Millatning yangilanish falsafasi

20:50 10 Sentyabr 2021 Jamiyat
158 0

Har bir davr oʻziga xos siyosiy vaziyati, ilgʻor gʻoya va fikrlari bilan ijtimoiy hayot rivojiga taʼsir koʻrsatadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga bergan intervyusida aynan ana shunday taraqqiyot qonuniyatlarining mazmuni, koʻzlangan maqsad-vazifalarning mohiyatini ochib berishga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.

Siyosiy fanlar doktori, professor Toʻlqin ALIMARDONOV bilan suhbatimiz oʻtish davrining dolzarb muammolari tahliliga bagʻishlandi.

— Bizga maʼlumki, islohotlar gʻoya sifatida odamlar ongu shuurida, qachonki, mafkuraga aylansagina, amaliy faoliyat turiga koʻchib oʻtadi. Yaʼni, ijtimoiy taraqqiyot qonuniyatlarining oʻzi jamiyatni, insonni yangilanishiga majbur qiladi. Shu sababdan har qanday islohotlar davr va makon oʻzgarishlarining mohiyatiga hamohang rivojlanmasdan, yangilanmasdan turib taraqqiyot topmaydi. Mazkur masalaga qanday qaraysiz...

 Bu juda nozik masala, chunki davlat yangi gʻoyalarni ilgari sursayu, fuqarolar uni idrok etolmasa va amalda roʻyobga chiqarishga intilmasa yoxud fuqarolar yangi oʻzgarishlarni xohlasalaru, lekin siyosat uni taʼminlab berishga qurbi yetmasa, ijtimoiy ziddiyatlarning vujudga kelishi shu mutanosiblikdan boshlanadi, — deydi Toʻlqin Alimardonov. — Ushbu ikkala omil uygʻunlashsagina, unda yangilanish ortga qaytmas milliy harakatlarga aylanadi. Bu jarayon bir zumda vujudga kelmaydi. U adashish, ikkilanish, tajriba va baʼzida muayyan ijtimoiy nizolar orqali kechadi. Shuning uchun tabiiy rivojlanish jarayonlarini bosib oʻtish barcha xalqlarga xosdir. Lekin, uni amalda taʼminlashga erishish hamma xalqlarga ham nasib etavermaydi.

Yangilanish va oʻzgarishlar ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy, madaniy, siyosiy sohalar orqali amalga oshirilishi, har bir sohaning miqdoriy, meʼyoriy, strukturaviy holatining almashinuvi natijasida sifat koʻrsatkichlarning vujudga kelishi bilan yakuniga yetadi. Lekin har qanday oʻzgarishlar rivojlanishni taʼminlamasligi mumkin.

— Nazarimizda, mustabid tuzumdan meros qolgan asoratlarning tugamaganligi yangi muammo va vazifalarni oldimizga koʻndalang qoʻymoqda. Millat, uning har bir fuqarosi bugungi jamiyat taraqqiyoti chaqiriqlariga uygʻun yangilanmas ekan, rivojlanish odimlari siyosiy islohotlar bilan roʻyobga chiqishi ogʻir kechadi. Qonuniyat esa, yuksalish sari yoʻnaltirilmas ekan, kechagi oʻtmish tarixning jarayonlarini takrorlab kelaveradi, degan fikrga nima deysiz.

 2017-yilda davlatimiz rahbari tomonidan boshlangan yangilanish siyosati boshqaruv usullarini yangi sifat va talablar darajasiga koʻtarish bilan mamlakatni harakatga keltirdi. Uzoq yillik turgʻunlik davridan keyin milliy uygʻonish sari ilk qadamlar tashlandi... Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashda oʻziga xos yangi yondashuvning institut sifatidagi shakllanishida namoyon boʻldi. Mazkur institut xalqning armoniga aylanib kelgan dardu va iztiroblariga malham boʻldi. Binobarin, dastlabki bosqichda 2017-yilda Xalq qabulxonalariga 1 mln. 500 ming murojaat kelgan, shundan 1 mln.dan ziyodi ijobiy yechim topgani bu ijtimoiy “yara”ning nechogʻli darajada katta ekanidan dalolat beradi.

Davlat xizmati institutini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi taʼsirchan kurash tizimini joriy etish strategik vazifalarning asosini tashkil qildi. Asosiy maqsad — professional, tezkor va samarali davlat xizmati tizimini shakllantirish, yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli kadrlarga keng yoʻl ochib berish boʻyicha samarali tizim ishlab chiqishga qaratildi. Bu jarayonlar bevosita hokimiyat boʻgʻinlarini rivojlantirishga oid masalalarni hal etishni taqozo qildi. Konstitutsiya va boshqa qonunlarga Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va davlat qoʻmitalari raislari nomzodini Bosh vazir taqdimiga binoan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullash va Prezident tomonidan tasdiqlash tartibini belgilash boʻyicha oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Davlat maʼmuriy boshqaruv strukturasining oʻzgartirilishi fuqarolar uchun bilinmas tashkiliy taʼmirlashlar qatoriga kirsa-da, jamiyat ravnaqi uchun uning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati juda katta. Birinchidan, Prezident oʻz vakolatlarini ijro va qonun chiqaruvchi hokimiyat zimmasiga yuklash barobarida markazlashgan avtoritar boshqaruv unsurlarini cheklaydi. Ikkinchidan, ijro hokimiyati faoliyati mustaqilligini taʼminlaydi. Uchinchidan, xalq vakillari — deputatlar nazoratini oʻrnatish bilan ular faoliyatini jonlantirishning huquqiy shart-sharoitlari yuzaga keladi.

— Davlat va jamiyat boshqaruvi tizimlarini takomillashtirmasdan turib, mamlakat hayotini modernizatsiya qilib boʻlmaydi. Boshqaruvning shaffof va samarali mexanizmlarining joriy etilishi, u qanchalik murakkab, baʼzida ayrim guruh manfaatlariga teskari kelmasin, monopoliyadan holi raqobat muhitini shakllantirmasdan yuksalish sari yurib boʻlmaydi. Xoʻsh, bu borada muammo nimada?

 Muammo, birinchidan, Prezident tomonidan qoʻyilayotgan keng koʻlamli vazifalarning katta bosimini hazm qila olmayotgan tizimning yangilanish jarayoni ogʻir kechayotganida, ikkinchidan, shu vazifalar mohiyatini anglaydigan elektoratning oqsoqligida, deb hisoblayman. Oʻz davrida qator farmonlarning eʼlon qilinishi ham aslida biri-ikkinchisiga bogʻliq boʻlgan sohalarni birvarakayiga rivojlantirish, ularga yangi impuls berish, ijtimoiy jarayonlar daʼvatidan ortda qolgan ehtiyojlarni qondirish maqsadlari bilan belgilanadi. Boshqaruvning har bir sohasida tashkil etuvchi, yetaklovchi, ijro qiluvchi qismlar mavjud boʻladi. Bundan tashqari, har qanday sohaga ichkaridan va tashqaridan taʼsir koʻrsatuvchi tizimlar mavjud boʻladi. Ular salohiyatli, yangilanish falsafasi bilan toʻyingan rahbar kadrlarni tanlash orqali uygʻunlikka keladi. Boshqaruv tizimi yangilanib, uni joriy etuvchi unsurlarning mazkur talablarni suiisteʼmol etilishi kutilgan natijalarni bermaydi. Shuning uchun bugungi boshqaruv ijrochilarni emas, “arxitektor-muhandis”larni, yorqin izlanuvchan kreativ qiyofalarni talab qilmoqda. Shu tariqa aytish mumkinki, talab va ehtiyojlar qonuniyati bu faqat iqtisodiy kategoriya emas – u jamiyatning rivojlanish falsafasi. Uni idrok etgan rahbarlargina davrning talablariga javob bera oladi. Albatta, rahbarlarning barchasi ham el-yurt oʻrtasida yetarli obroʻ-eʼtiborga ega emasligi xalqning oʻrinli tanqidlariga uchrab turibdi.

— Ammo, bugun tafakkur yangilanishlari bilan bogʻliq boʻlgan tafovutlarga qaramasdan, davr daʼvatlariga koʻra, yangi tafakkurli amaldorlarning qiyofasi vujudga kelayotir. Odamlar bilan muloqot qurish, ehtiyojlariga tezkor javob berish zamonaviy uslubiyatga aylangan birinchi yetakchining faoliyat mezonlari quyi rahbarlarning yangi ish uslubiga aylanib borayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. Zamonaviy rahbarlar endi oʻzlarining yaqinlashib boʻlmaydigan ofislarida oʻtirmayapti, baʼzida kerak boʻlsa, ijtimoiy tarmoqlarda faol muloqot qilish madaniyatini ham egallab, muammolar haqida gapirishdan choʻchimayapti.

— Soʻnggi yillardagi bunday ijobiy oʻzgarishlar hammamizni quvontiradi. Vazirlar va idora rahbarlari OAV orqali hisob berishmoqda. Oʻz hududlari istiqbollarini aniq tasavvur qilishmoqda, investitsiya, ilgʻor innovatsion loyihalar ustida bosh qotirishmoqda, joylarda kambagʻallikni bartaraf etishga doir vazifalar ijrosi borasida aholi huzuriga borishmoqda, keskin vaziyatlarni joylarda hal qilish choralarini koʻrishmoqda. Ayniqsa, tumanlarda toʻrtta sektorning oʻzaro mustahkam aloqada ishlashi davlatning asosiy masalalarini joylarda, manzilli hal etishning yangi shakllarini yaratishga olib keldi. Bugungi kunga kelib rahbar va fuqaro oʻrtasida deyarli masofa qolmayapti.

Davlatimiz rahbari milliy liberal mafkuraga sodiq qolgan holda, ijtimoiy yoʻnaltirilgan siyosatni tanladi, buni soʻnggi yillarda qabul qilingan koʻplab qonunlar va qarorlar tasdiqlab turibdi. Binobarin, qonunlar jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvvatlash, monopol toʻsiq va cheklanishlarning oldini olish, korrupsion illatlarga murosasiz kurashish, xalqning bunyodkorlik va yaratuvchanlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish kabi davrning ruhini ifoda etayotganini eʼtirof etish lozim. Qonunlarning jamoatchilik muhokamasidan oʻtish tajribasi bugun kerakli va muhim qonunlar yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Bu oʻzgarishlar “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “soʻz erkinligi”, “din va eʼtiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy koʻnikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotganligidan dalolat bermoqda.

— Pandemiya inqirozi oʻz koʻlami borasida 2008-yilgi jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozidan bir necha barobar ogʻirroq kelganligi olimlar tomonidan eʼtirof etilmoqda. Ayrim davlatlarda pandemiya ishlab chiqarish sohalarini falaj holatga olib keldi. Aholining real daromadlari tushib ketdi, jamiyatda ruhiy va maʼnaviy xastalik alomatlari tobora oʻsib, jinoyatchilik ortib ketmoqda, odamlar sarosimaga tushib qoldi. Hattoki, rivojlangan ayrim davlatlarning ijtimoiy yordam koʻrsatishiga ham qurbi yetmayapti.

— Toʻgʻri aytasiz. Bu borada Oʻzbekiston rahbariyatining tezkor va izchillik bilan tashkil etgan chora-tadbirlari oʻzining ijobiy samarasini berdi. Albatta, dastlabki kunlar aholini sarosimaga solgani ham toʻgʻri gap. Iqtisodiy oʻsish surʼatlariga salbiy taʼsir koʻrsatgani ham rost. Lekin xalq bu sinovlarda yanada jipslashgan, uyushqoq va irodali boʻlib chiqdi. Ana shu ogʻir kunlarda shifoxonadan chiqqan fuqarolarning “Davlatim qoʻlini va kuchini his qildim” degan fikrlari yangilanish va oʻzgarishlar falsafasining natijasidan dalolat beradi.

Pandemiya sharoitida xalqimizning vazmin, bosiq mulohaza va kuchli irodaviy fazilatlari davlat va jamiyat manfaatlarining mushtarak intilishlarini namoyon qildi. Aholining real daromadi va shunga muvofiq ijtimoiy himoyasi, turmush darajasining tushib ketmasligi borasida amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Prezident qoʻshimcha sarmoyalarni izlab topish, ogʻir sharoitda noanʼanaviy muammolar yechimini hal qilish, jamoatchilikni safarbar qilish, xalqaro xayriya jamgʻarmalar investitsiya oqimini mahorati bilan Oʻzbekiston manfaatlariga bura oldi. Ochigʻini aytganda, davlatning bunday xalqchil siyosati va fuqarolari boʻyicha gʻamxoʻrligini uncha-buncha davlatlar eplay ololmayotir.

— Albatta, ogʻir damlarda davlat rahbarining siyosiy irodasi. Temir intizomi va tashabbuskorligi ish beradi. Koʻp yillar mobaynida ortga tashlab kelingan jamiyatning ogʻriq kambagʻallik nuqtasi Shavkat Mirziyoyev tomonidan birinchi bor tan olinishi uning siyosiy irodasidan dalolat beradi.

 Agar olimona tahlil qilsangiz, yurtboshining maʼnaviy masʼuliyati, iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi iqtisod uchun emas, balki jamiyatda kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishdan iborat ekani ravshan boʻlmoqda. Maqsadlarning amaliy ifodasi Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga kambagʻallikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlarda oʻz aksini topmoqda. Uysiz, boshpanasiz, nogironlar, yolgʻiz qariyalar, onalar, norasta goʻdagu, voyaga yetmagan bolalar va himoyasini tashkil etish uchun shu achchiq haqiqat yuziga tik borish aslida, yetakchi uchun jasorat. Har bir tiyini hisobda boʻlgan davlat uchun millionlab ehtiyojmand odamlarni arzon uy-joy bilan ertaga emas, bugun taʼminlashning imkoniyatlarini qidirib topish, menimcha, elparvarlik ifodasi. Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, keyingi 25 yil davomida birinchi marta aholi uchun arzon, barcha qulayliklarga ega boʻlgan koʻp qavatli uy-joylar qurilishi muayyan davlat tizimiga aylantirildi. Buning tasdigʻini soʻnggi toʻrt yilda avvalgi yillarga nisbatan 4-5 barobar koʻp uy-joylar barpo etilgani, bu yilning oʻzida 54 ming oilani yangi uy-joylar bilan taʼminlash boʻyicha keng koʻlamdagi qurilish ishlari olib borilayotgani misolida yaqqol koʻramiz.

Dasturlarga muvofiq kambagʻallikni yoʻqotish borasida aniq manzilli rejalar tatbiq etilmoqda. “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturlari doirasida 252,7 mingdan ortiq aholi tadbirkorlikka jalb etildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” asosida davlatning ijtimoiy himoyasi xalqchil yondashuvning oʻziga xos koʻrinishi sifatida namoyon boʻlmoqda. Ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan ishlash boʻyicha yangi tizim joriy etildi. “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarning 16 yoshga toʻlmagan bolalarning har biriga 500 ming soʻmdan bir martalik yordam toʻlovlari toʻlab berildi.2021-yildan boshlab ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq miqdorini byudjetdan toʻliq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Natijada joriy yilning ikkinchi yarmida 170 milliard soʻm, kelgusi yilda 500 milliard soʻm mablagʻ 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qoladi.Talaba yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi tizim asosida yotoqxona bilan taʼminlanmagan 62 ming nafar oʻgʻil-qizlarimizga oylik ijara toʻlovining 50 foizi byudjetdan toʻlab beriladigan boʻldi.

— Darhaqiqat, islohotlar koʻlami kengaymoqda. Yillar mobaynida toʻplanib qolgan ayrim ichki va tashqi muammolarimiz hal etilmoqda...

 Oʻrni keldi, muammolardan baʼzilarini sanab oʻtsam. Misol uchun, 1995-yilgacha yurtimizga koʻchib kelganlarga Oʻzbekiston fuqaroligini toʻgʻridan-toʻgʻri berish tartibi tavsiya etilishi, 50 ming nafardan ortiq shaxslarga fuqarolik olish imkoniyatining yaratilishi yangi siyosatning insonparvar falsafasini belgilaydi. Kelgusi yildan 2005-yilgacha mamlakatga kelib doimiy yashayotgan, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ham toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston fuqaroligini berish koʻzda tutilishi yillar davomida aholining armoniga aylanib kelayotgan orzulari ushalishidir.

Yana shunday ogʻriqli nuqtalardan biri, bu — Oʻzbekistonda majburiy mehnat masalasi edi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Toshkentni doimiy tanqid ostiga olib kelgan. Oʻqituvchilar, sogʻliqni saqlash xodimlari va talabalar tomonidan ixtiyoriy majburiy mehnatdan foydalanish paxta dalalarida, ham koʻchalarni tozalash va obodonlashtirish ishlariga muntazam ravishda jalb yetilib kelingan. Ajablanarlisi shundaki, oʻzbek paxtasi dunyodagi yetakchi kiyim ishlab chiqaruvchilarning qora roʻyxatiga kiritilgan edi. Ammo bu boradagi ijobiy oʻzgarishlar natijasida 2018-yil sentyabr oyida Qoʻshma Shtatlar oʻzbek paxtasini bolalar mehnati evaziga ishlab chiqarilgan tovarlar roʻyxatidan chiqarib tashladi. Ayni paytda, bu borada qabul qilingan qator meʼyoriy hujjatlar tez orada oʻz samarasini berdi.

— Jamiyatning yangilanishi falsafasi va ijobiy oʻzgarishlar taʼlimdan boshlanadi. Bu yillar mobaynida boy berilgan, hozirda anglab yetilgan, ammo hamon maʼrifatni izlayotgan xalqning birdan-bir najot yoʻli. Taʼlim va yoshlar tarbiyasiga doir davlat siyosati oʻzbekning yangi avlodini vujudga keltirishga, uning axloqiy qiyofasini, milliy kodini yaratishga qaratilgan.

 Taʼlim – millatning rivoji asosi, asosiy poydevori. Millat tarixida birinchi marta taʼlimning uzviy va uzluksiz tizimi hamda uning gʻoyaviy konsepsiyasini yaratishga erishildi. Maktabgacha taʼlim sohasini rivojlantirish, uning sifat-samaradorligini oshirish, maktab taʼlimi va oliy taʼlim uygʻunligini taʼminlash borasida jiddiy huquqiy asoslar yaratilmoqda. Ayniqsa, litsey va kollejlarning oliy taʼlim muassasalariga bogʻlanishi ham ilm-fan va iqtidor uygʻunligini taʼminlashga xizmat qiladi. Bunday yondashuv 3-4 yilda ijobiy samaradorligini berishi shubhasiz. Chunki bu yondashuvlarda xalqaro tajribalarda sinalgan izchil va mantiqiy qonuniyatlar mavjud. Bu qonuniyatlar mamlakat taraqqiyotining asosi sifatida ilm-fan va innovatsiyalar bilan bogʻlanmoqda.

Innovatsion loyihalar yoshlar oʻrtasida bandlikni taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi soha va ishchi oʻrinlarning ochilishiga imkoniyatlar yaratildi. Soʻnggi toʻrt yil ichida fanning jamiyatdagi mavqei, haqiqatan ham, tashkiliy va institutsional nuqtayi nazardan keskin tubdan yangi oʻzgarishlarga olib keldi. Professor-oʻqituvchilarning moddiy taʼminoti ancha yaxshilandi. Ilm-fanni ragʻbatlantirish mezonlari shakllantirildi, moliyalashtirish koʻlami sezilarli darajada oʻsdi. Oxirgi yillarda respublikamizda ochilgan oliy dargohlar soni ortdi, filiallar, sirtqi va kechagi oʻquv boʻlimlari tashkil etildi, qabul kvotalari 20 foizga ortdi. Bu, oʻz navbatida, raqobat muhitini vujudga keltirmoqda. Magistr va bakalavrlar uchun zamonaviy yoʻnalishlar ochilmoqda. Qator institutlar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga qaytarildi. Prezident farmoni bilan 2030-yilgacha fanni rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilindi. 2021-yil Murojaatnomada yoshlarni ilm-fanga jalb qilish uchun yana yangi imtiyozlar paydo boʻldi. Bu ijobiy oʻzgarishlar roʻyxatini yana davom ettirish mumkin.

— Millat uchun murakkab va masʼuliyatli damlarda jamiyat rivojini belgilab berishga qodir “meʼmor”larning hamda yangilanish va yuksalishga daxldor gʻoyalarning vujudga kelishini davrning oʻzi taqozo etadi va bunday qonuniyat tarixda oʻz isbotini topgan. Bunday uygʻunlik jamiyatda ijtimoiy taraqqiyotni anglash, siyosiy islohotlarni belgilash, shunga mos yoʻl-yoʻriq tanlash, uning daʼvatlariga mutanosib islohotlarni belgilash, eng muhimi mushtarak milliy manfaatlarni shakllantira olish taraqqiyotning ortga qaytmas qonuniyatlarini vujudga keltiradi.

— Fikringizga qoʻshilaman. Mamlakatda strategik yangilanishlar 2017-yilning boshida tashqi faoliyatimizning ochiqligi, shaffofligi bilan boshlandi. Tashqi siyosatda pragmatik yondashuvni mezon qilib, mintaqaviy integratsion jarayonlarga boʻlgan munosabat oʻzgardi. Inson huquqlari va milliy manfaatlarni oʻzida mujassam etgan diplomatiyaga urgʻu berildi. Rasmiy Toshkent tashabbusi bilan qoʻshni Afgʻon Islom Respublikasining barqaror ijtimoiy-siyosiy rivoji hamda mintaqaviy xavfsizlik masalalari kun tartibiga qoʻyildi. Bu esa, oʻz navbatida, Rossiya, AQSH, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Yevropa ittifoqi davlatlari bilan munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish imkoniyatlarini kengaytirdi. Tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishlari, uning maqsad va vazifalari oʻzgardi. Xususan, islom dunyosi bilan munosabatlar qayta koʻrib chiqilib, turli sohalarda investitsion kelishuvlarga erishildi. Turkiy tilli davlatlar kengashiga qaytishimiz esa davlat rahbarining oqilona va uzoqni koʻzlab qilingan qarori boʻldi. Ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarimizda yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar hal etildi. Chegaralar ochildi. Qoʻshni – qoʻshnisi bilan, aka – ukasi, ota – bolasi, qarindosh – qarindoshi bilan uzilib qolgan aloqalarni tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kela boshladi. Viza masalalari hal etildi. Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda.

Vatandan tashqarida faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimiz muammolarini tan olish, ularni tizimli hal qilishga boʻlgan urinishlar soʻzsiz davlat rahbarining siyosiy irodasi bilan bogʻliq. Xorijiy konsulxonalar sonining oshishi va ishlash tizimining tubdan oʻzgarishi vatandoshlarimiz tomonidan ham eʼtirof qilinmoqda. Endilikda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar “bajarilgan” ishlarning quruq hisobotini markazga taqdim etish bilan emas, balki oʻziga biriktirilgan viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatgichlari bilan baholanadi.

Ekspertlar xulosasiga koʻra, islohotchilik imijiga Shavkat Mirziyoyev mamlakatning siyosiy tizimini isloh qilish va ochiq tashqi siyosat asoslarini vujudga keltirish orqali erishdi. Erkin-iqtisodiy hududlarni ochish, soliq imtiyozlarini joriy qilish va mamlakatda byurokratiya bilan bogʻliq muammolarni kamaytirish orqali hukumat xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilishda siyosiy yetakchining uzoqqa qaratilgan maqsadlarida namoyon boʻldi.

— Suhbatimiz xotimasida xulosalaringizni bildirsangiz.

— Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi oʻz pragmatizmi va siyosiy realizmi bilan murosasiz, ammo ichki qonuniyatlarga bogʻlangan, baʼzan siyosatchilar hazm qila olmaydigan, nazariy qoliplarga sigʻmaydigan oʻz taʼlimoti bilan yangilanish davri konsenpsiyasini vujudga keltirdi. Tashkil etilayotgan boshqaruvning yangi tizimlari aslida jamiyat va fuqarolarning mavjud ijtimoiy sharoitlari taqozosi yuzasidan kelib chiqayotganligini eʼtirof etish lozim. Binobarin, har bir davrning ehtiyojlari yangi yondashuvlarni talab qiladi. Davlat islohotlarida ana shu qonuniyatlarga amal qilish rivojlanishning kafolati boʻlib xizmat qilmoqda. Shu maʼnoda, davlatchilik asoslarini mustahkamlash, uning mustaqil murvatlarini tashkil etish borasida hali-hamon oʻz yechimini kutib kelayotgan vazifalar koʻp. Albatta, qisqa davrda ichida xalq va mamlakat taqdiri bilan bogʻliq muammolarning barchasini birdan hal etish mushkul ish. Ammo buncha masala yechimiga javob izlash va tinimsiz harakatda boʻlish ulkan saʼy-harakat, tashabbuskorlik, bilim va tajribani talab qiladi. Eng muhimi, bugungi kunda yurtimizdagi jadallik bilan yuz berayotgan rivojlanishlar xalqning maʼnaviy-ruhiy ehtiyojiga aylanib, ortga qaytmas harakatga aylanib bormoqda. Asosiysi, shu asnoda odamlarning fikri, dunyoqarashi oʻzgarmoqda. Endi ular hamma narsaga koʻr-koʻrona ishonadigan, kim nima desa, orqasidan ergashib ketaveradigan, hayotning pastu balandi, ishning foydayu zararini bilmaydigan, olib kelsa – yeydiganlar xilidan emas. Aksincha, ular har bir narsani aql tarozisida oʻlchab koʻradigan, oʻzining, yurtining manfaatlari uygʻunligini anglagan holda, davlat va hokimiyat organlari bilan sherikchilik qiladigan, ularning faoliyatini ongli ravishda kuzatib boradigan, oʻz hayotining bunyodkori boʻlgan fuqaroviy pozitsiyasiga ega fuqarolarga aylanib bormoqda. Shu maʼnoda, mamlakatimizdagi islohiy vazifalar koʻlami ilmiy-nazariy hisob-kitoblari olinganda, bugun yuz yillik, kechagi boy berilgan davrning vazifalari yuklanayotganga oʻxshaydi.

Tabiat bagʻrida tabiiy qayta tiklanish qonuniyatlari mavjud boʻlgani kabi, inson irsiyatida ham evrilish, tanazzul va yana qayta tiklanish, yuksalish jarayonlari ham kechadi. Davlat idoralari xalqiga xizmat qilsa, islohotlar tashabbuskori xalq boʻlsa, yangilanayotgan millatning orzu-istaklari roʻyobga chiqishiga ishonamiz.

Baxtiyor OMONOV
(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?