Milliy saylov tizimida yangi davr boshlandi

10:49 18 Fevral 2021 Jamiyat
2022 0

Yangi Oʻzbekistonda fuqarolarning siyosiy faolligi, yaratuvchanlik ruhida yashashi hayot taqozosi, ijtimoiy zaruratga aylanib ulgurdi. Bugungi kunda fuqarolarimiz nafaqat islohotlarning faol ishtirokchisi, balki tashabbuskoriga aylanib bormoqda.

Saylovlar ana shunday faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishning muhim vositasi, demokratik tizimning ustunlaridan biri hisoblanadi. Saylovlar orqali fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etadilar, davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirishga oʻz xohish-irodalarini bildirish orqali qatnashadilar.  

Yurtimizda saylov qonunchiligi boshqa soha kabi jamiyat va davlat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda izchil ravishda takomillashib bormoqda. Asosiysi, bu islohotlarning barchasi xalqimiz va biz yashayotgan murakkab davrning oʻtkir talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilyapti. Bunda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi dasturilamal boʻlayotir.

2019-yil 25-iyunda Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan xalqaro standartlarga mos boʻlgan va jamiyatimizdagi barcha siyosiy nuqtai-nazarlarni oʻzida aks ettirgan yangi Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining amaliyotga joriy etilishi milliy saylov tizimida yangi davrni boshlab berdi.

2019-yil 22-dekabrda boʻlib oʻtgan saylovlarning yangi qabul qilingan Saylov kodeksi asosida tashkil etilganligi bu jarayonni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora oʻtkazilishida muhim omil boʻldi. Saylov jarayonlari kabi uni tartibga soluvchi qonunchilik ham dinamik ravishda takomillashmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilgan “Bu muhim siyosiy kampaniya yangi Oʻzbekiston sharoitida saylovchilarimiz, barcha fuqarolarimizning siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi, grajdanlik pozitsiyasi yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon etadi, deb ishonaman”, degan fikrlari bilan joriy yilgi saylovlar mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik toʻyi nishonlanayotgan muhim tarixiy davrda yurtimizning demokratik islohotlar yoʻli ortga qaytmasligini tasdiqlovchi muhim omil boʻlishiga ishonch bildirdi.

Yaqinda qabul qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bu borada muhim asos sifatida xizmat qiladi.

Mazkur qonun 2020-yilgi Davlat dasturida belgilangan vazifalar, shuningdek, milliy va xalqaro ekspertlar tavsiyalari, ilgʻor xalqaro tajriba asosida keng jamoatchilik fikrini inobatga olingan holda qabul qilinganligini qayd etish zarur.

Qonun mamlakatimiz saylov qonunchiligini bir qator yoʻnalishlarda takomillashtirishga xizmat qilyapti.

Saylovlar barcha uchun maqbul boʻlgan sanada oʻtkaziladi

Konstitutsiyamizning 117-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — yaʼni, dekabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilar edi.

Milliy saylov tajribamizdan kelib chiqib saylovlarni oʻtkazish vaqtini boshqa muddatga oʻzgartirish boʻyicha takliflar uzoq yillardan buyon koʻplab ekspertlar, keng jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan edi.

Qayd etish joizki, saylovlarning dekabr oyida oʻtkazilishi bir qancha noqulayliklarni keltirib chiqarayotgan edi.

Birinchidan, mamlakatimiz yurtimiz iqlimi kontinental boʻlib, aynan saylov jarayonining qirovli qish fasliga toʻgʻri kelishi sababli nomzodlar va siyosiy partiyalar oʻz saylovoldi tashviqoti va tadbirlarini keng miqyosda oʻtkazishga, chekka hududlardagi saylovchilar bilan muloqot qilish va harakatlanishda turli noqulayliklar keltirib chiqarayotgandi.

Mazkur islohot uzoq hududlarda joylashgan saylov uchastkalarida faoliyat olib boradigan xodimlar, ayniqsa, xotin-qizlarning bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirish boʻyicha  turli seminar-treninglar tashkil etishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan noqulayliklarning oldini olishi bilan ham ahamiyatlidir.

Ikkinchidan, har yillik rejalarni hayotga tatbiq qilish yil boshidan boshlanishini inobatga olsak, saylovlarning dekabr oyi oxirida oʻtkazilishi, shuningdek, takroriy ovoz berishlar va saylov natijalarining eʼlon qilinishi kabi bosqichlarni inobatga olsak yangi yilning ilk oyi ham saylov va unga oid oid jarayonlar bilan oʻtib ketishiga sabab boʻlayotgandi.

Buning natijasida yangi shakllangan parlament va hukumatning faoliyat boshlashi oʻz-oʻzidan yangi yilga oʻtib ketadi va bu esa tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining qabul qilinishining kechikishiga sabab boʻlishi mumkin.

Maʼlumot uchun qayd etish zarurki, Fransiya va Shveysariya kabi koʻplab rivojlangan davlatlar parlamentlari oʻz milliy “Qonunchilik kalendari”ga ega. Mazkur institut orqali yangi shakllangan parlament va hukumatning aniq dasturiy hujjat asosida yangi kalendar yilidan hech qanday uzilishlarsiz faoliyatini amalga oshirish imkonini beradi.

Uchinchidan, saylovlarning dekabr oyi oxirida oʻtkazilishi biz taklif etadigan xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlardan tashrif buyuruvchi kuzatuvchilar uchun vaqt nuqtayi nazaridan noqulayliklar tugʻdirayotgan edi. Chunki, saylovlarni oʻtkazish vaqti “Rojdestvo” yoki Yangi yil bayramlari arafasiga toʻgʻri kelib qolishi xalqaro kuzatuvchilar va nufuzli ekspertlarning vaqt taqvimiga taʼsir qilishi tabiiy edi.

Bu borada xorijiy tajriba ham mazkur islohotni amalga oshirish zaruriyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Xususan, iqlimi issiq boʻlgan janubiy yarim shar davlatlarida (Masalan, Gana, Misr, Nigeriya, JAR, Jazoir, Venesuela, Dominika, San Marino) saylovlar dekabr oyida oʻtkaziladi.

Yana bir misol. AQSH, Shveysariya, Ispaniya, Urugvay, Chili, Bosniya, Iordaniya, Moldova kabi Oʻzbekiston bilan iqlim sharoiti oʻxshash boʻlgan davlatlarda esa saylovlar oktyabr-noyabr oylarida boʻlib oʻtadi.

Saylovlarni oʻtkazish muddatining dekabr oyidan oktyabr oyiga koʻchirilishi kelgusida saylov jarayonining barcha ishtirokchilari, yaʼni saylovchilar, nomzodlar, siyosiy partiyalar, komissiya aʼzolari va kuzatuvchilar uchun qulayliklar keltirib chiqaradi. Shuningdek, xalqaro kuzatuvchi va ekspertlarning mamlakatimiz hayotidagi gʻoyat muhim siyosiy jarayonda faol ishtirokini taʼminlash xalqaro hamjamiyatning yurtimizdagi siyosiy yangilanish jarayonlari xususida xolis axborotga ega boʻlishi va mamlakatimiz ijobiy imijini shakllanishiga muhim omil boʻlib xizmat qilishini alohida taʼkidlash joiz. Bu esa oʻz navbatida, yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida davom etayotgan ochiqlik siyosatiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshiladi.

Mahalliy saylov komissiyalari faoliyati optimallashtirildi

Koʻp yillik saylovga oid tajribamiz shuni koʻrsatmoqdaki, tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari va ularning samaradorligi oʻzini oqlamayapti.

Tahlillarga koʻra, har bir okrug oʻrtacha 1-3 ta saylov uchastkalari doirasi bilan cheklangan boʻlib, amaliyotda bir necha yillardan beri samarasiz faoliyat yuritib kelmoqda edi. Bundan tashqari, ishning bu shaklda tashkil qilinishi Davlat byudjetiga qoʻshimcha xarajatlarni koʻpaytirishi tabiiy. Yangi kiritilgan qonunchilik normasiga asosan, 54 ming 208 nafardan ziyod aʼzodan iborat 5 ming 739 ta okrug saylov komissiyalari tugatildi va natijada 33,2 milliard soʻm mablagʻ iqtisod qilinadi.

Har bir okrug saylov komissiyasida yetti nafardan oʻn besh nafargacha aʼzolar faoliyat yuritishini inobatga oladigan boʻlsak, respublika boʻyicha 54 ming 208 nafar fuqarolarimiz bevosita komissiya aʼzosi sifatida jalb etilgan.

Bu esa barcha okrug saylov komissiyasi aʼzolariga saylov kampaniyasi davrida saylovga ajratilgan mablagʻlar hisobidan uch oy davomida oʻrtacha oylik ish haqi toʻlash, komissiya binosini jihozlash va boshqa xarajatlar uchun davlat byudjetidan tegishli miqdorda mablagʻ ajratilishini anglatadi.

Qonun bilan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatildi va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga oʻtkazildi.

Tuman va shahar saylov komissiyalariga qoʻshimcha vazifalar yuklanishi munosabati bilan, ular aʼzolarining soni amalda yetti-oʻn besh nafarni tashkil etgan boʻlsa, Qonunda ushbu miqdor oʻn bir-yigirma bir nafarga yetkazildi. Aʼzolar soning koʻpayishi ularga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda, vazifalar taqsimotida ortiqcha yuklamaning oldini olishga xizmat qiladi.

Barcha fuqaroga birdek kafolatlangan huquq

Avvalgi tartibga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastkalar boʻyicha saylovchilar roʻyxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida tuzilar edi.

Chet elda turli sabablar bilan boʻlib turgan barcha fuqarolar ham konsullik roʻyxatda turmagan boʻlishi mumkin. Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksini “Chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar roʻyxatlariga kiritish” nomli maxsus modda bilan toʻldirildi.

Qonun bilan xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼiy nazar saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, shuningdek, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratildi.

Mazkur qoidaga koʻra, chet davlatlarda boʻlib turgan fuqarolar xorijdagi uchastka saylov komissiyasiga yozma shaklda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda xorijdagi saylov uchastkasining saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisidagi murojaatini saylovdan oʻn besh kun oldin berishi mumkin.

Ushbu tajriba dastlab 2019-yil 22-dekabrda boʻlib oʻtgan parlament saylovlarida aprobatsiyadan oʻtkazilib, oʻzining ijobiy tomonlarini koʻrsatganligini qayd etish zarur. Xususan, ushbu saylovda Rossiya, Janubiy Koreya va Qozogʻistonda boʻlib turgan 90 mingdan ziyod Oʻzbekiston fuqarolari koʻchma qutilarda ovoz berganlar.

Mazkur islohot chet elda turli sabablar bilan boʻlib turgan Oʻzbekistonning har bir fuqarosining saylov huquqlarini taʼminlash, jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishda ularning ishtirokini taʼminlashda muhim qadam boʻladi.

Muhim siyosiy jarayonda qator yangiliklar boʻladi

Birinchidan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining tavsiyalari asosida qonun bilan Saylov kodeksidan saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlandi.

Ushbu oʻzgarishning mazmun-mohiyati haqida toʻxtalib, shuni qayd etish zarurki, saylovoldi tashviqotini tashkil etish va oʻtkazish bevosita siyosiy partiyalarning ixtiyoriy ishi boʻlganligi sababli, saylov komissiyalarining bu ishga aralashishi ularga xos boʻlmagan vazifa hisoblanadi.

Ikkinchidan, xalqaro tashkilotlar va kuzatuvchilarning takliflari asosida saylovoldi tashviqoti davrida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning, saylov komissiyalari aʼzolarining, diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlandi.

Mazkur qoida saylovoldi tashviqoti teng imkoniyatlar va shaffoflik asosida oʻtkazilishiga, siyosiy partiyalarning oʻz imkoniyatlaridan teng foydalanishiga zamin yaratadi.

Uchinchidan, saylov natijalarini eʼlon qilish muddatlarining asossiz choʻzilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirildi. Ushbu oʻzgarishning amalga oshirilishi, saylov natijalarini oʻz vaqtida aniqlash va eʼlon qilish boʻyicha saylov tartib-taomillarini soddalashtirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, mazkur qonun oʻtgan yillar yillar davomida toʻplangan tajribalar hamda milliy va xorijiy ekspertlar tomonidan bildirilgan takliflarning inʼikosi boʻlib, mamlakatimiz saylov qonunchiligini xalqaro standartlarga moslashtirishga, fuqarolarning saylov huquqlarini kafolatlashga, saylov jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Mazkur qonun Yangi Oʻzbekiston sharoitida boʻlajak Prezidentlik saylovining milliy qonunchiligimiz va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuksak saviyada tashkil etilishiga va oʻtkazilishiga munosib hissa qoʻshishi shubhasiz.

Rahimjon HAKIMOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori,
yuridik fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер