Milliy forum: “Inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlashda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning hamkorligi” mavzusiga bagʻishlandi

17:10 24 Avgust 2022 Jamiyat
448 0

Toshkent shahrida “Inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlashda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning hamkorligi” mavzusida milliy forum boʻlib oʻtdi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida tashkil etilgan Milliy forumda 300 dan ortiq ishtirokchi, shu jumladan deputatlar, senatorlar, shuningdek diplomatik korpuslar, xalqaro tashkilotlar, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Forumni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Konstitutsiyaviy komissiya raisi, yuridik fanlar doktori, akademik Akmal Saidov va Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha Vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova kirish soʻzlari bilan ochib berishdi.

Milliy forumning Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov moderatorlik qilgan yalpi majlis qismida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi Kamoliddin Ishanxodjayevning “Nodavlat notijorat tashkilotlar – inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilishda fuqarolik jamiyatining muhim instituti”, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi Shuhrat Bafayevning “Konstitutsiyaviy islohotlar va unda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki” mavzusidagi maʼruzalari tinglandi.

Tadbirning shuʼbalardagi jarayonlarida, jumladan, “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollari” nomli 1-shuʼbasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov moderatorlik qildi.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi raisi A.Shodmonov “Nodavlat notijorat tashkilotlarning ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha va dasturlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash: inson huquqlari garovi”;

“Yangi media taʼlim” markazi direktori oʻrinbosari G.Shukurova “Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ommaviy axborot vositalarining roli”;

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari A.Toshev “Oʻzbekistonda barcha millat va elatlarning ijtimoiy va madaniy huquqlarini taʼminlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar”;

“Ekomaktab” ekologik-resurs markazi vakili N.Shivaldova “Atrof-muhitni muhofaza qilishda fuqarolar va jamoat birlashmalarining huquq hamda majburiyatlari”;

Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi raisi Sh.Abidova “Fuqarolarning tashabbuslarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash – volontyorlik harakatining asosiy maqsadi”;

Samarqand viloyati “Imkon” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi raisi F.Raxmatov “Nodavlat notijorat tashkilotlar uyi – fuqarolik jamiyati tashabbuslari laboratoriyasi” mavzusida maʼruza qildilar.

Milliy forumning “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov moderatorlik qilgan “Inson huquqlarini himoya qilish va taʼminlashda jamoatchilik nazoratining oʻrni” nomli 2-shuʼbasida inson huquqlari sohasida huquqiy savodxonlikni oshirish va aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatishning ahamiyati; yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilishda va imkoniyatlarini kengaytirishda jamoat birlashmalarining salohiyati; xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirishda hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalashda davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlarning hamkorligi; mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari hamda odam savdosidan jabr koʻrgan shaxslar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy loyihalar natijadorligi masalalariga bagʻishlangan maʼruzalar eshitildi.

Taklif etilganlar qatorida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov ishtirok etdi va ommaviy axborot vositalariga intervyu berish orqali tadbir haqidagi fikr-mulohazalarini bildirdi.

Muhokamalarda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini kuchaytirish yuzasidan takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbir yakunida inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga hissa qoʻshib kelayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarning bir guruh faol vakillari taqdirlandilar.

Milliy forum soʻngida qabul qilingan hujjat inson huquqlarini himoya qilish jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga, ularning davlat organlari bilan hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер