillar “inqirozlar” davri boʻlgan boʻlsada, oʻta chigal, mashaqqatli, ayni oʻziga xos davr sifatida tariximiz sahifalariga muhrlandi. Bugun Prezidentimizning ommaviy axborot vositalari (OAV)ning oshkora faoliyat koʻrsatishiga keng yoʻl ochib bergani, ilmiy tadqiqotlarda tariximizga obyektiv yondashishga imkoniyat yaratilgani taraqqiyot yoʻlimizga noxolis munosabatlarni millatimiz mentalitetidan tezroq chiqarish borasida ziyolilarni jipslashishga, yakdillik bilan harakat qilishga undamoqda.

Avvalo, aytish joiz, insoniyat millat, mamlakat va jahon taraqqiyoti bosqichlarini qaraydigan boʻlsak, ular qanchalik ravnaq topmasin, tamaddunlarni (sivilizatsiyalarni) yaratmasin, barchasida oʻziga yarasha kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligini koʻramiz. Kamchilik yoʻq ekan, demak taraqqiyot ham boʻlmaydi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etishga harakat qilar ekanmiz, demak, rivojlanish uchun dadil intilishdamiz. Kamchilik istiqbolni belgilashga va bu yoʻlda harakat qilib taraqqiyotga erishishga yordam beradi. Insoniyat shu tariqa rivojlanib kelgan, bu qonuniyatni inkor etib boʻlmaydi. Faqat oʻz vaqtida anglash, uni koʻra bilish va xolislik bilan yondashishgina taraqqiyotga xizmat qiladi. Shu maʼnoda, mustaqillikka erishganimizdan keyingi bosib oʻtilgan birgina bosqichga ana shu nuqtayi nazardan qarash toʻgʻri boʻladi, deb hisoblaymiz.

Milliy taraqqiyotimizning birinchi bosqichidagi yutuqlarimiz haqida fikr yuritganda, avvalo, mustaqillikni asrab qolishimiz, boshqa yurtlarda sodir boʻlgan inqiloblarni boshdan oʻtkazmaganimiz, davlat va millatimizning dunyoviy taraqqiyot yoʻlini tanlab, uning amalga oshishi uchun zarur boʻlgan zaminni yaratganimiz, mavjud imkoniyatimiz darajasida xalqimizning urf-odat, anʼana hamda qadriyatlarini rivojlantirganimiz, dunyo miqyosida tahlikali vaziyatlar kuchaygan sharoitda mamlakatimiz tinchligini taʼminlaydigan milliy armiyani tashkil qilganimiz va -boshqa bir qator yutuqlarni eʼtirof etish joiz.

Toʻgʻri, ushbu vazifalarni amalga oshirishda kamchiliklar ham sodir boʻldi. Ular ham tabiiy holat bilan bogʻliqdir. Chunki Oʻzbekiston oʻzining mustaqil taraqqiyot yoʻlini, ilgari hayotida bosib oʻtilmagan butunlay yangi yoʻlni tanladi. Uning hali qanday samara berishini hech kim ayta olmas edi.

Eng asosiysi, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning salmogʻi qanchalik katta boʻlmasin, dunyo xaritasida Oʻzbekiston, degan mustaqil davlatning paydo boʻlganligi va uning oʻzini oʻzi ichki hamda tashqi yovuz kuchlardan himoya qilib, keyingi taraqqiyot bosqichiga zamin hozirlagani boʻldi.

Shu oʻrinda yana bir muhim masala ham borki, uni hisobga olmasdan turib, mustaqil taraqqiy qilib boʻlmaydi. U ham boʻlsa, yuksak taraqqiyotga erishgan davlatlarning boy tajribalaridan qay darajada foydalanish masalasi. Aytish lozimki, u mamlakatlarning birontasi ikkinchisining “modeli”ni aynan koʻchirmagan, har biri oʻziga xos soʻqmoqlardan yurib, katta yoʻlga chiqib olgan. Mustaqil yoʻlida juda koʻp ziddiyatlar, qarama-qarshiliklarni kechirgan. Ushbu masalaga yana qaytishimizning sababi shundaki, bugun Oʻzbekistondagi ayrim nazariyotchi va amaliyotchilar: “Nima keragi bor, yana aravani kashf qilib, bor aravadan foydalanib, taraqqiy qilishimiz kerak”, degan fikrda yetakchi mamlakatlarning tajribasini “yoppasiga” qabul qilish haqidagi gʻoyalarga yopishib olgan. Bizningcha, doʻppini boshdan olib, chuqur oʻylagan hamda tahlil qilgan holda, mamlakat nima hisobiga taraqqiyotga erishgani va nimani boy bergani, ularni istiqbolda qanday muammolar kutayotgani haqidagi qarashlarni oʻrganib chiqish milliy taraqqiyotimiz uchun amaliy ahamiyat kasb etadi.

Bugungi global muammolar paytida taraqqiyotga erishgan Gʻarb mamlakatlarining hozirda inqirozga yuz tutganligini koʻpgina siyosatchilar, davlat arboblari, yetuk olimlar eʼtirof etmoqda. Ularning fikrlari amerikalik taniqli olim Patrik Bʼyukenenning «Gʻarbning halokati» nomli fundamental asarida yorqin ifodasini topgan.

Bu maʼlumotlarni keltirishdan maqsad shuki, rivojlangan davlatlarda hozirgi kunda bizdagi koʻp masalalar — urf-odatlar, anʼana va qadriyatlarning birontasi yoʻq, biz ham ulardan voz kechmasdan rivojlana olmaymiz, degan fikrlarni ommalashtirishga harakat qilayotgan ayrim “mutaxassislar”, “nazariyotchilar” hamda “amaliyotchilar” borligiga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozimga oʻxshaydi.

“Oʻz armiyasini boqa olmagan davlat, oʻzgalar armiyasini boqadi”, degan naql bor. Bu naqlni milliy taraqqiyotimiz nuqtayi nazaridan olganda, Gʻarbning tajribalarini yoppasiga, “bor-baraka”siga qabul qilsak, istiqbolda yuksak rivojlanishga erishishimiz mumkin. Ammo bugunga kelib, ularning boshiga tushgan, oʻz millatidan, takrorlanmas maʼnaviy-axloqiy qadriyatlaridan mahrum boʻlishi, olomonlashuvi millatimizning ham boshiga tushishi muqarrarlashadi. Buning oldini olishning yagona yoʻli esa oʻz yoʻlimizni u nechogʻli murakkab, ziddiyatli boʻlmasin, tanlashimiz va uni amalga oshirishda qatʼiy turishimiz lozim. Gap dunyo xalqlari oʻz taraqqiyotlari jarayonida erishgan yutuqlardan butunlay voz kechish haqida ketayotgani yoʻq, balki ularning millatimiz rivoji uchun xizmat qiladigan tajribalaridan foydalangan holda, millatimizning yemirilishi, oʻzligidan mahrum boʻlib qolishidan ehtiyot boʻlishimiz, har birimiz bugungi tahlikali hamda shiddatli oʻzgarayotgan zamonda xalq va Vatan taqdiriga masʼuliyatli ekanligimizni hech qachon esdan chiqarmaslik haqida bormoqda.

Milliy taraqqiyotimizning ikkinchi bosqichini 2016-yildan belgilab, tahlil etadigan boʻlsak, Shavkat Mirziyoyev prezidentlik lavozimiga kirishganidan keyingi dastlabki kunlarda “milliy taraqqiyot yoʻlimizni qatʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz”, degan konseptual gʻoyani strategik vazifa qilib belgiladi. Yaʼni avvalgi yoʻlni inkor qilmadi, balki uni davom ettirib, yangi bosqichga koʻtarish — milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari odimlash vazifasini ilgari surdi.

Ikkinchi bosqich vazifalari

Ikkinchi bosqichda qoʻlga kiritilgan yutuqlarimiz haqida fikr yuritganda ushbularni eʼtirof etish mumkin:

Birinchidan, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev bosib oʻtilgan birinchi bosqichni inkor etmasdan, murakkab muammolarni hal qilishda oʻziga xos kamtarlik, oqillik hamda jasoratni namoyon etdi, ayni paytda istiqboldagi milliy taraqqiyotimiz strategiyasi haqidagi gʻoyalarini aniq va asosli ravishda olgʻa surdi hamda uning yangi bosqich ekanligiga eʼtiborni qaratib, masʼuliyatni toʻla oʻz zimmasiga oldi.

Ikkinchidan, ushbu bosqichda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni chuqur tahlil qilib, taraqqiyotimizning yangi bosqichi uchun zarur boʻlgan nazariy asoslarni ishlab chiqish ehtiyoji tugʻildi. Oʻz ¬navbatida, belgilangan vazifalarni amalga oshirish jarayoniga xalqimizni keng jalb qilishdek oʻta murakkab vazifani hal etish kerak boʻldi. Ayni paytda ijro mexanizmlarini ishlab chiqish zarur edi, boz ustiga hali sobiq shoʻrolar hukmronligi davridan va taraqqiyotning birinchi bosqichida toʻplanib kelayotgan muammolarga aniqlik kiritish hamda ularning yechimlarini topish ¬talab qilinar edi. Ochigʻini aytganda esa ¬muammolarni hal etish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Ular haqida xorijiy ommaviy axborot vositalarida ham bot-bot yozilmoqda.

Birinchi navbatda, Prezidentimiz xalqimizga soʻz hamda matbuot erkinligini, ularning oʻz dardi, xohishlari va muammolarini emin-erkin koʻtarib chiqish imkoniyatini yaratib berganligi katta jasorat namunasi edi. OAV hamda Xalq qabulxonalarida yurtdoshlarimiz yillar davomida hayotida toʻplangan muammolarini ochiqchasiga ifoda etdi. Ularni bosqichma-bosqich hal qilishga kirishildi. Shu maʼnoda, milliy taraqqiyotimizning ikkinchi bosqichini demokratiya sari tashlangan chin maʼnodagi qadam boʻldi, deyish mumkin.

Demokratiya — mashaqqatli jarayon. U berilmaydi, balki hokimiyat hamda fuqarolarning faol ishtirokida shakllanadi, rivojlanadi va takomillashadi. Shu bois unga har ikki tomon, nafaqat moyil boʻlishi, balki “chiday bilishi” kerak. Yaʼni bir tomondan, hokimiyatning shakllanishi uchun sharoit ¬yaratilishi hamda siyosiy jarayonda yuzaga keladigan noroziliklar, qarama-qarshi fikrlarni “mardlarcha” tinglay bilishi va ularni bartaraf etishga kuchlarni yoʻnaltirishi, ikkinchi tomondan, fuqarolar ham yaratilgan imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanib, “tashqaridan” maslahat beruvchilarning yoʻl-yoʻriqlariga koʻra emas, oʻz millati, xalqi hamda Vatani manfaatlaridan kelib chiqqan holda, faollik koʻrsatishi talab etiladi.

Ikkinchi bosqichdagi eng dolzarb vazifalardan biri — milliy taraqqiyot istiqbolini taʼminlovchi ilmiy-nazariy konsepsiyani ishlab chiqish, uning roʻyobiga oid mexanizmlarni ishga tushirish va xalqimizning faol ishtirokida ruhiyatiga yangi bosqichdagi vazifalar koʻlamidan kelib chiqib ilhom bagʻishlashdir. Bu jihatdan Prezidentimizning uchinchi Renessans asoslarini yaratish borasidagi oʻta muhim, ayni paytda, murakkab hamda sharafli vazifani kun tartibiga qoʻyganligi nihoyatda toʻgʻri boʻldi. Demak, millat va xalq manfaatlarini oʻzida jamlagan ulkan vazifalar oldimizda turibdi.

Oʻz oʻrnida aytish lozimki, oramizda hokimiyat boshqaruvining zamonaviy uslublaridan ayrim mahalliy rahbarlarning bexabarligi va yurtimizda kambagʻallikda hayot kechirayotgan aholining mavjudligi sharoitida uchinchi Renessans haqida fikr yuritish toʻgʻrimikin, degan savolni berayotganlar ham topiladi.

Taʼkidlash joiz, Markaziy Osiyoda sodir boʻlgan tamaddunlarning birontasi ham fuqarolar farovon yashagan, hokimiyatda barqaror boshqaruv tizimi ishlagan davrda sodir boʻlmagan. Ularning barchasi jamiyatda qarama-qarshilik va muammolarning mavjudligi, qarashlar rang-barangligi davom ¬etayotgan bir sharoitda roʻy berganligini tarixiy maʼlumotlar tasdiqlaydi.

Misol uchun, Xorazmda IX — XII asrlarda sodir boʻlgan birinchi Renessans tarixiga nazar solsak, buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniyning yozib qoldirishicha, V — VII asrlarda oʻlkani bosib olgan arablar, lashkarboshi Qutayba ibn Muslim al-Baxiliy Xorazmiylarda mavjud boʻlgan fanlarni oʻrgangan kishilarni yoʻq qilgan va ularni azoblarga duchor etgan, soʻngra xattotlarni yoʻqotgan, din peshvolarini oʻldirgan, kitoblar hamda qoʻlyozmalarni yoqib yuborgan, natijada xorazmliklar kerakli barcha bilimni faqat xotiralarida saqlashga majbur boʻlgan. Shunda maʼrifatparvar Al-Maʼmun tashabbusi hamda faol harakati bilan Renessansning asosi boʻlgan Maʼmun akademiyasi 1004-yilda tashkil etildi. Akademiya atigi oʻn uch yil (1004 — 1017) faoliyat koʻrsatdi va XI asrda Markaziy Osiyoning birinchi Renessans markaziga aylanishini taʼminladi. Oʻz xalqining istiqbolini oʻylagan maʼrifatparvar Xorazmshoh Maʼmun akademiyasini tuzgan va olimlarni qoʻllab-quvvatlagan. Olimlar amalga oshirgan kashfiyotlar esa oʻn asr davomida butun insoniyatga xizmat qilib kelmoqda, oʻzbek xalqining jahon miqyosidagi nufuzini dunyoga tarannum etmoqda.

Bu tarixiy maʼlumotlarni keltirishimizdan maqsad, bugun Prezidentimiz tomonidan uchinchi Renessans asoslarini yaratish haqidagi gʻoyalarning oʻz vaqtida qoʻyilgan vazifa ekanligini yana bir bor taʼkidlashdan iborat. Agar bugun mavjud muammolarni hal qilganimizdan soʻnggina tamaddun haqida bosh qotiramiz, degan fikrga kelsak, bitta joyda depsinib turishdan, muammolar koʻlamining yana-da kengayishidan nariga oʻta olmaymiz.

Bizningcha, Renessans asoslarini yaratish quyidagi murakkab vazifalarni oʻz ichiga oladi: ilm, maʼrifat va maʼnaviyatni yuksak darajada rivojlantirish uchun katta mablagʻ talab etiladi; bu mablagʻlarni oʻzlashtiradigan zamonaviy tafakkur salohiyatiga ega boʻlgan, fidoyi tadqiqotchilar va yetuk targʻibotchilar armiyasini shakllantirish zarur boʻladi; ilm, fan va maʼrifat sohasida qoʻlga kiritilgan natijalarni mamlakat taraqqiyotiga, millat hamda xalq farovonligini taʼminlashga yoʻnaltira biladigan tavakkalchi tadbirkorlar va noanʼanaviy uslubga ega bosh¬qaruvchilarga zarurat tugʻiladi.

Bugungi kunda bu vazifalarni amalga oshirish imkoniyati mavjud. Faqat ularni tashkil qilish, yoʻnaltirish va ilhom bagʻishlovchi motivlarni ishlatish kutilgan natija uchun tayanch boʻladi. Eng asosiysi, Prezident milliy taraqqiyotimizning bugungi murakkab bosqichida Renessans asoslarini yaratish vazifasini kun tartibiga qoʻydi, ilm-fan ahli, tadqiqotchilar, butun ziyoli qatlami, tashkilotchi hamda ijrochilarning faoliyatlarini mamlakatimiz va milliy taraqqiyotimizni taʼminlovchi vazifalarni birlashtirgan yagona halqadagi masalalar yechimiga qaratish haqidagi konseptual gʻoyani ilgari surdi. Uning mohiyat hamda mazmunini toʻgʻri anglagan va tahlil qilgan holda real hayotimizga tatbiq etish butun xalqimizning bir tan, bir jon boʻlib mehnat qilishi tufayli kutilgan samaralarni beradi, deb hisoblaymiz.

Xulosa oʻrnida

Xalqimiz qadriyatiga aylangan, asrlar silsilasida oʻz tasdigʻini topgan “oqqan daryo oqmay qolmas”, degan naqlning yana bir bor oʻz tasdigʻini topishi bugungi avlodimizning kuch-qudrati, irodasi hamda intellektual salohiyatiga bogʻliq. Nazarimizda, qoʻyilayotgan bu murakkab va ayni paytda sharafli vazifani hal etishning boshlanishida quyidagi uchta vazifa turibdi:

Birinchidan, taʼlim tizimidagi mavjud muammolarni hal etishni umummilliy darajaga koʻtarish, buning uchun mamlakatimizda har oyning maʼlum kunini Oʻzbekistonda maktablar kuni sifatida belgilash, oʻsha kunda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, viloyat hamda tuman hokimlari rahbarligidagi guruh maktablarga tashrif buyurib, taʼlim muassasasidagi mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimlarini topish borasida faoliyat olib borishi maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchidan, belgilanadigan har qanday vazifani ado etish uchun, avvalo, jamiyat aʼzolarining ongini unda qoʻyilayotgan vazifalar koʻlami va ehtiyojlariga monand oʻzgartirish talab etiladi. Ong oʻzgarmas ekan, eng olijanob maqsadlar qogʻozda qolib ketaveradi. Ong esa quruq gap bilan oʻzgarmaydi. Buning uchun, uni oʻzgartirishga turtki beradigan gʻoyalar ilgari surilishi hamda ularning ijrosi natijalari fuqarolar hayotida oz-ozdan boʻlsa ham oʻz ifodasini topishi lozim. Afsuski, mamlakatimizda bu tigʻiz jarayonni oʻrganadigan, tahlil qiladigan va amaliy tavsiyalar ishlab chiqadigan ilmiy-amaliy markazlar yoʻq.

Oʻzbekistonda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni oʻrganadigan olimlar va yosh tadqiqotchilar avlodini shakllantirishga ehtiyoj oshib bormoqda. Ular milliy, intellektual ongimiz hamda salohiyatimizning rivojlanish tendensiyalarini yoki ularga toʻsiq boʻladigan omillarni oʻrganib, yechimlariga oid ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish vazifasini ado etishadi. Shu bois Fanlar akademiyasida Falsafa va sotsiologiya institutini tashkil qilish maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy jarayonlarda “ob-havo”ni tashkil qiladigan ¬asosiy kuch — ziyolilar! Ular xalq ichidan yetishib chiqqan, uning “issiq-sovugʻi”ni yaxshi anglaydigan hamda unga qayishadigan, kerak boʻlsa, taraqqiyotga turtki berib turuvchi ijtimoiy qatlamdir. Ayni paytda, Prezidentimiz olgʻa surayotgan mamlakatimizda Renessans asoslarini ¬yaratishdagi avangard va yetakchi kuch ham ayni ziyolilardir. Bugun davlatimiz tomonidan ularga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ammo ularning faolligi mavjud muammolarni hal qilish ehtiyojidan orqada qolayotir.

Bu muammoni yechishda ularni qoʻllab-quvvatlashni, nufuzini oshirishni izchillik bilan davom ettirish, xalqimiz bilan aloqalarini mustahkamlash omillarini ishga solish, ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olimlar, tadqiqotchilar hamda mutaxassislarning sohalar boʻyicha boshini qovushtirib turadigan yangi davlat va jamoatchilik markazlarini tashkil qilish hamda faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlarni jonlantirish ham qoʻyilayotgan vazifalarni amalga oshirishga oʻzining ijobiy taʼsirini oʻtkazgan boʻlar edi.

Ilgari surilayotgan fikrlarimizning xotimasi shuki, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda uchinchi Renessansning asoslarini yaratish haqidagi gʻoya milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga koʻtarishning nazariy negizi boʻlib xizmat qiladi. Uning mamlakatimiz aholisi, yoshlari hamda ilm ahliga ilhom bagʻishlovchi mohiyati va mazmunini umummilliy gʻoya sifatida targʻibot hamda tashviqot qilish, fuqarolarimiz, xususan, yoshlar ongi va dunyoqarashining ajralmas qismiga aylantirish taraqqiyotimizning bugungi ikkinchi bosqichidagi strategik vazifa boʻlib qolishi lozim.

Baxtiyor OMONOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?