Milliy parlamentarizmning taraqqiyot odimlari

17:40 04 Sentyabr 2021 Siyosat
587 0

Yangi Oʻzbekiston tarixidagi buyuk sana — Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz yilligi “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʻoya asosida keng nishonlanmoqda. Ushbu tarixiy sana zamirida chuqur maʼno bor.

Mustaqillik mamlakatimizda demokratik milliy parlamentning shakllanishi va rivojlanishi uchun tom maʼnoda siyosiy-huquqiy asos yaratdi. Istiqlolimizning ilk yillarida — tarixan murakkab, ogʻir ijtimoiy-siyosiy va tahlikali davrda Oʻzbekistonning mustaqil davlat sifatidagi suvereniteti kafolatlari, zamonaviy davlatchilik tizimining huquqiy asoslarini yaratish vazifasi, tabiiyki, parlamentning gardaniga tushgan.

Dastlab bir palatali parlament — Oliy Kengash davlat boshqaruvining mutlaqo yangi organlarini tashkil etishning, demokratik jamiyat qurishning huquqiy negizi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini, yosh davlatning suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi va boshqa bir qator oʻta muhim qonunlarni qabul qildi.

Oliy Kengash oʻrniga bir palatali parlament — Oliy Majlis shakllantirildi. Mazkur bosqichda qonun ijodkorligi deputatlar ishining bosh yoʻnalishiga aylandi. Bu davrda qonun chiqaruvchi oliy organ mamlakatning demokratik va taraqqiyot yoʻlidan mustaqil rivojlanib borishining huquqiy negizini kengaytirdi va mustahkamladi.

2002-yilning 27-yanvarida oʻtkazilgan umumxalq referendumi yakunlari asosida 2005-yilda mamlakatimizda ikki palatali Oliy Majlis: doimiy faoliyat koʻrsatadigan professional organ — Qonunchilik palatasi hamda hududlar manfaatini ifoda etadigan vakillik organi — Senatdan iborat parlament shakllantirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasidan boshlab parlament faoliyatining mutlaqo yangi davri boshlandi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Murojaatnoma parlamentning mamlakat hayotidagi rolini chinakamiga oshirdi. Oʻzbekistonni rivojlantirishning yangi siyosiy yoʻlidagi muhim ustuvorliklar hamda vazifalar boʻyicha ijtimoiy hamjihatlikni taʼminlash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga bergan intervyusida davlatimiz va jamiyatimizni rivojlantirish borasidagi eng asosiy strategik qarashlarini, shuningdek, hayotimizdagi muhim muammolarga nisbatan shaxsiy munosabatini bayon etdi. Yurtboshimiz davlat va jamoat institutlarini boshlangan islohotlar yoʻlini izchil davom ettirishga undagan holda, zamonaviy demokratik davlatni barpo etish borasida mamlakatimiz tanlab olgan yoʻl muqobili boʻlmagan aniq va yagona yoʻlimiz ekanligini alohida koʻrsatib oʻtdi.

Chindan ham soʻnggi besh yil ichida mamlakatimizda qoʻlga kiritilgan yutuqlarni, erishilgan marralarni tahlil qilar ekanmiz, “Oʻzbekiston Prezidenti tanlagan yangi siyosiy yoʻl zafar qozondi”, deb ishonch bilan ayta olamiz. Zero, “inson huquqlari va erkinliklari”, “ochiqlik va oshkoralik”, “jamoatchilik nazorati”, “xususiy mulk daxlsizligi” kabi tushunchalar aynan Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik faoliyati bilan birga insonlarning real hayotiga chuqur kirib, amaliy ahamiyat kasb etib bordiki, bundan buyon odamlar oʻz taqdirini ushbu tushunchalarsiz tasavvur eta olmaydi.

Mamlakatimiz yetakchisi oʻz vazifasini bajarishga kirishgan ilk kunlardanoq xususiy mulkni huquqiy himoya qilish, tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va biznes vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ushbu sohada davlat siyosatini sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarishni eng ustuvor masala etib belgiladi. 2016-yil 5-oktyabrda “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon va 42 ta banddan iborat kompleks chora-tadbirlar dasturi, hech shubhasiz, ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashda tamal toshi boʻldi.

Bu borada boshlangan ishlarning mantiqiy davomi sifatida 2021-yil 20-avgustda davlat rahbarining tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ilk ochiq muloqoti, unda ilgari surilgan tashabbuslar, belgilangan ustuvor yoʻnalishlar Qonunchilik palatasi oldiga ham yangidan-yangi vazifalarni qoʻydi.

Tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ushbu ochiq muloqotda koʻtarilgan dolzarb masalalar, bildirilgan tashabbuslar Qonunchilik palatasi qonun ijodkorligi jarayoniga yanada jiddiy yondashib, tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan masalalar yechimini qonunlarda aks ettirish boʻyicha barcha zarur choralarni belgilab oldi.

Bunda buyon parlamentda ham ishbilarmonlar bilan doimiy muloqotni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, xalq vakillarining saylov okruglaridagi uchrashuvlari davomida tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqotlarni yanada koʻpaytirishga alohida eʼtibor beriladi.

Davlat byudjeti ijrosining borishini koʻrib chiqish, Hukumatning davlat dasturlari bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisobotini muhokama qilish, mansabdor shaxslarning axborotini eshitish, shuningdek, qonun loyihalarini qabul qilishda tadbirkorlarning manfaatlari ustuvorligidan kelib chiqib yondashiladi.

Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan vakillik organlari ishiga katta eʼtibor qaratilib, deputatlarni xalqning haqiqiy vakillari, uning xohish-irodasi va manfaatlarining tom maʼnodagi ifodachisi sifatida eʼtirof etdi.

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlisning rolini yanada kuchaytirish borasida muhim omil boʻlmoqda.

Ushbu tarixiy hujjat oʻtgan qisqa davrda xalq saylagan vakillik organlari — parlament va xalq deputatlari Kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi oʻrni va ahamiyatini tubdan oʻzgartirdi.

“Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida oldimizda oʻta dolzarb va murakkab vazifalar turibdi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun avvalo qonun ijodkorligi sohasida ishni butunlay yangicha tashkil etishimiz kerak”.

Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Qonun ijodkorligi — Qonunchilik palatasi faoliyatining eng muhim, birinchi galdagi vazifasidir. Qabul qilinayotgan qonunlarning har jihatdan mukammal boʻlishi aholi farovonligini oshirish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlashga xizmat qiladi.

Qonun ijodkorligi faoliyati “Qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom maʼnoda xalq boʻlishi shart” degan ustuvor tamoyilga asoslandi. Bu esa Qonunchilik palatasini har bir qonun loyihasi boʻyicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar oʻrtasidagi kurash maydoniga, chinakam “demokratiya maktabi”ga aylantirmoqda. 2018-yilda qabul qilingan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.

Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi ishlari ham butunlay yangi yoʻnalishda tashkil etildi, shuningdek, qonun loyihalarini qabul qilish va koʻrib chiqishning demokratik tartib-qoidalari joriy etildi.

Jumladan, Qonunchilik palatasidagi ­siyosiy partiyalar fraksiyalarining qonun loyihalari boʻyicha fikrlari va takliflarini deputatlarga yetkazish hamda har tomonlama muhokama qilish lozimligi belgilab qoʻyildi.

Siyosiy xilmaxillik, koʻppartiyaviylik, masalalarni erkin muhokama qilish va jamoa boʻlib hal etish tamoyillariga asosan har bir qonun loyihasi yoki masala siyosiy partiyalar fraksiyalarining yigʻilishlarida dastlabki tarzda koʻrib chiqilmasdan turib Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritilmaslik prinsipi amalda qatʼiy mustahkamlab qoʻyildi.

Natijada 2020-yilda Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilayotgan paytda 10 ta qonun loyihasi fraksiyalarning qatʼiy pozitsiyasi tufayli majlis kun tartibidan chiqarilib, qayta ishlash va takomillashtirish uchun masʼul qoʻmitalarga qaytarildi.

Oʻtgan davrda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi masʼuliyati yanada oshirildi. Endilikda qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilinayotganda, qoida tariqasida, tashabbuskor subyekt yoki uning vakili maʼruza bilan chiqishi belgilandi. Natijada qonun loyihasining birinchi oʻqish jarayonidagi muhokamasi tom maʼnoda jonlandi.

Qonun loyihalarining xalqaro shartnomalarga, mamlakatning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha tavsiyalarga mosligini oʻrganish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi mamlakatimiz xalqaro huquqlari va majburiyatlarining toʻlaqonli bajarilishiga erishish, yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yanada yaxshilashda muhim oʻrin tutmoqda.

Qonunlarni qabul qilish jarayonida keng jamoatchilik ishtirokini taʼminlash, bunda fuqarolarning xohish-istaklariga quloq tutish, aholi oʻrtasida ochiq muhokamalar oʻtkazish huquqiy hujjatlarning sifatli boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi tomonidan ham qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish tartibi qabul qilindi. Jumladan, Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida “Jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan qonun loyihalari” maxsus rukni tashkil etilib, soʻnggi toʻrt yilda jami 56 ta qonun loyihasi aholi muhokamasi uchun joylashtirildi.

Mazkur amaliyot, birinchi navbatda, qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarda saylovchilar manfaatlarini yanada toʻliq ifodalashga hamda ushbu qonunlarning hayotga samarali joriy etilishini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan, yaʼni ijro etilishi uchun qonunosti hujjati ishlab chiqish talab etilmaydigan qonunlarni qabul qilishga boʻlgan eʼtibor kuchaytirildi. Shunga asosan, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi, “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi hamda “Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida”gi kabi qator qonunlarda havola shaklidagi normalar oʻrniga toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qoidalar belgilandi.

Oʻtgan davrda saylovchilar, shu jumladan, partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, deputatlarning qonunlar sifatiga, konsepsiyasiga nisbatan talabi kuchaydi. Natijada muhokama qilingan bir qator qonun loyihalari jiddiy munozara va bahslarga sabab boʻlib, ovoz berish yakunlariga koʻra rad etildi. Jumladan, 2020-yilda 8 ta qonun loyihasi rad etilib, tashabbuskor idoraga qaytarilgan boʻlsa, 2016-yilda ushbu koʻrsatkich, bor-yoʻgʻi, 1 tani tashkil etgan edi.

Soʻnggi yillarda qonun ijodkorligi ­faoliyati koʻlami ham, ish hajmi ham olib borilayotgan islohotlarga hamohang boʻlmoqda. Qonunchilik palatasining koʻrib chiqishidagi qonun loyihalari soni avvalgi yillardagiga qaraganda qariyb 3 baravar koʻpaydi, qonunlarning hajmi ham shunga monand ravishda bir necha baravar oshdi. Jumladan, 2015-yilning birinchi yarim yilligida Qonunchilik palatasining koʻrib chiqishida 32 ta qonun loyihasi boʻlgan boʻlsa, 2021-yilning mos davrida bu raqam 98 tani tashkil qildi.

Qayd etish joizki, soʻnggi besh yilda barcha sohada izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlar oʻz navbatida sohada yangi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishni taqozo qilmoqda. Bu esa masalani tezkorlik bilan hal etishni talab qiladi. Shunga muvofiq, oʻtgan davrda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, sud-huquq sohasini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni liberal­lashtirish, ijtimoiy tarmoqni rivojlantirish borasidagi masalalarning huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan, ilgari mavjud boʻlmagan 50 dan ziyod qonunlar qabul qilindi.

Xususan, «Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida»gi, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi, “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi, “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi, “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Oʻtgan davrda deputatlar korpusining qonun ijodkorligi faoliyati natijadorligi yanada oshib, deputatlar tashabbusi bilan kiritilayotgan qonun loyihalarining salmogʻi ortdi. Xususan, 2015-yilda deputatlar tashabbusi bilan jami 8 ta qonun loyihasi kiritilgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 19 tani tashkil etib, 2 baravar oʻsdi. Ushbu raqamlar xalq vakillarining saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan dolzarb muammolarning ichiga kirish, muntazam tahlil qilish asnosida ularga huquqiy jihatdan yechim topishda yanada tashabbuskor boʻlayotganligini koʻrsatadi.

Qolaversa, siyosiy partiyalar fraksiyalari joylardagi muammolardan doimiy ravishda xabardor boʻlib borayotganligi qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalangan holda ularning yechimini topish imkonini kengaytirmoqda. Fikrimiz tasdigʻi sifatida aynan aholi tomonidan koʻtarilgan masalalar asosida ishlab chiqilib, qabul qilingan “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi, shuningdek transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi yonida boʻlmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda avtotransport vositalarini ushlab turish tartibini bekor qilishga qaratilgan qonunlarni keltirish mumkin.

Shu bilan birga, oʻtgan davrdagi qonun ijodkorligining tahlili bu borada hali oʻz yechimini kutib turgan bir qator masalalar ham mavjudligini koʻrsatmoqda. Bugungi kunda deputatlar tomonidan kiritilgan qonun loyihalarining koʻp qismi muayyan qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihalaridir.

Qonun loyihalarini ishlab chiqishda fraksiyalar aʼzolarining tashabbuskorligi ham talab darajasida emas. Hozirda ayrim qonun loyihalari bir nechta fraksiya aʼzolari tomonidan birgalikda kiritilmoqda. Bu esa, aniq yoʻnalish, bir-biridan farqli saylovoldi dasturlari va elektoratga ega fraksiyalarning oʻz elektorati manfaatlarini toʻlaqonli ifodalash imkonini bermayapti. Shu nuqtayi nazardan, “bir fraksiya — bir loyiha” tamoyili asosida qonun loyihalarini ishlab chiqish amaliyotiga oʻtish muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonunchilik palatasiga kiritilgan har bir qonun loyihasining muhokamasi deputatlar tomonidan bildirilgan koʻplab savollar, fikr-mulohazalar, taklif va eʼtirozlar natijasidagi keskin bahs-munozara va tortishuvlar asosida oʻtkazilib, ayrim hollarda qonun loyihalari masʼul qoʻmitaga qaytarilmoqda. Bunday muhokamalar, asosan, Qonunchilik palatasi yalpi majlislarida boʻlib oʻtmoqda. Biroq qonun lo­yihalarining muhokamasiga bagʻishlangan fraksiya va qoʻmitalar yigʻilishlarida ham bunday qizgʻin munozaralar kuzatilmayapti.

Bundan tashqari, hali ham ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonunlarning salmogʻi yetarli darajada emas. Ushbu munosabatlar, asosan, qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinmoqda.

Qonun loyihalarining sifatini yanada oshirish boʻyicha koʻrilgan choralarga qaramasdan, palataga kelib tushayotgan ayrim qonun loyihalari deputatlar tomonidan qaytadan tayyorlanmoqda, xalq vakillari loyihalardagi juzʼiy kamchiliklarni bartaraf etishga koʻp vaqt sarflamoqda. Vaholanki, bunday masalalarni loyiha kiritilgunga qadar hal etsa boʻladi. Bu kabi holatlar ushbu masalaga qonun tashabbuskorlari tomonidan jiddiy eʼtibor qaratish lozimligini koʻrsatmoqda.

Qisqacha aytganda, qonunlarning mukammalligini taʼminlash, huquqiy hujjatlarda hayotiy hamda xalqchil tamoyillarni aks ettirish birlamchi vazifamiz boʻlmogʻi lozim. Zero, davlat va jamiyat taraqqiyoti qonun ijodkorligi faoliyatining sifatiga bogʻliqdir.

“...deputatlar taʼsirchan parlament nazoratini olib borish orqali xalq ishonchini oqlashi zarur».

Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Bugun rivojlangan demokratik davlatlar tajribasidan koʻrish mumkinki, islohotlarning sifati va samarasi koʻp jihatdan milliy parlamentning ishtiroki darajasiga bogʻliq.

Bugungi kunda Harakatlar strategiyasi doirasida parlamentimizda nafaqat qonunlar ijrosi, parlament vakolatlariga kiritilgan yoʻnalishlarda Hukumat faoliyatini nazorat qilish, balki parlament boshqaruvi shakliga asoslangan respublikalardagi kabi Hukumat aʼzoligiga nomzodlarni Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullash amaliyoti joriy etildi.

Oʻtgan davrda Qonunchilik palatasi oʻzining asosiy vazifasini, yaʼni qonun ijodkorligini amalga oshirish bilan birga, ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib bordi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va ­tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ­ustidan parlament nazoratini amalga ­oshirish boʻyicha parlamentga zarur vakolatlar berildi.

Jumladan, 2019-yildan boshlab Hukumatning Davlat dasturi ijrosi boʻyicha parlament oldida har chorakda hisobot berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan davr­da parlamentda Vazirlar Mahkamasining davlat dasturlarining bajarilishi holati yuzasidan hisoboti 10 marotaba koʻrib chiqildi. Bu borada vazirlik va idoralar faoliyati samaradorligini oshirishga qa­ratilgan qator takliflar ishlab chiqildi.

Parlament nazoratining ushbu yangi shakli Hukumatning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini oshirish, davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan nazoratni ku­chaytirish hamda deputatlar korpusining islohotlar jarayonida faol ishtirokini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.

Mamlakatimiz rahbarining davlat hokimiyati turli tarmoqlarining oʻzaro bir-birini tiyib turish hamda muvozanatini saqlash mexanizmlari tizimida parlamentning rolini oshirishga qaratilgan tashabbuslari alohida eʼtirofga loyiqdir. Xususan, Qonunchilik palatasi faoliyatiga hukumat faoliyati ustidan parlament nazoratining muhim turi — muntazam ravishda oʻtkaziladigan “Hukumat soati” instituti joriy etildi. Oʻtgan davrda 27 marotaba “Hukumat soati” oʻtkazilib, ularda hukumatning jami 33 nafar aʼzosi xalq vakillarining jamiyatdagi dolzarb masalalar yuzasidan savollariga atroflicha javob berdi.

Hukumat aʼzoligiga nomzodlarni tasdiqlash boʻyicha Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tajriba parlamentning nazorat borasidagi vakolatlarini yanada kengaytirdi. Qolaversa, ushbu amaliyot hukumat tomonidan aholi muammolarini oʻrganish va hal etishda natijadorlikni taʼminlash hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar ­fuqarolarning hayot tarziga yanada ­chuqur kirib borishiga xizmat qilmoqda.

Yaqingacha parlament aʼzolari Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida faqatgina Hukumat aʼzolari, Hisob palatasi, Bosh prokuror va Markaziy bank boshqaruvi raisining axborotini eshitish huquqiga ega edi. Endilikda parlament nazorati obyektlari doirasi yanada kengaytirilib, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlariga ham parlament soʻrovini yuborish, ham ularning oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini parlament palatalarining majlislarida eshitish tizimi joriy qilindi.

Oʻtgan davrda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga parlament soʻrovini yuborish institutidan foydalanish natijadorligi sezilarli ravishda oshdi. Agar 2015-yilda bor-yoʻgʻi 1 ta parlament soʻrovi yuborilgan boʻlsa, 2020-yilda 14 ta soʻrov joʻnatilgan. Ushbu raqamlar parlament soʻrovlari qonun va qarorlar ijrosi hamda islohotlar samaradorligini taʼminlovchi taʼsirchan vositaga aylanganini koʻrsatadi.

Parlament nazorati tadbirlari davomida tegishli sohani rivojlantirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish hamda mansabdor shaxslar ishiga tanqidiy baho berishga urgʻu berildi. Bu esa hukumat aʼzolarining, mansabdor shaxslarning faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, pirovardida, fuqarolarning davlat organlari ­faoliyatidan roziligini taʼminlashga, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Harakatlar strategiyasi doirasida parlamentga berilgan yangi vakolatlar nafaqat mamlakat ichki hayoti, balki tashqi ­siyosatiga oid strategik vazifalarni hal qilishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2020-yildan Oʻzbekiston Respublikasini Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning oʻz vaqtida, sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan Hukumat aʼzolari va tarmoq rahbarlarining hisobotini muntazam eshitib borish amaliyoti yoʻlga ­qoʻyildi.

Soʻnggi yillarda parlament faoliyatida olib borilayotgan bu kabi islohotlar, ayniqsa, hisobdorlikning bunday shakllarining joriy etilishi hukumatning ochiqligini va masʼuliyatini tubdan oshirdi. Qolaversa, joylarda aholi tomonidan koʻtarilayotgan masalalarni hukumat oldiga qoʻyishda ayni muddao boʻldi.

Shu bilan birga, parlament nazoratining barcha shaklidan hamma vaqt ham birdek samarali foydalanilmayapti. Yaʼni parlament nazorati shakllari hali yetarlicha ishga solinmagan va foydalanilmagan qirralari ham mavjud. Jumladan, bugungi kunda yuborilayotgan deputat soʻrovlarining soni koʻp boʻlsada, ushbu soʻrovlarda koʻtarilgan masalalarning hal etilish samaradorligi pastligicha qolmoqda. Shuningdek, deputat soʻrovlarini mansabdor shaxslar tomonidan koʻrib chiqish muddatlarining buzilish holatlari ham kuzatilmoqda.

Shu bois xorijiy davlatlar parlamentlarining bu boradagi tajribasini chuqur tahlil qilgan holda deputat soʻrovini yuborish tartibini qaytadan koʻrib chiqish, ushbu institutdan samarali foydalanishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish choralarini koʻrish talab etiladi.

Umuman olganda, Qonunchilik palatasiga parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha berilgan vakolatlardan samarali foydalanib, xalq farovonligini yuksaltirish va jonajon Vatanimizni yanada rivojlantirishga munosib hissa qoʻshish ustuvor vazifamizga aylanmogʻi zarur. Ishonch bilan aytish mumkinki, deputatlar korpusi bu ishga tayyor va hozirgi shiddatli oʻzgarishlar davrida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan hayotiy tashabbuslarning amalga oshirilishida faol ishtirok etishga qatʼiy bel bogʻlagan.

“Deputatlar muhokamaga kiritilgan har bir qonun loyihasi boʻyicha oʻzining ­mustahkam pozitsiyasini koʻrsatgan taqdirdagina, saylovchilar ishonchini oqlay oladi”.

Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Parlamentga boʻlib oʻtgan soʻnggi saylovlar jarayonida fuqarolarning siyosiy partiyalar gʻoyalariga qiziqishi, saylovoldi bahs-munozaralaridagi faolligi va talabchanligining ortganligi fraksiyalar faoliyatini takomillashtirishga turtki boʻldi.

Bugungi kunda parlament minbari chinakam bahs-munozara, prinsipial tortishuvlar maydoniga aylandi. Bunda siyosiy par­tiyalar fraksiyalarining haqiqiy qiyofasi va pozitsiyasi yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Qonun loyihalari muhokamasi boʻyicha fraksiyalararo raqobat keskin kuchaydi. Natijada 2017 — 2021-yillarda 25 ta qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga hamda 31 ta qonun loyihasi qayta ishlanishi uchun qoʻmitalarga qaytarildi. Xususan, nogironligi boʻlgan shaxslarning manfaatlarini taʼminlash, bank faoliyati, litsenziyalash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish, is­teʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, sogʻliqni saqlash hamda koʻp kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini tartibga solish hamda boshqa masalalar yuzasidan fraksiyalararo muhokamalar keskin tarzda oʻtdi.

Siyosiy partiyalar manfaatini Qonunchilik palatasida himoya qilish ishini tashkil etish, koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan fraksiyaning yagona pozitsiyasini ishlab chiqish, fraksiya aʼzolari faoliyatini muvofiq­lashtirish maqsadida 2017-yilda Qonunchilik palatasidagi har bir siyosiy partiya fraksiyasining ijrochi kotibi, yaqindan boshlab Qonunchilik palatasi deputatining yordamchisi lavozimlari taʼsis etildi. Bu esa fraksiyalar bilan tegishli partiyalar oʻrtasidagi aloqalarni yanada jonlantirdi.

Ayni paytda fraksiyalarning oʻzi mansub boʻlgan siyosiy partiyalar bilan uzviy aloqasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, siyosiy partiyalar hamda joylardagi xalq deputatlari Kengashlarini fraksiyalar tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalari va tegishli masalalar xususida xabardor qilib borish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bu amaliyotga koʻra, fraksiyalar tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalari joylarda muhokama qilish uchun tegishli partiyalarga yuborilmoqda, siyosiy partiyalar esa ularni joylardagi partiya tashkilotlariga yetkazmoqda.

Qonun normalarining xalqchilligini taʼminlash hamda jamiyat hayotini yanada yaxshilash borasidagi samaradorligini oshirish maqsadida fraksiyalarning qonun ijodkorligi faoliyatida ham yangi amaliyot — “elektorat bilan maslahatlashuvlar” instituti joriy etildi. Natijada oʻtgan davrda palataga kelib tushgan qator qonun lo­yihalari fraksiyalar tomonidan jamoatchilik ishtirokida keng muhokamalardan oʻtkazilib, maromiga yetkazildi. Ushbu amaliyot “Qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom maʼnoda xalq boʻlishi shart” degan ustuvor tamoyilning amalda tatbiq etilishida muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Shu bilan birga, bugungi islohotlar jarayoni fraksiyalar faoliyatining samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qator masalalarga ham eʼtibor qaratish lozimligini koʻrsatmoqda. Jumladan, fraksiyalar oʻz partiyasi elektorati manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihalari boʻyicha tashabbuskorligi yetarli darajada emas. Misol uchun, 2021-yilning birinchi yarim yilligida Qonunchilik palatasiga kiritilgan jami 69 ta qonun loyihasining bor-yoʻgʻi 8,6 foizi fraksiyalar tashabbusiga toʻgʻri keladi xolos.

Qonunchilik palatasida biror qonun loyihasini qabul qilishda tashabbuskor boʻlgan fraksiya ushbu huquqiy hujjatni amaliyotga joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni yoʻlga qoʻyishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Fraksiyalar elektorat bilan taʼsirchan muloqotni yoʻlga qoʻyish orqali qabul qilingan qonunlar xalq tomonidan qanday baholanganligini, qaysi qonunlar aholiga naf keltirayotganligini, qaysi huquqiy hujjat esa ishlamay turganligini tahlil qilishi zarur.

Parlament faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, xalq vakillarining fuqarolar oldida hisobdorligini oshirish maqsadida fraksiyalarning har chorakdagi faoliyati boʻyicha matbuot anjumani tashkil etish borasidagi ishlarini ham jonlantirish zarur boʻladi. Bu, albatta, qabul qilinayotgan qonunlarning samarali ishlashini taʼminlash, quyi palatada muhokama etilayotgan muhim masalalardan jamoatchilikning xabardorligini oshirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning oʻrni hamda rolini mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

 

“Mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda”.

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Davlat rahbari tomonidan taʼkidlanganidek, jamiyatdagi mavjud muammo va kamchiliklarni hal etishda mamlakatimiz hayotini yanada erkinlashtirish, ochiqlik va oshkoralik muhitini taʼminlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim rol oʻynaydi.

Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining oʻtgan davrdagi faoliyatida ham ochiqlik va shaffoflik bosh mezonga aylandi. Media makonining talab va ehtiyojlariga mos tarzda “Facebook”, “Telegram” va “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlar hamda “YouTube” videoxostingida “Oliy Majlis Qonunchilik palatasi” nomli rasmiy sahifalar ochilganligi palata faoliyatiga oid xolis, ishonchli axborot tarqatilishini taʼminlamoqda.

Bugungi kunda Qonunchilik palatasi majlislarini, siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar yigʻilishlarini ommaviy axborot vositalari hamda quyi palataning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Xususan, 2021-yilda oʻtkazilgan “Hukumat soati” tadbirlari Qonunchilik palatasining “YouTube”dagi rasmiy sahifasi orqali jonli tarzda keng yoritildi.

Parlament faoliyati natijalaridan aholini oʻz vaqtida xabardor qilish masalasi Qonunchilik palatasining eʼtibori markazida boʻldi. Quyi palata majlislari, nazorat-tahlil tadbirlari haqidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida, rasmiy veb-saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritishga ustuvor eʼtibor qaratildi.

Qonunchilik palatasi oʻz faoliyatini har qachongidan ham ochiq va oshkora olib borish uchun elektron portal va mobil ilovadan foydalanish imkonini beruvchi “Elektron parlament” tizimini yaratish borasida sezilarli ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, deputatlarning saylovchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borish, koʻrib chiqilayotgan hujjatlarni muhokama qilish imkoniyatini beradigan “Qonun ijodkorligi faoliyati tizimi” hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Deputatlar portali” sinov tariqasida ishga tushirildi. Ushbu xizmatlar deputatlarga saylovchilardan kelib tushgan murojaatlar va qabulga yozilish boʻyicha soʻrovlarni elektron tarzda qabul qilish hamda onlayn muloqot olib borish imkonini bermoqda.

Bugungi kunda axborot maydonida Qonunchilik palatasi aʼzolarining faolligi sezilarli darajada oshdi. Xususan, deputatlar ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy sahifalarini ochib, oʻz faoliyati haqida saylovchilarni xabardor etib borish barobarida, jamiyat hayotiga oid dolzarb masalalar boʻyicha jamoatchilik bilan olib borilayotgan faol muloqotning tashabbuskoriga aylandi.

«Deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik koʻrsatib bosh­qalarga oʻrnak boʻlishi lozim».

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Bugun barcha islohot, oʻzgarish va yangi loyihalar xalqimizni rozi qilish, odamlarning muammolarini tinglash va ularga oʻz vaqtida yechim topish, fuqarolarning ishonchini oqlash hamda ogʻirini yengil qilishga qaratilgan.

Jamiyatdagi mavjud kamchiliklarni aniqlash, aholi bilan yaqindan muloqot qilishda xalq vakillari boʻlgan deputatlarning oʻrni va roli muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maʼnoda, xalq vakillari faoliyatida saylovchilar deputat oldiga emas, deputat oʻz saylovchilari huzuriga borishi shart, degan tamoyil ustuvorlik kasb etdi. Xususan, ilgari deputatlar oʻz saylovchilari bilan yilda ikki yoki uch marta muloqot qilgan boʻlsa, bugungi kunda bu boradagi ishlar muntazamlik kasb etib, xalq noiblari har oyning oxirgi haftasini oʻz saylov okrugida oʻtkazmoqda.

Saylov okrugidagi vaziyatdan muntazam ravishda xabardor boʻlib borish maqsadida har bir deputat oʻz hududidagi Xalq qabulxonalari bilan doimiy aloqa oʻrnatdi. Ushbu hamkorlik joylarda saylovchilarni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va oʻz vaqtida hal etish, odamlarning dardu tashvishlarini tinglashida muhim omil boʻlmoqda.

Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar parlamentga aholini tashvishlantirib kelayotgan muammolarni chuqur oʻrganish, xalq va davlat institutlari oʻrtasida koʻprik boʻlish, saylovchilarning manfaatlarini toʻlaroq ifodalash imkonini berdi.

Bu boradagi ishlarni tashkil etishda deputatlar nafaqat fuqarolar tomonidan bildirilayotgan muammo va kamchiliklarni oʻrganmoqda, balki ijtimoiy hayotning muhim jabhalaridagi hal qilinishi lozim boʻlgan masalalarga xalqning fikri hamda aholi manfaatlarini inobatga olgan holda alohida eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, insonlarning sogʻligʻini saqlash, tibbiy xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirish masalalariga Qonunchilik palatasi masʼul qilib belgilanganligi deputatlarimiz ishiga yangicha muhim yoʻnalishni olib kirdi.

Bugungi kunda Qonunchilik palatasida tuzilgan Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha parlament komissiyasi ishtirokida hududlarda oʻrganishlar oʻtkazilib, sohadagi mavjud muammolar aniqlanmoqda va ularni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda. Deputatlar tomonidan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi keng qamrovli faoliyat alohida mavzu boʻlib, u doimo xalq vakillarining diqqat markazida turadi.

Hozirgi kunda parlament aʼzolari qonun ijodkorligini amalga oshirish bilan birga, har oyda hududlarga chiqib, muayyan masala va muammolarni oʻrganmoqda. Jumladan, oʻtgan davrda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish, taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kabi dolzarb masalalar xalq vakillarining doimiy eʼtiborida boʻldi.

Deputatlar tomonidan “temir daftar”ga kiritilgan aholini qoʻllab-quvvatlash, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” asosida ishsiz yoshlar hamda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, joylarda odil sudlovni amalga oshirish, dehqon xoʻjaliklari hamda shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish borasida bajarilayotgan ishlarning holati atroflicha oʻrganildi. Ushbu oʻrganishlar yakunlari mahalliy Kengashlar sessiyalarida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi.

Shu oʻrinda deputatlar saylov okruglaridagi faoliyatining natijadorligini oshirish va saylovchilar bilan tizimli ish olib borish boʻyicha oʻz yechimini kutayotgan bir qator masalalar ham mavjudligini, xalq vakillarining aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish borasidagi faoliyatiga yangi mexanizm va samarali usullarni joriy qilish zarurligini taʼkidlab oʻtish lozim.

Keyingi paytlarda saylovchilar qator muammolarni koʻtarish bilan birga, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar ham bildirishmoqda. Deputatlar korpusi ushbu takliflarni chuqur tahlil qilgan holda, ularni qonun loyihalarida aks ettirishi, joylardagi tizimli muammolarni hal qilish boʻyicha qonun tashabbuskorligini yanada kuchaytirishi zarur.

“Mahalliy Kengashlarda ham, xuddi Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi, yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etiladi”.

Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Soʻnggi yillarda parlamentda yoshlarning oʻrnini kengaytirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, bugungi kunda Qonunchilik palatasi deputatlarining 9 nafari yoki 6 foizi 30 yoshgacha boʻlganlardir.

Bugungi kunda quyi palatadagi Yoshlar parlamenti aʼzolari qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga ertamiz egalarini jalb etish va qabul qilinayotgan qonunlarni yosh avlod orasida keng targʻib qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirishda faol qatnashmoqda.

Jumladan, oʻtgan davr mobaynida Qonunchilik palatasiga kiritilgan 19 ta qonun loyihasi yuzasidan Yoshlar parlamenti tomonidan navqiron avlodning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid takliflar tayyorlandi.

Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz tomonidan 30-iyun — Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda par­lamentda yigit-qizlarning ishtirokini oshirish, siyosiy yetuk va faol yoshlarni milliy parlament va mahalliy Kengashlar faoliyatiga yanada kengroq jalb etish borasida qator tashabbuslar ilgari surildi.

Shundan kelib chiqib, parlamentda kelajak vorislarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirish boʻyicha yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan qator vazifalar belgilab olindi. Xususan, eng avvalo “Biz parlamentda yoshlarni qoʻllab-quvvatlaymiz!” degan tashabbusni amalga oshirish orqali yoshlar va parlament oʻrtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi.

Shuningdek, siyosiy yetuk va faol yigit-qizlar parlament aʼzolariga biriktiriladi, Qonunchilik palatasi va Senatdagi kabi mahalliy Kengashlarda ham yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etiladi.

“Fraksiya va yoshlar”, “Deputat va yoshlar”ning toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotini oʻtkazish orqali yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ular oʻrtasida kitobxonlikni targʻib etish, fikrlari va takliflarini oʻrganib borish parlament aʼzolarining faoliyatida ustuvor vazifaga aylanadi.

“Xalqaro parlamentlararo aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirib borish bundan keyin ham deputatlarning doimiy eʼtibor markazida boʻlishi zarur”.

Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Bugungi kunda parlament nafaqat vakillik, qonun ijodkorligi, nazorat faoliyatini amalga oshirish, balki Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, ochiq, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi hamkorlikka qaratilgan tashqi siyosatni yuritishda ham faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, oʻtgan davrda Qonunchilik palatasining xalqaro parlamentlararo aloqalari mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarga mos ravishda yangi sifat bosqichiga koʻtarildi.

Oʻzbekiston dunyodagi eng nufuzli xalqaro parlament tashkilotlari boʻlgan Parlamentlararo Ittifoqda, YEXHT Parlament Assambleyasida, MDH Parlamentlararo Assambleyasida oʻzining aʼzoligini tikladi. Bu esa keng doiradagi masalalar boʻyicha samarali hamkorlik borasida qoʻshimcha imkoniyatlar eshigini ochdi.

Qonunchilik palatasining xalqaro aloqalari geografiyasini kengaytirish, jahon miqyosida mamlakatimiz milliy manfaatlarini himoya qilish, parlamentlararo guruhlar faoliyatini jonlantirish hamda bu borada taʼsirchan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari lavozimi joriy etildi. Ushbu yangi institutning joriy qilinishi parlamentning xalqaro parlamentlararo aloqalarini sezilarli darajada faollashtirdi.

Xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatida Oliy Majlisning faol ishtirokini taʼminlash, xalqaro maydonda mamlakatimizning tashabbuslarini ilgari surish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasi tasdiqlandi.

Oʻtgan davrda Oliy Majlisning xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha guruhlari va komissiyalarining ishlarini faollashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish choralarining koʻrilishi natijasida parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyati keskin jonlandi. Qonunchilik palatasida 2015 — 2019-yillarda 28 ta parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyat olib borgan boʻlsa, 2021-yilda ularning soni qariyb ikki baravar oshib, 53 taga yetdi.

Parlamentlararo hamkorlik guruhlari Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlash, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar toʻgʻrisida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazish, xorijiy davlatlar parlamentlari bilan tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish orqali oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Qayd etish joizki, oʻtgan davrda Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalaridagi majburiyatlari bajarilishi hamda xalqaro yoʻnalishda qabul qilingan “yoʻl xaritalari” ijrosi ustidan parlament nazorati kuchaytirildi. Jumladan, inson huquqlarini himoya qilishda parlamentning rolini oshirish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish, xorijiy investitsiyalar va tashqi savdo masalalariga oid tasdiqlangan koʻplab “yoʻl xaritalari” ustidan samarali parlament monitoringini amalga oshirish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Soʻnggi yillarda xalqaro yoʻnalishdagi qonun ijodkorligi ham sifat jihatidan sezilarli darajada oʻsdi. Jumladan, 2010 — 2014-yillarda xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish va xalqaro hujjatlarga qoʻshilishga qaratilgan 20 ta qonun loyihasi koʻrib chiqilib, qabul qilingan boʻlsa, 2015 — 2019-yillarda ushbu raqam ikki baravar oshib, 47 tani tashkil etdi.

Keyingi yillarda milliy parlamentimizning nufuzli xalqaro parlamentlararo birlashmalardagi ishtirokini yanada kengaytirish, bunda mamlakatimiz manfaatlarini faol ilgari surish hamda amaliy natijadorlik nuqtayi nazaridan yondashish muhim masalalardan biriga aylanmoqda.

Xulosa oʻrnida aytganda, mustaqillik yillarida yurtimizda olib borilgan islohotlar bugungi tinch-osuda, farovon hayotimizga tamal toshi boʻlmoqda. Ayniqsa, keyingi besh yilda amalga oshirilgan shiddatli, koʻlamdor, taʼsirchan va natijador islohotlar mamlakatimizda parlamentarizm tizimining rivoji uchun katta turtki boʻldi.

Bugun mamlakatimizda barcha sohadagi islohotlar chuqurlashib, demokratik yangilanishlar oʻzining sifat jihatidan yangi pogʻonasiga koʻtarilib bormoqda. Eng muhimi, fuqarolarimiz ong-tafakkurida kechayotgan oʻzgarishlar yurtimizning qiyofasida inʼikosini topmoqda. Bunday oʻzgarishlarning tub ildizi esa davlatimiz rahbari ilgari surgan Harakatlar strategiyasida va umuman, soʻnggi besh yilda amalga oshirilgan keng miqyosli islohotlardan iboratdir, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Davlat hokimiyati tizimida parlamentning rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar deputatlar korpusidan yanada faol boʻlishni, oʻz faoliyatiga yangicha ruh va mazmun-mohiyat olib kirishni taqozo etmoqda. Shu yoʻsinda deputatlar korpusi islohotlarning tom maʼnodagi tashabbuskori va madadkori boʻlish uchun bor salohiyatini ishga solgan holda, oʻz faoliyatini takomillashtirib boraveradi.

Nurdinjon ISMOILOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 
Qonunchilik palatasi Spikeri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?